Sport | 11:50 / 29.12.2016
10128
2 daqiqa o‘qiladi

UFC rahbari Nurmagomedov Aldo bilan jang qilmasligini tasdiqladi

Foto: AP

Mutlaq jang chempionati (UFC) rahbari Deyn Uaytning bayonot berishicha, aralash uslub bo‘yicha rossiyalik jangchi Habib Nurmagomedov bo‘sh chempionlik kamari uchun braziliyalik Joze Aldo bilan kurashdan bosh tortgan. Uayt so‘zlaridan Foxsports iqtibos keltirgan.

Avvalroq, Aldo MMA Fighting portaliga intervyu berib, UFC unga raqib qidirayotganini aytgan edi. Braziliyalik sportchining so‘zlariga ko‘ra, UFC jangchilaridan biri kuch sinashishdan bosh tortgan, chunki o‘sha jangchining otasi bu jangni ma'qul ko‘rmagan. Keyinchalik, Nurmagomedovning o‘zi Instagram ijtimoiy tarmog‘ida jangdan bosh tortgani haqidagi xabarni rad etdi. 

"Aldo Habib (Nurmagomedov)ga qarshi jang qilishni xohladi. Ammo, Habibning otasi o‘g‘lining u bilan jang qilishini xohlamayapti. U o‘g‘lining biroz vaqt dam olishini istagan. Biroq, Nurmagomedov va Aldo jangini o‘tkazish yaxshi g‘oya, zo‘r jang bo‘ladi", - degan Uayt.

Bundan tashqari, rossiyalik jangchining ehtimoliy raqibi Toni Fergyuson ham moliyaviy shartlar sabab jang o‘tkazishga rozi bo‘lmasligi mumkin. Rejaga ko‘ra, Fergyuson va Nurmagomedov jangi 2017 yil martida Las-Vegasda bo‘lib o‘tishi kerak. 

28 yoshli Nurmagomedov MMA uslubidagi janglarda biror marta mag‘lub bo‘lmagan. U jami 24 marta g‘alaba qozongan, shundan 16 tasida muddatidan avval raqibini mag‘lub etgan. 

Mavzuga oid