O‘zbekiston | 18:16 / 04.11.2025
6873
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida Central Asia Smart City shaharchasi quriladi

Ohangaron tumanining 6400 gektar hududida 200 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy yashash va ishbilarmonlik muhitiga ega «aqlli» shaharcha qurilishi loyihasi ishlab chiqildi.

Toshkent viloyati Ohangaron tumanining 6400 gektar hududida Central Asia Smart City shaharchasini qurish rejalashtirilmoqda. Shu haqdagi prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Qayd qilinishicha, loyiha Toshkent viloyatida yetakchi texnologik xabni tashkil etishga qaratilgan va 2025−2035 yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Loyihaga ko‘ra, Central Asia Smart City erkin iqtisodiy, savdo-sanoat, logistika va moliya markazi sifatida 6400 gektar maydonda barpo etiladi. Dastlabki bosqichda 500 gektar yer maydoni ajratilib, unda moliyaviy markaz, logistika infratuzilmasi va strategik qurilish ishlari amalga oshiriladi. Qolgan 5900 gektar yer maydoni bosqichma-bosqich o‘zlashtiriladi.

Loyihaning bosh tashabbuskori va boshqaruv kompaniyasi sifatida Going Investment MChJ qo‘shma korxonasi belgilangan. Shuningdek, Fransiyaning Byuro Veritas Consulting Co., Yaponiyaning Ainergy Co. Ltd, Turkiyaning ND İmar İnşaat ve Ticaret A.Ş. kompaniyalari hamda O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi loyiha hamkorlari sifatida ishtirok etadi.

Loyiha doirasida 10 milliard AQSh dollari miqdorida bevosita investitsiyalar jalb qilinishi, 150 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Aqlli va yashil (Smart & Green City) shahar konsepsiyasi asosida 200 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy yashash va ishbilarmonlik muhitiga ega hudud barpo etiladi.

Central Asia Smart City uchun bosh reja va master-reja Turkiyaning ND İmar İnşaat ve Ticaret A.Ş. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqiladi. Hududda yuqori texnologiyalar asosida energetika, transport, aloqa, yashil energiya, ta’lim va ilmiy markazlar barpo etilishi belgilangan.

Shuningdek, loyiha doirasida «Bilim va texnologiyalar xalqaro universiteti» (75 ming o‘rinli kampus bilan) tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Hudud investitsiyaviy faoliyat uchun maxsus iqtisodiy zona maqomiga tenglashtiriladi, shu jumladan soliq va bojxona imtiyozlari, valuta va mehnat sohasidagi preferensiyalar tatbiq etiladi.

Qaror loyihasi muhokamasi 10 noyabrgacha davom etadi.

Mavzuga oid