O‘zbekiston | 21:52 / 19.01.2026
3785
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston AQShda uchta yangi konsullik ochadi - elchi

O‘zbekistonning Qo‘shma Shtatlardagi elchisi Furqat Sidiqov ikki davlat o‘rtasidagi turizmni rivojlantirish istiqbollari haqida gapirdi.

Furqat Sidiqov

O‘zbekiston AQSh hududida uchta konsullik ochishni rejalashtirmoqda, dedi mamlakatning Qo‘shma Shtatlardagi elchisi Furqat Sidiqov 17 yanvar kuni elchilar va tadbirkorlar ishtirokidagi uchrashuvda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2026 yildan boshlab AQSh fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etiladi, bu esa turizm sohasi uchun yangi istiqbollarni ochadi.

U O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar birinchi marta eng yuqori darajaga ko‘tarilganini va mamlakatning diplomatik vakolatxonasi kengaytirilishini ta’kidladi.

«So‘nggi 30 yil davomida Vashingtonda elchixonamiz va Nyu-Yorkda bosh konsulligimiz faoliyat yuritib keldi. Prezident farmoniga muvofiq, Chikago, San Fransisko va Vashington shtatlarida yana uchta qo‘shimcha konsullik ochamiz», dedi Sidiqov.

Elchi bu mamlakatning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston hozir mintaqada Qo‘shma Shtatlarni Markaziy Osiyo va Yevropa bilan bevosita bog‘laydigan yagona mamlakat ekanini ta’kidladi.

«O‘zbekistondan haftasiga besh marta parvozlar amalga oshirilmoqda, bu ham o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajarmoqda va bundan faol foydalanish kerak. Biz Florida yoki Kaliforniyaga qo‘shimcha reyslar ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqdamiz. Bu potensial yanada ko‘proq kengayadi degani», dedi elchi.

Shu tufayli u turoperatorlarni amerikalik sayyohlarga mo‘ljallangan mahsulotlarni ishlab chiqishga chaqirdi.

«Men hurmatli turoperatorlarni Amerika bozoriga moslashtirilgan sayohat paketlarini ishlab chiqishga taklif qilmoqchiman. Bilasizmi, AQSh bozori juda talabchan va standart, sodda takliflar bu yerda ishlamaydi», dedi Sidiqov.

Uning ta’kidlashicha, hozir AQShda o‘zbekistonlik migrantlarning uchinchi avlodi ulg‘aymoqda va ko‘pchilik o‘z tili va vatani bilan aloqasini yo‘qotmoqda.

«Agar biz vatandoshlarimiz uchun maxsus turlarni taklif qilsak, ishonchim komilki, o‘zbek oilalari farzandlarini O‘zbekiston bilan tanishtirish — ularga Samarqand, Buxoro va boshqa tarixiy joylarni ko‘rsatish uchun olib kelishdan mamnun bo‘ladi», dedi u.

Mavzuga oid