Jamiyat | 14:38 / 22.06.2020
16344
12 daqiqa o‘qiladi

Hazorasplik fermer yerdan mahrum qilindi, u mutasaddi tashkilotlar ishidagi chalkashliklardan shikoyat qilmoqda

Xorazm viloyati, Hazorasp tumanidagi «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi yerlari davlat zaxirasiga qaytarildi. 66 yoshli fermer tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi va «Yergeodezkadastr» tashkiloti ishidagi chalkashliklardan shikoyat qildi.

Hazorasp tumani, «Ovshar» qishlog‘i, Istiqlol mahallasidagi «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi 2005 yilda Do‘stjon Xakimov tomonidan paxta-g‘alla yo‘nalishi bo‘yicha tashkil qilingan. 2019 yildagi «optimallashtirish» natijasida yer maydonlari 108,6 gektarga yetkazilgan. Kasbi meliorator-irrigator bo‘lgan 66 yoshli Do‘stjon aka fermer xo‘jaligini boshqarib kelmoqda.

Hokim yerni zaxiraga qaytarish va fermer xo‘jaligini tugatish jarayonini boshlash haqida qaror chiqardi

2020 yil 17 aprel kuni Hazorasp tumani hokimi O‘ktam Masharipov tomonidan «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligiga tegishli 108,6 gektar yerni davlat zaxirasiga qaytarish, fermer xo‘jaligini qonunchilikda belgilangan tartibda tugatish jarayonini amalga oshirish, yerlarni esa qayta tanlovga qo‘yish haqida qaror chiqarildi.

Do‘stjon Xakimov bunday qaror chiqqani haqidagi xabarni tasodifan, dalada ishlab yurganida tanishidan eshitib qolgan. Shundan so‘ng fermer bu qaror ustidan Adliya vazirligiga shikoyat qildi. Prezidentning 5780-sonli farmoniga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab hokimlarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini olib qo‘yish va bir fermer xo‘jaligidan boshqasiga o‘tkazish vakolati tegishli xalq deputatlari Kengashlariga berilgandi. Shu sababli, Adliya vazirligi tomonidan ko‘rilgan «ta'sir choralari»dan so‘ng, Hazorasp tumani hokimining 2020 yil 17 aprel kungi qarori bekor qilindi.

Ammo, qonun ustuvorligi ta'minlanganidan xursand bo‘lgan fermerning quvonchi uzoq cho‘zilmadi.

2020 yil 12 may kuni Xalq deputatlari Hazorasp tumani kengashi bir qator fermer xo‘jaliklari, jumladan «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish shartnomasini bekor qilish haqida qaror chiqardi.

Unda «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi «shartnomaviy shartlarni bajarmasdan, belgilangan ekin turlarini ekmasdan, yer ijara shartnomasini tuzmasdan hamda agrotexnik tadbirlarni qo‘pol ravishda buzgan holda yerlardan noto‘g‘ri foydalanib kelayotgani» shartnomani bekor qilishga asos bo‘lishi ko‘rsatilgan.

2020 yil 1 iyun kuni Hazorasp tumani hokimligi «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligining 108,6 gektar yerini davlat zaxirasiga qaytarishni so‘rab, Iqtisodiy sudga da'vo arizasi kiritdi.

Fermer yerini zaxiraga qaytarish uchun «asos» bo‘lgan holatlar va raqamlardagi ajabtovur chalkashliklar

Hazorasp tumani hokimligining sudga kiritgan da'vosida «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi tomonidan yo‘l qo‘yilgan bir qator «kamchiliklar», jumladan, 2019 yil hosili uchun (!) 22 gektar yerga paxta ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 23,1 gektar ekilgani (1,1 gektar ortiqcha), 10,6 gektar yer maydoniga g‘alla ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 15,3 gektar (4,7 gektar ortiqcha) ekilgani ko‘rsatilgan.

Fermer Do‘stjon Xakimov da'vo arizasida keltirilgan holatlarga raddiya bildirdi va raqamlar qo‘lidagi hujjatlarga zid ekaniga e'tibor qaratdi.

