Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mutlaq rekord: O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 55 mlrd dollarga yetdi
2025 yil 1 oktyabr holatiga, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 54,99 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu – tarixiy rekord ko‘rsatkichdir. Jahon bozorida oltin narxlari yil boshidan beri qariyb 50 foizga oshdi.
Foto: Getty Images
2025 yil 1 oktyabr holatiga, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 54,99 mlrd dollarni tashkil qildi. Zaxiralar qiymati o‘tgan oyga nisbatan 4,9 mlrd dollarga ko‘p. Bu haqda Markaziy bank taqdim qilgan hisobotda keltirilgan.
Sentyabr oyi davomida zaxiralarning valuta qismi 735 mln dollarga oshgan bo‘lsa, oltin qismining qiymati 4,17 mlrd dollarga oshib 44,2 mlrd dollargacha ko‘paygan.
Zaxiralar tarkibida oltinning fizik hajmi 11,8 mln troya unsiyadan 11,6 mln troya unsiyaga kamaygan.
Jahon bozorida oltin narxlarining oshib borishi fonida yil boshidan beri O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari sezilarli darajada ko‘paydi. 1 oktyabr holatiga qayd etilgan qariyb 55 mlrd dollarlik zaxiralar – mamlakat uchun tarixiy rekord ko‘rsatkichdir.
Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan xarid qilingan qimmatli qog‘ozlarning qiymati o‘tgan oyda biroz oshib, 1 mlrd 19 mln dollarga yetgan.
Oltin narxining yil boshidan beri keskin ko‘tarilishi global bozorlar bilan bevosita bog‘liq. Fevral–may oylarida jahon miqyosida geosiyosiy tangliklar va AQSh federal rezerv siyosati tufayli oltin keskin qimmatlashdi.
Iyulda esa qisqa muddatli pasayish kuzatildi. Avgust–sentabrda narx yana tiklanib, bu davrda 3,4 foiz o‘sish qayd etildi. Tahlilchilar fikricha, bunday tendensiya mavsumiy talab va global iqtisodiy noaniqliklar bilan izohlanadi. 7 oktyabr kuni oltin narxi tarixda birinchi marta 1 unsiya uchun 4000 dollardan oshdi.
Mavzuga oid
18:54
Jahon bozorida oltin va kumush narxi quladi
23:04 / 30.01.2026
Geosiyosiy beqarorlik, Tramp va dollar. Oltin bilan nimalar bo‘lyapti?
11:11 / 29.01.2026
O‘zbekistonda 5 grammli oltin quymasining narxi 10,8 million so‘mdan oshdi
12:01 / 26.01.2026