O‘zbekiston | 19:30 / 20.04.2021
13429
2 daqiqa o‘qiladi

Kim haq? - Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Senatning yo‘llar nosozligi oqibatida yuz bergan avtohalokatlar bo‘yicha ma'lumotini rad etdi

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Mahmud Olimovga ko‘ra, 2019-2020 yillar davomida O‘zbekistondagi avtohalokatlarning birortasi yo‘llar nosozligi tufayli ro‘y bermagan. U bu haqda bugun, 20 aprel kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Tadbirda Kun.uz muxbiri tomonidan Senat axborotiga asoslanib, yo‘llarni ta'mirlashga mas'ul shaxslarning e'tiborsizligi oqibatida 2019 va 2020 yilning 8 oyi davomida 532ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 511 nafar fuqaro jarohatlangani va 191 kishi vafot etgani bildirildi.

Bu borada vafot etgan va jarohatlanganlarga to‘langan kompensatsiyalar haqida ma'lumot berish so‘raldi.

Bunga javoban, Mahmud Olimov 2019-2020 yillar davomida O‘zbekistondagi avtohalokatlarning birortasi yo‘llar nosozligi tufayli sodir bo‘lmaganini bildirdi.

Mahmud Olimov

«Buning hisobotini Yo‘l harakati xavfsizligi va tergov idoralari olib boradi. Tergov idoralari ma'lumotiga asosan, 2019-2020 yillar davomida yo‘lning aybi bilan sodir bo‘lgan transport hodisasi qayd etilmagan.

Hisobotni biz olib bormaymiz. Buning hisoboti tergov idoralarida bo‘ladi. Men Senatning hisobotini bilmayman», – dedi u.

Kun.uz muxbiri tadbirdan so‘ng Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisining bosh maslahatchisi Umid Jo‘rayev bilan bog‘landi va xabarga aniqlik kiritishni so‘radi.

Umid Jo‘rayev esa Senat saytida berilgan ma'lumot to‘g‘riligi, bu borada o‘zida ham Yo‘l harakati xavfsizligi idoralaridan olingan aniq ma'lumotlar borligini ma'lum qildi.

Abgor yo‘llar buyuk kelajakka olib bormaydi

Mavzuga oid