O‘zbekiston | 12:09 / 02.04.2017
98624
9 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya - qulflangan diyor. Migratsiya agentligining to‘rt kunlik tomoshasi

2017 yilning 22 mart kuni O‘zbekiston Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rasmiy saytida Bandlikka ruxsat berish tizimining koreys tilidan test sinovlari bo‘yicha xabar e'lon qilindi. Unga ko‘ra, 27-28 mart kunlari ro‘yxatga olishning birinchi bosqichi o‘tkazilib, unda nomzodlar onlayn anketa to‘ldirishi, 29-30 mart kunlari bo‘ladigan ikkinchi bosqichda esa koreys tilidan onlayn savol-javobda ishtirok etishi belgilangandi.

Kutilganidek, yuz minglab fuqarolarimiz o‘z omadini sinab ko‘rish maqsadida ro‘yxatdan o‘tishga kirishdi. Katta tomosha ana shunda boshlandi. Kun boshidanoq odam ko‘pligi uchun sayt qotib qoldi. So‘ngra ro‘yxatga olish bir kunga qoldirildi. Ko‘pchilik katta qiyinchilik bilan ro‘yxatdan o‘ta oldi. 

Nomzodlar soni nihoyatda ko‘pligi sababli ikkinchi bosqich uchun yangi qoidalar ishlab chiqildi: hamma o‘z familiyasining bosh harfi uchun ajratilgan vaqtda savol-javobda ishtirok etadigan bo‘ldi. Yaxshi o‘ylangan taktika. Biroq yana texnik jihatdan muammolar paydo bo‘ldi. Kimdir ro‘yxatdan o‘tish vaqtida berilgan login-paroli noto‘g‘ri ekaniga duch kelsa, kimdir navbati kelishini kutib sarg‘aydi. To‘rt kunlik tomosha asnosida Migratsiya agentligi tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarga bir sidra nazar tashlab chiqishga qaror qildik. 

Kerakli darajada texnik tayyorgarlik ko‘rilmagan
Onlayn ro‘yxatga olish jarayonida ishtirok etish niyatida bo‘lganlar soni juda ko‘p ekani oldindan ma'lum edi. Bu esa onlayn jarayonni to‘g‘ri, uzluksiz va samarali tashkil etish bo‘yicha avvaldan jiddiy tayyorgarlik ko‘rishni taqozo etar edi. Natija esa kutilganidek bo‘lib chiqmadi. Sinovlarning birinchi kuni aloqa vazirligida ishlovchi do‘stim bilan suhbatlashdim. Aytishicha, agentlik yordam so‘rab murojaat qilibdi. Nega bunchalik kech? Kuniga olti yuz ming-bir million kishi kirsa ham hech qanday qiyinchiliklarsiz faoliyat ko‘rsatayotgan milliy saytlar O‘zbekistonda ham kuchli xostinglar borligi va har qancha hajmdagi ma'lumotlar va ko‘p sonli abonentlar bilan ishlash imkoni mavjudligidan dalolat beradi. Agarda Migratsiya agentligi foydalanuvchilar sonining keskin ortib ketishini hisobga olgan holda texnik tayyorgarlikni o‘z vaqtida, keraklicha ko‘rganida, sayt bu qadar qotib ishlamas edi. 

Fuqarolar bilan qo‘pol muomalada bo‘lish
Onlayn savol-javoblar o‘tkazilgan birinchi kunda Telegram orqali fuqarolarning agentlik ishonch raqamlari operatorlari bilan suhbatlari keng tarqaldi. Fuqarolar haqli ravishda o‘zlarini o‘ylantirgan masala bo‘yicha aniq savollarni o‘rtaga tashlagan. Biroq operatorlar ular bilan adekvat suhbatlashmadi. Savollarga aniq va qoniqarli javob berish tugul, muloyimlik, bosiqlik va hurmat bilan muomalada bo‘lmagani, ba'zi o‘rinlarda ohang-ovozini balandlatgani, fuqarolarni mensimagani aniq ko‘zga tashlanib qoldi. Operatorlar ohangida “Seni kim majburlayapti”, “eplasang shu” qabilidagi balanddan kelish, mensimaslik ma'nolarini anglash qiyin emas...

Rasmiy saytning savodsizliklarcha yuritilishi
Migratsiya agentligining migration.uz, info.migration.uz, test-migration.uz saytlari shu qadar savodsizlik bilan yuritilmoqdaki, undagi imloviy, grammatik xatolar, pala partish, o‘lda-jo‘lda jumlalar, shevaga xos so‘z va ifodalarni o‘zbek tiliga nisbatan ochiqcha hurmatsizlik, deb qabul qilish mumkin. Butun boshli tashkilotda o‘zbek adabiy tilini biladigan va uni e'zozlaydigan birorta odam bo‘lmasa bizga murojaat etishsin, barcha matnlarni BePUL o‘qib, tahrir qilib beramiz!

