O‘zbekiston | 21:40 / 19.09.2019
14724
3 daqiqa o‘qiladi

Yandeks Toshkentda avtobuslar harakatlanishini ko‘rsata boshladi 

“Yandeks.Karty” Toshkent shahridagi avtobuslar qatnovini ko‘rsata boshladi. Endilikda kerakli avtobus qayerda ketayotgani va bekatga qancha vaqtdan keyin yetib kelishini oson bilib olish mumkin bo‘ladi. Misol uchun, avtobusning yomon ob-havoda kelishini bekatda kutib o‘tirmay, bekatga uning kelishiga yaqin borish mumkin. 

Avtobuslar harakatlanishini kuzatish uchun “Yandeks.Karty”ning veb va mobil versiyasida transport tasvirlanishini yoqish lozim. Dasturning Android’dagi oxirgi versiyasi o‘zbek tilini qo‘llab-quvvatlaydi, u telefonda o‘zbek tili tanlangan bo‘lsa chiqadi. Yaqinda bunday imkoniyat iOS’da ham paydo bo‘ladi. Dasturning veb-versiyasida (yandex.uz/maps) tilni o‘ng pastki burchakda o‘zgartirish mumkin.

“Bizga O‘zbekiston aholisi “Yandeks.Karty”dan qulay foydalana olishi muhimdir. Shu sababli xizmatni to‘liq o‘zbek tiliga tarjima qilib, xaritaga transport qatnovini  qo‘shdik. Bizga avtobuslar qayerda ketayotgani haqidagi ma'lumotni olishda Toshkent hokimligi va “Toshshahartransxizmat” yordam bermoqda”, deb aytgan “Yandeks”ning O‘zbekistondagi mintaqaviy direktori Yevgeniy Lukyanchikov.
 
Hozirda dastur Toshkentda harakatlanuvchi deyarli barcha davlat avtobuslarini ko‘rsatadi. Dasturda ular maxsus belgilar bilan belgilangan. Xaritada real vaqtda avtobusning hozirda qayerda ketayotganini, bekat belgisi ustiga bosilsa, u qanchadan keyin bekatga kelishini ko‘rish mumkin. Axborot har 30 soniyada yangilanib turadi, biroq prognozlash algoritmi tufayli avtobus belgilari dasturda ravon harakatlanadi.

Bekat belgisi bosilganda, dastur ushbu bekatdan o‘tuvchi barcha avtobuslar raqamlarini ko‘rsatadi. Dastur yordamida, shuningdek, kerakli manzilgacha yo‘nalishni tuzish mumkin. Bu, misol uchun, notanish hududdan chiqishda yoki shaharning boshqa burchagida joylashgan bozorgacha qanday borishni bilishda asqatadi.

Ta'kidlash joiz, Toshkent “Yandeks.Karty” transport harakatlanishi real vaqtda ko‘rsatiladigan O‘zbekistondagi ilk shahar bo‘ldi. Butun dunyo bo‘ylab bunday shaharlar soni 90 dan ko‘proqni tashkil qiladi.

Mavzuga oid