Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Befarqlik ortidan fojia: Farg‘onadagi bog‘chada bolani yuqori kuchlanishli tok urdi
Farg‘ona shahridagi 66-son davlat bog‘chasida 6 yoshli tarbiyalanuvchi yuqori kuchlanishli transformator punktiga yiqilib, tok urishi oqibatida tana a’zolari kuyib ketdi. Yangi qurilgan bog‘cha hududidagi TP yerto‘lada joylashgan bo‘lib, chuqurning usti tayinli yopilmagan, atrofi to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Kun.uz muxbiri voqea tafsilotlarini o‘rgandi.
18 fevral kuni soat 10:00 lar atrofida Farg‘ona shahrida joylashgan 66-son davlat bog‘chasining 6 yoshli tarbiyalanuvchisi Abuzar Ravshanjonov bog‘cha hududida, yer ostiga o‘rnatilgan yuqori kuchlanishli tranformator punktiga tushib ketishi oqibatida jiddiy jarohat olib, tana a’zolari kuyib ketgan.
Taajjublanarli tomoni, bog‘cha qurib foydalanishga topshirilganiga 2 yil bo‘lishiga qaramay, inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan yerto‘la atrofi maxsus to‘siqlar bilan o‘ralmagan. Yerto‘la eshigi esa oddiy sellofan paket bilan yopib qo‘yilgan.
Abuzar o‘ynab borib ustiga sellofan tashlangan yerto‘la tuynugiga qadam qo‘yishi bilan, ichkariga tushib ketgan. Baxtsiz hodisadan keyingina xavfli hudud atrofi darhol maxsus panjaralar bilan to‘silgan.


Ayni paytda Abuzar shifoxonada qolmoqda.
“Nevaramning o‘sha kungi holatini umuman tasavvur ham qilolmaysiz. Qo‘llari kuyib ketgan, yelkalarini, orqalari kuygan, dumbalari, asosiy tana a’zolari ham kuygan. Qanday qilib mana shunday katta kuchlanish tokni oldida bolalarni bee’tibor qoldirishlari mumkin? Nevaram bog‘chaga qanday sog‘lom borgan bo‘lsa, qo‘limizga ana shunday sog‘lom holda qaytarib berishsin.

Boshlari ham yorilgan. Qo‘llari tinmay qaltirayapti, ko‘zi bir tomonga tortyapti. Qanday quvnoq bola edi-ya... Har bir inson o‘z farzandini o‘rniga qo‘yib ko‘rsin. Bola chidolmayapti, iloji yo‘q.
Mana shu panjaralarni falokat yuz bergandan keyin bolam yiqilgandan keyin, qo‘yishdi. Mutasaddilar, TPni qurgan tashkilot nega xavfli joyni avvalroq o‘rab qo‘ymagan? Kim javob beradi?” – deydi bolakayning buvisi Hayotxon Rahimova.
Bog‘chada TP borligini hech kim bilmagan...
“66-bog‘chaga ikkita nevaram boradi. Katta o‘g‘lim Abdurahmon telefon qilib, Abuzar bog‘chada “shit”ning ichiga tushib ketibdi dedi. O‘zi qalay ekan desam, bilmayman dedi. Kasalxonaga qarab ketdik.
Bog‘cha hududidan yuqori kuchlanishli transformator punkti (TP) o‘tgan bo‘lgan. TP Farg‘ona eko shaharni “svet” bilan ta’minlagan. Befarqlik ham shu darajada bo‘ladimi? Nevaram bilmasdan o‘ynab kelib, ichkariga tushib ketgan. Chuqur ochiq turgan bo‘lganida ham uni ko‘rgan bo‘lardi, lekin yerto‘la og‘zi plastik va sellofan bilan yopilgan bo‘lgan.
Tarbiyachilarning aytishicha, yerto‘la ichida nima borligini hatto ular ham bilishmagan. Bu yerda yuqori kuchlanishni bildiruvchi birorta belgi yo‘q. Nevaram yiqilgandan keyin bir qancha vaqt u yerda hushsiz holatda yotgan. Baxtsiz hodisadan keyin atrofni o‘rab qo‘yishdi. Avval qayerda edi quruvchi-yu boshqasi?” – deydi Abuzarning bobosi Ravshanjon Rahimov.
Aybdorlarga qat’iy chora ko‘rilsin...
“Bog‘chadan telefon bo‘lib o‘g‘lingiz yiqilib boshi yorildi, deyishdi. Kasalxonaga borsam “shit”ga tushib ketdi deyishdi. Ko‘rdimki, o‘g‘limning butun tanasi kuyib ketgan ekan. Sho‘rlik bolam yig‘lab, ko‘karib yotibdi. Keyin hushidan ketdi.
Bog‘cha hududiga TP qurishdi, xo‘p... Lekin uni qabul qilib olgan qurilish inspeksiyasi qayerga qaragan? Xavfli hudud atrofi o‘ralmagani, eshigi ochiq qolganiga kim javob beradi? Elektroset xodimlari qayerga qaragan?! Aybni hech kim bo‘yniga olmayapti. Kaltak aylanib kelib, bog‘cha direktorining boshida sinyapti.
Katta kuchlanishli tok urgan o‘g‘limni. O‘g‘limning kelajagi qanday bo‘ladi endi? Tok urgandan keyin bolaning miyasiga ham shikast yetgan bo‘lishi mumkin, biz shundan xavotirmiz. Aybdorlarga qat’iy chora ko‘rilsin. Nima uchun shu paytgacha TP atrofi o‘ralmagan? Bog‘cha ichiga TPni kim joylashtirgan? Javob berishsin”, deydi bolaning otasi Abdurahmon Qodirov.
Holat bo‘yicha izoh olish uchun 66-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Gulruxsor Abdusamatova bilan bog‘landik. U bog‘cha hududiga birozdan keyin borishini aytdi-yu, lekin ancha kuttirdi, oxir-oqibat kelmadi.
Smetada yo‘q edi...
Bog‘cha hududiga yuqori kuchlanishli transformator punktini qurgan korxona rahbari bilan telefon orqali muloqot qildik. Quruvchi TP atrofini o‘rash loyihaga kiritilmaganini ma’lum qildi.
“Korxonamiz elektromontaj ishlari bilan shug‘ullanadi, elektrosetning pudratchisimiz. TP atrofini o‘rash smetada yo‘q edi. Lekin ustini yopishimiz kerak edi... U yerda bittalik TP edi, yaqinda ikkitalik qilib o‘zgartirgan edik. Ishchilarim ozgina befarqlik qilishibdi-da”, deydi tranformator podstansiyasini qurgan “Faxr” XK rahbari Rizo Asadullayev.
Og‘ir jarohatlangan Abuzar Ravshanjonov ayni paytda tez tibbiy yordam bo‘limining kuyish bo‘limida qolmoqda.
Mavzuga oid
15:48
“Qanot beradigan mehnat” – Toshkentda tashkil qilingan maxsus markazdan reportaj
08:00
Zaharlangan bolalar va bezori “yosh boyvachchalar” - hafta dayjesti
14:19 / 27.02.2026
Toshkent viloyati bog‘chalaridagi ommaviy zaharlanish bilan bog‘liq ishda 11 kishi sudlanmoqda
19:14 / 26.02.2026