Farzand tavalludi — juda quvonchli voqea. Shu bilan birga o‘ta mas'uliyatli ham. Dastlabki murakkab palla chaqaloqqa ism tanlashda yuzaga keladi. Ayrim hollarda yosh ota-ona farzandiga ism qo‘yishni oilasidagi eng hurmatli keksalarga (odatda, ota tomondan bobosiga) ishonib topshirishadi, ayrimlar esa qandaydir yozilmagan qoidalar va irim-sirimlarga murojaat qilishadi. Eng so‘nggi modadagi ismlar ham borligiga nima deysiz? «Ochiq Osiyo onlayn» 2017 yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonda qaysi ismlar ko‘proq qo‘yilganini aniqlashga harakat qilib ko‘rdi.
Qirg‘iziston. Sof musulmoncha ismlar
«Ochiq Osiyo onlayn» hamkori — kaktus.media’ga bunday ma'lumotlarni davlat qayd etish xizmati bergan. Ularning bergan ma'lumotiga ko‘ra, o‘g‘il bolalarga qo‘yilgan ismlar ichra eng mashhuri Umar bo‘lgan. Qirg‘izistonda 2017 yilda 2886 ta chaqaloqqa shu ism qo‘yilgan.
O‘g‘il bolalarga qo‘yiluvchi Umar ismi arab tilidan tarjima qilinsa «hayot» ma'nosini beradi. Islom olamidagi ikkinchi xalifaning ismi shunday bo‘lgan.
Qiz bolalar ismi ichra eng mashhuri Rayana bo‘lgani qayd etilgan. 2017 yilda 1860 qizaloqqa shu ism qo‘yilgan.

Rayana ismi ham arabcha. Talqinlarning biriga ko‘ra u «to‘latilgan, to‘yintirib sug‘orilgan» ma'nosini beradi.
2017 yilda jami 155 ming 36 chaqaloq tug‘ilgan. 2016 yilda ularning soni 159 ming 584 nafar bo‘lgan. 2015 yilda eng mashhur ismlar Umar va Oybeka (Aybiyke) bo‘lgan. So‘nggi o‘n yil ichida eng mashhur ismlar Azamat, Aleksandr, Nurbek, Nurlan va Oybek singarilari bo‘lgan. Qiz bolalar ismi ichra Oynura (Aynura), Nargiza, Tatyana, Dinara va Aida ko‘proq uchragan.
Qozog‘iston. Urf o‘zgarmayapti
Alixon va Ayzere (Oyzara) Ostonadagi eng ko‘p qo‘yilgan ismlar bo‘lgan, deb xabar beradi shahar hokimiyatining rasmiy sayti. 2017 yilda Ayzere ismi Qozog‘iston poytaxtida 405 ta chaqaloqqa qo‘yilgan. Ikkinchi o‘rinda Aylin — 354 marta. Uchinchi o‘rinda Amina ismi bormoqda — 353 marta. O‘tgan yili Ayaru, Oysha, Rayana, Ayala, Kausar, Madina, Dariya kabi ismlar ham ko‘p qo‘yilgan. Dastlabki o‘nlikdan tashqarida Adiya, Aysana, Inju, Ayim va To‘maris kabi ismlar bor.









