O‘zbekiston | 11:04 / 06.06.2020
7052
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro islom akademiyasida imtihondan o‘tishning yangi tartibi joriy etiladi

“O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan tasdiqlangan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriatiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq, Akademiyaga talabalikka qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qabul qilish tartibi, hujjatlarni qabul qilish muddatlari, bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari mutaxassisliklarining nomlari, qabul parametrlari to‘g‘risidagi ma'lumot Akademiyaning internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-sayti va axborot stendlarida joylashtiriladi.

Shuningdek, qaror bilan 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi bakalavriatiga o‘qishga kirishga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun dastlabki imtihondan o‘tish tartibi joriy etiladi.

Dastlabki imtihonni o‘tkazish jadvali Akademiya qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi va uni o‘tkazish boshlanishidan kamida 10 kun avval Akademiyaning internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.

Dastlabki imtihon Akademiya negizida zarur texnik, tibbiy va boshqa sharoitlarni yaratgan holda o‘tkaziladi. Bino va auditoriyalar xavfsizlik talablari, jumladan, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga to‘liq javob berishi shart.

Dastlabki imtihon natijalari asosida abituriyentlarni kirish imtihonlarining keyingi bosqichlariga (kasbiy (ijodiy) imtihon va test sinovlari) o‘tkazish yoki o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilinadi.

Karantinga oid choralar amal qilishi davrida Akademiyaning bakalavriatiga qabul qilish jarayonlari vakolatli organlarning karantinga oid hujjatlari talablaridan kelib chiqqan holda (masofaviy, elektron, onlayn va boshqa usullar orqali) amalga oshiriladi.

Mavzuga oid