Kamsitish, pastga urish, qo‘rqitish va oshkora hurmatsizlik 
Migratsiya agentligi saytiga kirgan odam o‘zini kamsitilgan, yerga urilganday his etishi aniq. Hamma joyda qizil va katta harflar bilan "BeKOR QILINADI”, “TAQIQLANADI”, MUMKIN EMAS” va hokazo jumlalar bosib ketgan. Bunday do‘q-po‘pisalarsiz ham qoidalarni tushuntirish mumkinku! Shu jumlalarni yozar ekanman, bir necha yillar muqaddam aynan Migratsiya agentligida koreys tilidan dars bergan tanishimning so‘zlari yodimga tushdi. U agentlikka ishga kirganida birinchi bo‘lib tashkilotdagi asosiy qoida qulog‘iga uqtirilgan ekan: bu yerda o‘qiyotgan fuqarolar bilan qo‘pol muomalada bo‘lish, ularga zarracha yaxshi gapirmaslik, doim yerga urib muomala qilish kerak. Ishonmasangiz, o‘zingiz agentlikka boring yoki ularga qo‘ng‘iroq qilib ko‘ring. O‘zingizni aybdor, yerga urilgan, kamsitilgan odamday his etishingiz aniq. 

Onlayn imtihon jarayonining to‘g‘ri tashkil etilmagani
1 aprel kuni onlayn imtihonlarning birinchi kuni nomzodlarga kutilmagan “tuhfalar”ni tortiq qildi. Birinchidan, sayt avval e'lon qilinganidek soat 9:00da ishlab boshlamadi. E'longa ko‘ra familiyasi A harfi bilan boshlanuvchilar soat 9:00dan 11:00gacha savol-javobdan o‘tishlari kerak edi. Ammo saytga imtihon topshirishga kirganlar sabr qiling, hozir 5 ming odam imtihon topshirayapti, 20 daqiqadan keyin navbatingiz keladi, degan matnga duch kelishdi. Bu qoida avvaldan e'lon qilinmagan edi. Qolaversa, garchi ro‘yxatga olingani to‘g‘risida xabarnomasini saqlab qo‘ygan bo‘lsa ham, ko‘pchilik savol-javoblarda qatnasha olmadi. Sayt kiritilgan login-parol noto‘g‘ri ekanini ko‘rsataverdi...

Ahmoqona savol-javoblar
Bularning barchasi holva ekani savol-javoblar boshlanganidan so‘ng ma'lum bo‘ldi. Qoidaga ko‘ra, koreys tilidan bilim darajani aniqlash uchun koreys tilidan savol-javob bo‘lishi kerak bo‘lgan o‘rinda, o‘zbek tilida tarix, adabiyot, ona tili, kimyo, fizika, huquq, geografiya, biologiya kabi fanlardan bir-biridan murakkab, bir-biridan mantiqsiz va kulgili, chala-yarim savollar berila boshlandi. Eng qizig‘i, 20ta savol uchun 10 daqiqa berilgan bo‘lsa, bu vaqt savollar bo‘yicha teng taqsimlanmagan. Ayrim savollarga 45 soniya, ba'zilariga 10 soniya vaqt berildi. Bu vaqtda odamlar fikru xayolini testni yechish emas (chunki savollarni o‘qigan akademiklarning ham kapalagi uchishi aniq), ularni rasmga olib, ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lishish egallab oldi.

Savollardagi jiddiy siyosiy xatoliklar
Savollar qanchalik kulgili, mantiqsiz tuyulmasin, ulardagi jiddiy siyosiy xatoliklar agentlikda birorta qonunshunos, huquqshunos bo‘lmasa kerak, degan tasavvurni uyg‘otadi. Oddiy misol: 
“O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, “O‘zbekiston Re...” savol tugallanmay qolgan testda to‘g‘ri javob ham keltirilmagan! O‘zbekistonning bosh qomusi Konstitutsiya bob va moddalari bo‘yicha tushgan savollarda hatto O‘zbekiston so‘zi to‘g‘ri yozilmagan, to‘g‘ri javob esa umuman yo‘q. Buni qanday tushunish, qanday qabul qilish mumkin? 

Xullas, hissiyotlar, ehtiroslar junbushga keldi, huquqlar oyoqosti bo‘ldi, katta bir tashkilot o‘zini o‘zi sharmanda qilib, xalq kulgiga qoldi. Prezident virtual qabulxonasiga qilingan murojaatlar, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi noroziliklar izsiz g‘oyib bo‘lmasligi, barcha aybdorlar munosib jazolanishi, masala bir yoqli bo‘lishidan umidvormiz...
 

Sanjar Said, bloger

Mavzuga oid