O‘zbekiston | 12:59 / 06.02.2026
1072
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston–Pokiston: savdo, investitsiya va logistika bo‘yicha yangi “yo‘l xaritasi” tayyorlanadi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 fevral kuni Islomobodga davlat tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif bilan birgalikda qo‘shma biznes forumida qatnashdi. Forumda iqtisodiy hamkorlikka yangi sifat bag‘ishlash va o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan bayonnoma imzolandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tadbirda ikki mamlakatning 300 dan ortiq yetakchi sanoat korxonalari va savdo kompaniyalari, tarmoq tashkilotlari hamda ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi. Pokiston tomonidan PEL, Waves Singer, Fauji, Engro, Fatima Group, Pakistan Steel Mills, Fast Cables kabi yirik kompaniyalar ham qatnashdi.

Davlat rahbari o‘z nutqida oliy darajadagi muzokaralar O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarini, ayniqsa savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy yo‘nalishlarda rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berganini ta’kidladi. Shuningdek, hamkorlik tarixida ilk bor iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish va savdo hajmini 2 mlrd dollarga yetkazishni ko‘zda tutuvchi bayonnoma imzolangani qayd etildi.

Ikki mamlakat mutasaddilariga hamkorlik bo‘yicha kompleks “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish hamda yuzaga keladigan masalalarni tezkor hal etish mexanizmini joriy qilish topshirildi.

Prezident iqtisodiy sheriklikning ustuvor yo‘nalishlarini sanab o‘tdi. Jumladan, farmatsevtika va tibbiyot, yengil sanoat, kon-metallurgiya va geologiya, oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi. Pokiston kompaniyalari O‘zbekistonda dori vositalari, biotexnologiyalar va tibbiy asbob-uskunalarni mahalliylashtirish loyihalariga taklif etildi. Toshkent farmatsevtika parkida pokistonlik investorlar uchun qulay sharoitlar yaratilishi aytildi.

Yengil sanoatda xalqaro brendlar uchun tayyor to‘qimachilik mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarishda katta salohiyat borligi qayd etildi. O‘zbekiston tomoni to‘qimachilik korxonalarini ishonchli boshqaruvga berish, shuningdek pokistonlik hamkorlar uchun alohida charm sanoati zonalarini tashkil etishga tayyor ekani bildirildi.

Qishloq xo‘jaligida go‘sht, kartoshka va guruchni birgalikda yetishtirish, urug‘chilik va seleksiya yo‘nalishida Pokiston Milliy genomika instituti bilan sheriklik istiqbollariga e’tibor qaratildi.

Transport-logistika sohasida o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish savdo hajmini oshirishning muhim sharti ekani ta’kidlandi. “Pokiston–Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston” yo‘nalishi bo‘ylab yuk tashish yo‘lga qo‘yilgani, Lahor va Islomobodga aviaqatnovlar amalga oshirilayotgani, Transafg‘on temiryo‘li loyihasi ilgari surilayotgani aytildi. Aprel oyidan Karachiga yuk reyslari va Lahorga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘lovchi reyslari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Hududlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida joriy yilda birinchi hududlararo forumni o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston yetakchisi va Pokiston bosh vaziri erishilgan kelishuvlar to‘g‘risida alohida bayonnomani imzoladi. Unda amalga oshirish muddatlari hamda mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari belgilab qo‘yildi. Shuningdek, yetakchilar huzurida qator investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy kelishuvlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid