Jamiyat | 16:52 / 30.09.2025
20537
4 daqiqa o‘qiladi

“Dadamga tegmanglar, iltimos” – Farg‘onada ichki ishlar xodimlari fermerga to‘pponcha o‘qtaldi

Rishton tumani hokimi topshirig‘i bilan “Buloqboshi gulshani” fermer xo‘jaligi rahbari G‘ayratjon Xayrullayev xonadoniga borgan IIB xodimlari g‘alla rejasi bajarilmaganini sabab qilib, unga to‘pponcha o‘qtalgan. Xodimlar jismoniy kuch ishlatgan holda fermerni olib ketishga uringan. Dadasiga tegmaslikni aytgan farzandiga e’tibor bermagan, keksa onasini esa itarib yuborishgan. Yiqilgan onaxon hushidan ketgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari fuqaroga uning xonadonida to‘pponcha o‘qtalib kuch ishlatgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Kun.uz muxbiri holat yuzasidan izoh olish uchun Rishton tumani hokimi Bahodir Xoliqov va “Buloqboshi gulshani” fermer xo‘jaligi rahbari G‘ayratjon Xayrullayev bilan bog‘landi.

G‘ayratjon Xayrullayevga ko‘ra, haqiqatan ham uchastka nozirlari uning yashash xonadonida g‘alla rejasini bajarmaganlikda ayblab, to‘pponcha o‘qtalib onasini turtib yuborishgan:

7 iyul kuni Rishton tumani Buloqboshi qishlog‘idagi dala maydoniga paxtaga o‘g‘it berayotgan edim. IIB xodimlari kelishdi. Kechki payt soat 19:30 lar edi. Xodimlarga uyimga borib turaveringlar yuvinib taranib o‘tib boraman dedim. 3 nafar xodim orqamdan keldi.

Sizni kutib turamiz deyishdi. Men kiyimni almashtirgani ichkariga kirdim. “Uchastkavoy”lar G‘olib To‘lanov va Nodir Abdurahimov odatda yig‘ilish bo‘lsa aytgani kelishardi. Bu safar ham yig‘ilish bo‘lsa kerak deb o‘yladim.

To‘satdan uchastka nozirlari orqamdan kirib, to‘pponcha o‘qtalgan holda qo‘limni qayirib, otib tashlayman, o‘ldiraman, bu yoqqa yur deb baqira ketishdi. To‘pponcha o‘qtalgani “Buloqboshi” MFY uchastka noziri G‘olib To‘lanov edi. Yetmishga kirgan onam bu holatni ko‘rib, o‘rtaga tushib, nima bo‘ldi, bunaqa qilmanglar, deganida “uchastkavoy” onamni itarib yubordi. Onam yerga yiqilib tushib hushidan ketdi. Onamning mazasi qochgandan keyin “uchastkavoylar” xohlagan joyingga murojaat qil, deya baqir-chaqir qilib, uyimdan chiqib ketishdi. Bir hafta shifoxonada yotib zo‘rg‘a o‘ziga keldi bechora onam.

Birjaga 17 tonna don qo‘yganman. Uyimga bir kilo ham don yashirmaganman. G‘alla topshirish rejasini bajargan edim. Bularning asl maqsadini bila olmadim”, deydi fermer.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tumandagi yana bir fermer xo‘jaligi rahbari Azizbek Tojiboyev paxtaga kimyoviy o‘g‘it purkash uskunasini hokimlikka topshirmagani uchun 5 sutkaga qamalgan.

Rishton tumani hokimi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoni hali ko‘rmagani, IIB xodimlari fermerga to‘pponcha o‘qtalmaganini aytdi:

Endi bu masala shundayki, hammaning o‘z huquqi bor, majburiyatlari ham bor-da. Fermerning g‘alla, paxta masalasida davlat oldidagi majburiyatlari bor, shuni bajarishi kerak. Bundan keyin ikkinchisi, o‘g‘it masalasi. O‘g‘itni sifatli qilib tayyorlash, sababi ertaga o‘ziga yaxshi bo‘ladi, hosildorligi yaxshi bo‘ladi. Shu narsani ichki ishlar xodimi borib to‘g‘ri tushuntirib, “Ey, og‘ayni, ertaga “defoliatsiya” qilasan, “defoliatsiyang” sifatli bo‘ladi, hosildorliging oshadi”, deb aytishgan.

G‘alla balki fermer uyidadir, boshqadir... Xodimlar davlat rejasi bajarilishi bo‘yicha borishgan, xolos. Boshqa hech qanaqa narsa yo‘q bu yerda.

Endi men voqea joyida bo‘lmaganman. To‘pponcha va elektroshoker qo‘llash holati bo‘lmagan. Ijtimoiy tarmoqlarga tarqalgan videoni ham ko‘rmadim hali. Videoni ko‘ray, keyin sizga aytib yuboraman”, deya holat bo‘yicha izoh berdi Rishton tumani hokimi Bahodir Xoliqov.

Bahodir Xoliqov, Rishton tumani hokimi

Ma’lumot uchun, Rishton tumaniga 2023 yil avgustdan Bahodir Xoliqov hokimlik qilib keladi.  

Mavzuga oid