Jahon | 10:54 / 29.08.2025
13008
2 daqiqa o‘qiladi

Reuters: Uitkoff Moskvada protokolni buzgan

Moskvaga tashrifi chog‘ida Trampning maxsus vakili Putinning talablarini yozmagan, shu sababli ularni Trampga noto‘g‘ri yetkazgan, deb xabar beradi Reuters.

Foto: REUTERS

AQSh prezidentining maxsus elchisi Stiv Uitkoff Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Moskvadagi uchrashuvi chog‘ida protokolni buzgan va odatda yozish ishlarini amalga oshiradigan Davlat departamenti vakilisiz uchrashuvga borgan. Bu sarosimaga va Uitkoffning Kreml pozitsiyasini noto‘g‘ri yetkazishiga olib keldi, deb xabar berdi Reuters 28 avgust, payshanba kuni bir necha manbalarga tayanib.

Uitkoff 6 avgust kuni Moskvada Putin bilan uchrashgandan so‘ng AQSh prezidenti Donald Trampga Rossiya prezidenti Ukrainadagi urushni tugatish uchun muhim hududiy imtiyozlar berishga tayyorligini ma’lum qildi. Buni eshitgan Tramp Putin bilan sammit o‘tkazishga rozi bo‘ldi.

Ertasi kuni Uitkoff bir qancha yevropalik yetakchilarga Kiyev Donetsk va Luxanskdan voz kechishi evaziga Putin Zaporijjya va Xerson viloyatlaridan qo‘shinlarni olib chiqishga tayyorligini aytdi, dedi Reuters agentligiga suhbatdan xabardor manba. «Bu taklif ishtirokchilarni hayratda qoldirdi», chunki u Putinning pozitsiyasiga nisbatan o‘z baholaridan keskin farq qiladi, deydi to‘rt manba, jumladan AQSh va Yevropa rasmiylari.

Mavzuga oid