O‘zbekiston | 12:12 / 05.02.2026
15687
4 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l harakatida ayrim huquqbuzarliklar uchun ogohlantirish joriy etiladi

Bunday «yengillik»dan bir kishi bir yilda faqat bir marta foydalanish mumkin.

Foto: Kun.uz 

O‘zbekistonda endi yo‘l harakati bilan bog‘liq ayrim huquqbuzarliklar uchun dastlab ogohlantirish beriladi. 4 fevralda imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq kam ahamiyatli huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish jazosi qo‘llanishi belgilandi.

Ma’muriy ogohlantirish – huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunga xilof xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirgan holda unga rasmiy tanbeh berishdir.

Ma’muriy ogohlantirish yozma (elektron) shaklda qo‘llanadi.

Ushbu jazo chorasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning quyidagi moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi:

125-moddaning 1 va 2- qismlari:

  • haydovchilarning transport vositalarini boshqarish va yo‘lovchilar tashishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga, xuddi shuningdek, mototsikl va mopedlar haydovchilarining motoshlemlardan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi,
  • haydovchilarning belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan yoxud foydalanish man etiladigan darajada nosozligi bo‘lgan yoki qonunchilikda belgilangan tartibda favqulodda vaziyatda oynani sindirish uchun foydalaniladigan bolg‘acha bilan jihozlanmagan, o‘t o‘chirgich, tibbiyot qutichasi, avariya holatida to‘xtaganini bildiruvchi belgi va nur qaytargichli kamzul bilan butlanmagan, xuddi shuningdek, ishlayotganida tashqariga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalarning miqdori, shuningdek, shovqin darajasi belgilangan normalardan ortiq bo‘lgan transport vositalarini boshqarishi;

128-1-modda – transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan  foydalanishi (bundan telefondan quloqchinlar orqali va qo‘llarni ishlatmasdan turib so‘zlashuvlar olib borish imkoniyatini beradigan boshqa uskunalar orqali foydalanish mustasno);

128-2-modda – transport vositasini boshqarish vaqtida tele-, videodasturlarni tomosha qilish maqsadida transport vositasi salonining old qismiga o‘rnatilgan monitordan (displeydan) foydalanish;

128-6-modda – transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi;

135-1-modda – transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonunchilikning talablarini buzish;

138-modda 1- va 2-qismlari:

  • piyodalarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ularning yo‘lning harakat qismini belgilanmagan joylardan kesib o‘tishi, piyodalar yo‘lning qatnov qismida, shu jumladan, piyodalar o‘tish joyida harakatlanayotganda telefondan foydalanishi, kitoblarni yoki davriy nashrlarni o‘qishi, videomateriallarni tomosha qilishi hamda audiomateriallarni eshitishi, shuningdek, e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanishi, shuningdek skuterlar, mopedlar va velosipedlarni, individual harakatlanish vositalarini, ulovli aravani boshqarib borayotgan shaxslarning hamda yo‘ldan foydalanuvchi boshqa shaxslarning yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko‘rsatma beruvchi yo‘l belgilari talablariga rioya etmasligi,
  • haydovchilarga har xil xizmat ko‘rsatish maqsadida yo‘lning qatnov qismida fuqarolarning turishi, yo‘llarga ajratilgan mintaqa tegrasida mol boqish.

Bunda shaxs o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganda va boshqa huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lmaganda, ma’muriy jazo chorasini qo‘llashga vakolatli organ tomonidan ma’muriy ogohlantirish beriladi.

Shu bilan birga, ma’muriy ogohlantirish ayni bir shaxsga nisbatan bir yil davomida bir martadan ortiq qo‘llanmaydi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid