O‘zbekiston | 10:48 / 19.09.2018
3546
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent hokimligi va Moskva meriyasi o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi

Toshkent shahar hokimligi va Toshkent ShIIBB YHXB vakillaridan iborat delegatsiya yo‘l-transport infrastrukturasini rivojlantirish sohasida tajriba o‘rganish maqsadida Moskva shahrida bo‘lib turibdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Xabarga ko‘ra, Moskva tashqi iqtisodiy va xalqaro aloqalar departamentida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda poytaxt hokimligi va Moskva meriya o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasidagi masalalar muhokama qilindi.

“Moskva hukumati barcha yo‘nalishlar, jumladan, moliyalashtirish bo‘yicha ham hamkorlikka tayyorligini bildirdi. Shuningdek, shahar yo‘lovchi transportini rivojlantirish, avtobuslar yetkazib berish, yo‘l-transport infrastrukturasi sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi”, - deyiladi xabarda.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif doirasida Moskva shahridagi yo‘l harakatini tashkil etish markazi faoliyati bilan tanishdi. 1999 yilda tashkil etilgan ushbu markaz Rossiya poytaxtidagi transportlar bilan bog‘liq holatni yaxshilash bo‘yicha MDHdagi eng namunali tashkilotlardan hisoblanadi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Delegatsiya shuningdek, Moskvadagi qator transport tashkilotlari vakillari bilan ham uchrashishni rejalashtirgan.

Mavzuga oid