Birinchidan, Do‘stjon Xakimov 2019 yilda 22 gektar yerga paxta ekilishi o‘rniga 23,1 gektar yerga ekkani haqidagi «ayblov»dagi raqamlar qayerdan olinganidan hayron. Uning qo‘lida Hazorasp tumani Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan berilgan ma'lumotnoma bor. Unda 2019 yil uchun rejaga ko‘ra 41,7 gektar yerga paxta ekishi, «topshiriq»qa (bu haqda keyinroq to‘xtalamiz) binoan esa 49,7 gektar yerga paxta ekishi kerakligi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, 2020 yil 7 fevral kuni Hazorasp tumani hokimligi tomonidan «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligiga yuborgan talabnoma ham bor. Unda (diqqat!) «fermer xo‘jaligi tomonidan 2019 yilda ekilgan ekinlar mutaxassislar tomonidan monitoring qilinganida 39 gektar yerga paxta ekilishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, amalda 48 gektar paxta ekilgani» qayd qilingan.

Ya'ni, 3ta hujjatda 3 xil raqamlar kelmoqda:

1) Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan berilgan ma'lumotnomada 41,7 gektar yerga paxta ekilishi, «topshiriq»qa binoan esa 49,7 gektar yerga paxta ekilishi ko‘rsatilgan.

2) Hazorasp tumani hokimligi talabnomasida «39 gektar yerga paxta ekilishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, amalda 48 gektar paxta ekilgani» ko‘rsatilgan.

3) Hazorasp tumani hokimligining sudga kiritgan da'vo arizasida esa «22 gektar yerga paxta ekish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda 23,1 gektar ekilgani» ko‘rsatilgan.

Xo‘sh, fermer qancha yerga paxta ekishi kerak edi va qanchasiga ekkan?

Aslida bu raqamlar paxta hosili kontraktatsiya shartnomasida aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak edi. Ammo Do‘stjon Xakimovga 2019 yilgi paxta hosili kontraktatsiya shartnomasining bir nusxasi berilmagan va u qancha gektar yerga paxta ekishi kerakligini og‘zaki «topshiriq»dan bilgan. Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi tomonidan berilgan ma'lumotnomadagi «topshiriq» aynan shuni anglatadi.

Ikkinchidan, yerni qaytarib olish uchun asos qilinayotgan sabablar 2019 yil (!) hosili bo‘yicha ko‘rsatilmoqda. Agar bu sabablar rost bo‘lsa, nega Xalq deputatlari kengashi yerni qishda emas, balki dehqonchilik mavsumi o‘rtasida, may oyida, ya'ni juda katta mablag‘lar evaziga ekish, sug‘orish ishlari amalga oshirilganidan keyin qaytarib olmoqda? Nima uchun bu «kamchiliklar»ga odatda hamma ish sarhisob qilinadigan yanvar, fevral oylarida e'tibor qaratilmadi?

Uchinchidan, «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligining tuman hokimligi bilan uzoq muddatli yer ijarasi shartnomasini tuzmagani rost. Do‘stjon Xakimov buning sabablarini tushuntirdi. U «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi Hazorasp tumani bo‘limidan o‘ziga ajratilgan yerlarning haqiqiy maydoniga aniqlik kiritishni va uzoq muddatli shartnomada ko‘rsatishni bir necha marta talab qilgan. Gap shundaki, fermer yerlarning ba'zi qismida ariqlar va zovurlar ekin maydonidan chiqarib tashlanmagan, yer maydonlari qog‘ozdagi raqamlarga to‘g‘ri kelmaydi. Ba'zi qismida odamlar uy-joy barpo qilib, rasmiylashtirib olishgan. Ammo ular ekin maydonlari hududidan chiqarib tashlanmagan. Do‘stjon Xakimov bunday yerlarni o‘z tasarrufiga olishni, bu yerlar uchun javobgar bo‘lishni, soliq to‘lashni istamayapti. «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi Hazorasp tumani bo‘limi bunday yerlarning haqiqiy chegaralari va egalarini aniqlashi, qonuniy holatga keltirishi, shundan keyingina uzoq muddatli shartnomani taklif qilishi lozim edi. Lekin bu ishlar shu kungacha bajarilmagan.

