O‘zbekiston | 20:35 / 12.02.2026
8020
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘ztest” markazi tugatiladi va Akkreditatsiya markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 fevral kuni texnik tartibga solish sohasini xalqaro talablar asosida tubdan yangilash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. “O‘ztest” markazi tugatilishi va Akkreditatsiya markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazilishi qayd etildi. Sinov va sertifikatlash xizmatlari to‘liq xususiy sektorga beriladi. Angliyaning “Intertek”, Shvetsiyaning “SGS” Fransiyaning “Bureau Veritas”, Germaniyaning “TÜV” kabi yetakchi xalqaro kompaniyalari jalb qilinadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida birinchi navbatda texnik tartibga solish tizimi to‘liq xalqaro talablarga mos bo‘lishi shartligi qayd etildi. Avvalo, mahsulotni baholashda korxona faoliyatini tekshirish amaliyoti tadbirkorlar noroziligiga sabab bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi. Amaldagi tartibga ko‘ra, talabga javob bermaydigan mahsulot aniqlanganda, uning aylanmasi emas, uni ishlab chiqargan tadbirkorning faoliyati cheklanmoqda.

Rivojlangan davlatlar tajribasida xavf-tahlilga asoslangan bozor nazorati tizimi amal qiladi. Bunda ishlab chiqaruvchi mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalash orqali barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi, sifat va xavfsizlikni kafolatlaydi.

Shu munosabat bilan davlat nazoratidan bosqichma-bosqich voz kechilib, bozor nazorati tamoyillariga o‘tiladi. Buning uchun “Bozor nazorati to‘g‘risida” alohida qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Eskirgan standartlar va samarasiz texnik reglamentlardan voz kechish va to‘liq xalqaro standartlarga o‘tish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Hozir 33 mingdan ortiq standart mavjud bo‘lib, ularning 50 foizi eskirgan yoki xalqaro talablarga mos emas.

Shu bois, 6 ta texnik reglament bekor qilinadi, 29 tasi qayta ko‘rib chiqiladi. Joriy yilda 4 ming 460 ta, kelgusi yilda 2,5 mingdan ziyod, 2028 yilda esa 817 ta xalqaro standartni qabul qilish maqsad qilingan.

2026 yil 1 iyuldan to‘qimachilik, charm, mebel, elektrotexnika, avtomobilsozlik, axborot texnologiyalari, 2027 yildan boshlab neft-gaz, metallurgiya, transport, qurilish mahsulotlari, tibbiy buyumlar, 2028 yildan boshlab esa energetika, kimyo, ekologiya va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni to‘liq xalqaro standartlar asosida tashkil etish rejalari ma’lum qilindi.

Sertifikatsiya jarayonini yanada soddalashtirish zarurligi qayd etildi. Hozirgi murakkab tizim tannarx asossiz oshishiga, byurokratiya va korrupsiyaga sharoit yaratayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Xavf-tahlil asosida baholash tizimi joriy etilib, qolgan tovar pozitsiyalari bo‘yicha ham majburiy sertifikatlashni bekor qilish va bosqichma-bosqich deklaratsiyalashga o‘tkazish taklif qilindi. “Mahsulotning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qabul qilish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.

Sohada institutsional o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Texnik tartibga solish agentligi tarkibidagi tashkilotlar “O‘ztest” markazini tugatish va Akkreditatsiya markazini Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazish orqali 5 tadan 3 taga qisqartirilishi belgilandi.

Sinov va sertifikatlash xizmatlarini to‘liq xususiy sektorga berish taklif qilindi. Ayni paytda xususiy sektorda barcha sohalarni qamrab olgan 207 ta sinov laboratoriyasi va 73 ta sertifikatlash idorasi faoliyat yuritmoqda. Sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Angliyaning “Intertek”, Shvetsiyaning “SGS” Fransiyaning “Bureau Veritas”, Germaniyaning “TÜV” kabi yetakchi xalqaro kompaniyalari jalb qilinadi.

Taqdimotda “SUz” milliy muvofiqlik belgisini joriy etish, akkreditatsiya organining mustaqilligini ta’minlash, sinov laboratoriyalari faoliyatini raqamlashtirish, metrologiya tizimini isloh qilish hamda etalon bazasini kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari bildirilgan taklif va tashabbuslar yuzasidan tadbirkorlarning fikr-mulohazalarini tingladi hamda yangi tizimni joriy qilish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid