Jahon | 12:01 / 18.12.2016
4599
3 daqiqa o‘qiladi

Dubaydagi to‘rt metro bekatida interfaol xaridlar uchun Smart Mall ochiladigan bo‘ldi

Foto: Emirates 24|7

Transport ma'muriyati (RTA) rahbari va direktorlar kengashi raisi Mattar At-Tayir Dubayning to‘rt metro bekati - Abu Dhabi Commercial Bank Station, Damac Station, Dubai Internet City Station va Emirates Towers Station'da Smart Mall ochilishi haqida e'lon qildi. Emirates 24|7 nashri shu haqida xabar berdi. 

RTA'ning bu loyihasi Dubayni dunyoning eng "aqlli" shahriga aylantirish borasidagi chora-tadbirlar doirasida amalga oshiriladi. 

"RTA va Etisalat hamkorligidagi Smart Mall konsepsiyasi Dubay metrosida 9 kvadrat metrni qamrab olgan interfaol, yuqori aniqlikdagi 3D raqamli ekran orqali "aqlli" xaridlarni amalga oshirish imkonini taqdim etuvchi ilk tajribadir", - dedi At-Tayir.  

Manbaga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari sotuvidan boshlangan ilk loyiha tajribasining muvaffaqiyatidan keyin Smart Mall xizmatlarini kengaytirishga qaror qilingan. Kiyim-kechak va elektronika kabi tovarlar keyingi bosqichda qo‘shiladi. To‘lovlar kredit kartasi yordamida amalga oshiriladi. RTA to‘lov usullarining boshqa variantlari (nol karta yoki mobil telefon)ni ham ko‘rib chiqmoqda. 

"Raqamli va intellektual texnologiyalar BAAdagi hayotning kelgusi modellariga zamin yasaydi. Biz Smart Mall loyihasining boshlang‘ich bosqichi muvaffaqiyatidan keyin uning ikkinchi bosqichini ishga tushirishda RTA bilan hamkorligimizdan faxrlanamiz. Bu muvaffaqiyat Etisalat'ning raqamli muhitni modernizatsiyalashda kiritgan ulkan investitsiyalari natijasidir", - dedi Etisalat kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘limi  direktori Salvador Anglada. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Etisalat va RTA raqamli kelajak imkoniyatlarini kengaytirish va murakkab smart-tuzilmalarni qurishga doir ijodiy qarorlarni tatbiq etish yo‘lida birga ishlashda davom etishadi. 

Dubay tezkor hayot tempiga ega bo‘lgan shahar hisoblanadi, shu bois Smart Mall tezkor hayot tendensiyasi bilan yaxshi uyg‘unlashadi. Bu odamlarga yurgan yo‘lida xaridlarni amalga oshirish imkonini beradi. Endi xaridlar uchun do‘kon aylanib, alohida vaqt ajratishga hojat qolmaydi. Bunday xaridlar og‘ir ish kunidan keyin odamlarning vaqtini ham tejaydi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева

Mavzuga oid