To‘rtinchidan, da'vo arizasida fermer yerlarning meliorativ holatini yaxshilash ishlarini amalga oshirmagani, belgilangan agrotexnika qoidalariga amal qilmagani, o‘ziga berkitilgan yer maydonlaridan samarasiz foydalangani ko‘rsatilgan. Ammo bu haqda komissiya tomonidan o‘rganish olib borilgani qayd etilib, fermer ishtirokida dalolatnoma imzolanishi shart emasmidi? Fermerga qaysi agrotexnik tadbirlarni buzgani va qaysi holatda yerlardan noto‘g‘ri foydalangani ko‘rsatilishi lozimku? Nega deputatlar fermer va mutaxassislar ishtirokida bu masalani o‘rganib chiqishmagan?

Yer kodeksi 36-moddasining 7-bandiga ko‘ra, yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, bu qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga ko‘ra) past bo‘lishida ifodalanganda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar bekor qilinishi nazarda tutilgan.

Ammo «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi so‘nggi 3 yil davomida barcha rejalarni ortig‘i bilan bajarib kelgan. Jumladan, 2017 yilda paxta hosili 109 foizga, g‘alla hosili 101 foizga bajarilgan. 2018 yilda paxta hosili 103 foizga, g‘alla hosili 100 foizga bajarilgan. 2019 yilda paxta hosili 100 foizga, g‘alla hosili 147 foizga bajarilgan. Buni tasdiqlovchi hujjatlar uning qo‘lida bor.

Davlatning «ko‘chada qolgan» yeri bormi? 80 gektar yer kimning qo‘lida?

Do‘stjon Xakimov 2020 yil mart oyida 80 gektar yerni davlat zaxirasiga qaytarib olishlari haqida ariza yozib berganini ta'kidlamoqda. Fermer buni majlisbozlikdan, qog‘ozbozlikdan, hujjatlardagi raqamlarning chalkashligidan bezib ketgani bilan izohladi.

Ariza yozib berganidan so‘ng, Do‘stjon Xakimov qolgan 28,6 gektar yerida dehqonchilikni davom ettirgan. 80 gektar yerda esa boshqa fermer ekin ekib, ish boshlagan.

Bu yerlarning taqdiri va kimning qo‘liga o‘tgani haqida Hazorasp tumani hokimligi va «Yergeodezkadastr» bo‘limidan ma'lumot so‘radik. Mutasaddilar bu yerlar hamon «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi tasarrufida ekanini, o‘sha vaqtda davlat zaxirasiga qaytarilmaganini ta'kidlashdi. U holda kim bu yerlarda dehqonchilik qilyapti? Agar «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligi yerlari haqiqatda monitoring qilinganida bunga aniqlik kiritilmasmidi? Davlatning «ko‘chada qolgan» yeri bormi? Nima uchun davlatning har bir qarich yeriga, jumladan qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan bebaho yerlar hisobiga javobgar bo‘lgan tashkilotlar bunga e'tiborsizlik qilgan?

Fermer yerlar qaytarilishi va xarajatlari qoplab berilishini talab qilmoqda

Do‘stjon Xakimov Hazorasp tumani hokimligi tomonidan o‘z fermer xo‘jaligiga nisbatan qilinayotgan bunday adolatsizlikdan qattiq norozi. Deputatlar kengashi esa qaysi aybiga ko‘ra yerlarni zaxiraga qaytarganini tushunmayapti. Fermer yerlarning qaytarilishini, yetkazilgan zararning qoplab berilishini istamoqda.

«Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligining yerlari hozirgi vaqtda «Hazorasp Tekstil» klasteriga vaqtincha berib yuborilgan. Bu yilgi g‘alla va paxta ekinlari esa traktor bilan surib tashlangan. Natijada, chigit kech ekilgan. Katta ehtimol bilan endi kuzda undan hosil olish imkonsiz bo‘ladi.

Fermer xo‘jaligida mehnat qilib, ro‘zg‘or tebratib yurgan 8 nafar xodim ham ishsiz qolgan. Afsuski, xalqimiz uchun og‘ir bo‘lib turgan bunday vaziyatda ularning va oilasining taqdiri ham mavhumligicha qolmoqda.

Hujjatlarda «Xakimov Xakimjon» fermer xo‘jaligining yerlari sifatida ko‘rsatilib, aslida boshqa odam foydalanayotgan 80 gektar yerning taqdiri va shu yerlardan davlatga kelib tushmayotgan tushum masalasi esa prokuratura idoralari o‘rganishi lozim bo‘lgan alohida mavzu.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid