Melis Abzalov olamdan o‘tdi
«Chinor ostidagi duel», «Suyunchi», «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Armon», «Maysaraning ishi», «Ko‘zlarim yo‘lingda», «O‘tgan kunlar», «Chimildiq» va boshqa filmlarning rejissyori Melis Abzalov 78 yoshida vafot etdi. Bu haqda marhumning do‘sti, rejissyor Ali Hamroyev o‘zining feysbukdagi sahifasi orqali ma'lum qilgan.
"25 oktabr tongi. Bulutli va yomg‘irli. Stokgolmdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. O‘zini tuta olmay ho‘ngrayotgan ovoz. Darhol so‘radim:
- Nazira, sizlarda qandaydir baxtsizlik bo‘ldimi?..
-Dadam vafot etdi!.. Xonasidan chiqayotib yiqildi... Infarkt...", deyiladi postda.
So‘nggi oylarda Melis Abzalov Shvetsiyada, qizining uyida yashab kelayotgandi.
Manbada marhum 26 oktabr kuni Stokgolm shahrida dafn etilishi aytilgan.
Melis Abzalovning boshqa qarindoshlari taniqli kinoarbob bilan Toshkentda, 26 oktabr kuni mahalliy vaqt bilan 14:00 da Muhammad Yusuf ko‘chasidagi 68-uy, 1-xonadonda xayrlashadi.
Melis Abzalov 1938 yil 18 noyabrda Yangiyo‘lda tavallud topgan. Abzalov 1961 yil Toshkent davlat san'at institutini tugatgan. 1962 yil «O‘zbekfilm»da ishlashni boshlagan. 1961—1962 yillar Yosh tomoshabinlar teatrida aktyor bo‘lib ishlagan. 1962—1965 yillar «O‘zbekfilm» kinostudiyasida rejissyor assistenti, keyinchalik rejissyor va aktyor, 1989 yildan «Vatan» kinostudiyasining badiiy rahbari bo‘lib faoliyat yuritgan.
Abzalov ijodiga komediya janridagi filmlar yaqin bo‘lib, ular o‘ziga xos milliy bo‘yoqlarga boyligi, xarakterlarning to‘liq ochilganligi bilan ajralib turadi. Filmlarida yengil lirika o‘tkir satirik epizodlar bilan uyg‘unlashib ketadi.
Abzalov aktyor sifatida Abdulla («Yettinchi o‘q»), Olloyorboy («Inson qushlar ortidan boradi»), Eshon Zaynullo («Qo‘qon voqeasi»), Qorashoh («Arslonning sarguzashtlari») va boshqa obrazlarni yaratgan.
Melis Abzalovning filmlari o‘zbekistonliklarning bir necha avlodiga yaxshi tanishdir. Uning filmlaridagi dialoglar o‘zbek xalqining maqolu matallariga aylanib ketgan.
Mavzuga oid
00:12 / 03.06.2019
Stokgolm temir yo‘l vokzali yo‘lovchilar hisobiga issiqlik energiyasini oladi
14:30 / 27.03.2019
Stokgolm g‘arbida kuchli portlash sodir bo‘ldi
10:00 / 10.12.2017
Bugun Nobel mukofotlari o‘z egalariga topshiriladi
23:47 / 10.12.2016