O‘zbekiston | 13:32 / 18.12.2025
3897
3 daqiqa o‘qiladi

Senat 2026 yilgi davlat budjetini ma’qulladi

Senatorlarga ko‘ra, budjet taqsimoti mahalliy kengashlar sessiyalari va yuqori palata qo‘mitalarining majlislarida batafsil muhokama qilingan. Davlat budjeti xarajatlarining 55 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Oliy Majlis Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisida “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.

Senat matbuot xizmatining qayd etishicha, qonun keng jamoatchilik va mutasaddi tashkilotlar ishtirokida, mahalliy Kengashlar sessiyalari, Senat qo‘mitalari majlislari doirasida batafsil o‘rganildi. Jarayonda budjet mablag‘larining taqsimlanishi, ustuvor yo‘nalishlarning asoslanganligi va samaradorligi yuzasidan chuqur tahlillar amalga oshirildi.

Senatorlar 2026 yil davlat budjetida aholi turmush darajasini yaxshilash, xalq farovonligini yuksaltirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash tizimi bilan qamrovni kengaytirish hamda sifatli ta’limni ta’minlash kabi ijtimoiy soha yo‘nalishlariga ustuvor ahamiyat berilganini alohida ta’kidladi.

Xususan, davlat budjeti xarajatlarining qariyb 55 foizi – 220 trln so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Jumladan, ta’lim sohasiga 100 trln so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga esa 49 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich joriy yilga nisbatan 11,4 foizga oshirilmoqda.

Qonunga muvofiq, 2026 yilda inflatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Davlat budjeti xarajatlari 402,6 trln so‘m, daromadlari esa 368,9 trln so‘m miqdorida belgilangan. Davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari 78,6 trln so‘mni, xarajatlari esa 74,4 trln so‘mni tashkil etishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari 515,8 trln so‘m, xarajatlari 567,6 trln so‘m miqdorida shakllantirilgan bo‘lib, uning taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi nazarda tutilgan.

Muhokamalar chog‘ida senatorlar budjet daromadlarini oshirish, mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish, belgilangan makroiqtisodiy vazifalarni izchil amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, ijtimoiy muammolarni hal etish, mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish hamda davlat dasturlarida belgilangan muhim tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish zarurligi qayd etildi.

Muhokamalar yakunida senatorlar “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid