O‘zbekiston | 10:51 / 22.01.2026
19339
2 daqiqa o‘qiladi

Eng og‘ir yuk mashinalari va yuridik shaxslarga tegishli taksilar uchun yangi avtoraqamlar joriy etiladi

Hukumat tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligi sohasida raqamlashtirish jarayonlari kengaytiriladi. Qator yangi tartiblar joriy etilib, ayrim talablar bekor qilinadi.

Foto: Kun.uz

“Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasini raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi (11-son, 20.01.2026 y.).

Qarorga muvofiq, Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot tizimidagi Ma'muriy amaliyot moduli mas’ul vazirlik va idoralarning axborot tizimlariga integratsiya qilinadi.

2026 yil 1 fevraldan boshlab quyidagi yangiliklar joriy etiladi:

  • umumiy vazni (yuki bilan) 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillari, kon, shaxta va karerlarda qo‘llanadigan maxsus transportlar, yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar, shuningdek, “antikvar” avtomototransportlar uchun alohida seriyali davlat raqam belgilari joriy etiladi;
  • ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatga olish taqiqlanadi, bunday transportlar davlat ro‘yxatidan chiqariladi.

Shu bilan birga, avtomototransport ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada mulkdorning manzilini ko‘rsatish talabi bekor qilinadi.

Avtomototransportni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida qator hujjatlar vakolatli organlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali olinadi. Jumladan:

  • avtomototransport oldi-sotdi shartnomasi;
  • “Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish” AJ tomonidan berilgan auksion bayonnomalari;
  • davlat ulushi mavjud korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan transportlarga oid elektron hisob-ma’lumotlar;
  • avtomototransport mulkdori haqidagi ma’lumotlar.

Qaror yo‘l harakati xavfsizligi sohasida shaffoflikni oshirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va xizmatlar sifatini yaxshilashga qaratilgan.

Mavzuga oid