Jahon | 15:57 / 19.12.2024
27683
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Kursk oblasti qachon ozod etilishi haqidagi savolga javob qaytardi

«Men sanani aytaman - ular boradi va yo‘qotishlar bilan hisoblashmaydi. Lekin bunday yo‘l tuta olmaymiz», degan u. 

Foto: Aleksandr Zemlyanichenko / AP / Scanpix / LETA

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning mamlakat aholisi bilan an’anaviy jonli muloqoti boshlandi.

U anjuman o‘tayotgan joyga 155-dengiz piyodalari brigadasi jangchilari unga yuborgan jangovar bayroq nusxasini ko‘tarib keldi va zaldagi ikki jurnalistdan uni yoyishni so‘radi. 

Keyin frontdagi vaziyat to‘g‘risidagi savollarga javob bera boshladi («vaziyat keskin o‘zgarmoqda, butun front chizig‘i bo‘ylab harakat ketmoqda, jangchilar har kuni kilometr kvadrat hududni qaytarmoqda»). Bu vaqt davomida esa uning ortidagi ikki kishi bayroq nusxasini ushlab turishda davom etdi.

Vladimir Putin Kursk oblastida yashovchi fuqaroning Rossiya qo‘shini uning regionini Ukraina qurolli kuchlaridan qachon ozod etishi haqidagi savolga javob beraturib, aniq sanani ayta olmasligi, chunki bu holatda harbiylar muddatida ulgurish uchun yo‘qotishlar bilan hisoblashmay qo‘yishini ta’kidlagan.

«Men hozir ular siqib chiqariladigan muayyan sanani ayta olmayman va aytishni istamayman. Yigitlar jang qilmoqda. Hozirning o‘zida jang ketmoqda», — degan Putin Kursk oblasti Bolshesoldatskoye rayonida yashovchi Tatyana Zibrova telefon orqali bergan savolga javoban.

Putin harbiylar Ukraina qurolli kuchlarini siqib chiqarishi «mutlaqo aniq» ekanini aytib, nima uchun aniq sanani aytishni xohlamasligini izohladi. «Mana bu sanaga deb bo‘lmaydi, chunki yigitlar meni eshitadi. Masalan, men bir-ikki kun deyman va ular qanday qilib bo‘lmasin, yo‘qotishlar bilan hisoblashmasdan shu sanaga ulgurish uchun borishadi. Biz bunday qila olmaymiz», — degan Rossiya prezidenti.

Putin «bir-ikki kun» katta ahamiyatga ega emasligini qo‘shimcha qilib, rossiyalik harbiylar Ukraina qurolli kuchlarini «uzil-kesil siqib chiqarganidan» keyin zararni hisoblash mumkinligini aytgan.

«A — aniq dodini berishadi, B — shundan keyin zararni baholash mumkin, eng asosiysi esa, V — barchasi qayta tiklanadi», — degan u. Buning uchun 108 mlrd rubl ajratilgani va mahalliy ma’muriyat bayram kunlari ham ish olib borishi ta’kidlangan. 

  • Vladimir Putin katta matbuot anjumani bilan birlashtirilgan an’anaviy «jonli muloqot» o‘tkazmoqda. Rossiya prezidenti bunday formatdan qatorasiga ikkinchi yil foydalanmoqda.
  • Tashkilotchilarga ko‘ra, rossiyaliklar Putinga 2 millionga yaqin savol yuborgan.
  • O‘tgan yili Putin savollarga to‘rt soatdan ortiq vaqt mobaynida javob qaytargandi — bu uning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan buyon dastlabki jonli muloqoti bo‘lgandi.

Mavzuga oid