Jahon | 21:49 / 19.10.2016
7373
5 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada yangi - Beshinchi konstitutsiya qabul qilinadimi?

Foto: © Flickr

Prezidentlik boshqaruviga o‘tishga asos yaratadigan Turkiya yangi Konstitutsiyasiga bag‘ishlangan referendum kelasi yilning aprel oyida o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda hukmron Adolat va Taraqqiyot partiyasi raisining o‘rinbosari Xayati Yaziji bayonot berdi. Uning so‘zlariga qaraganda taklif qilinayotgan konstitutsiya loyihasida prezidentlik tuzumiga bag‘ishlangan 12-15 ta punkt mavjud. Bu masalani parlament yanvar oyida muhokama qiladi. Deputatlar tomonidan ma'qullanmaydigan bo‘lsa, u holda aprel oyida referendum bo‘lib o‘tishi mumkin.

Turkiya bosh vaziri, Adolat va Taraqqiyot partiyasi raisi Binali Yildirim o‘tgan haftada bergan bayonotida o‘z partiyasi parlamentga yangi konstitutsiya loyihasini taqdim qilganini aytgan edi. Uning fikricha, parlament konstitutsiya loyihasini mutloq ko‘p ovoz bilan (367 ovoz) qabul qilishi yoki 330 nafardan kam deputat qo‘llab quvvatlasa, u holda referendumga qo‘yishi mumkin. Bundan avval adliya vaziri Bekir Bozdag ham yangi konstiutsiyaga bag‘ishlangan referendum 2017 yil davomida, ammo Adolat va Taraqqiyot hamda Milliy Harakat partiyalari o‘zaro kelishuvga erishgudek bo‘lsa, u holda yil boshida o‘tkazilishi mumkinligini aytgan edi.

Parlamentning Konstitutsiyaviy qonunchilik komissiyasi rahbari Mustafa Shentop referendum kelasi yilning bahor oylarda o‘tishini aytdi. Adolat va Taraqqiyot partiyasi 550 o‘rinli parlamentda 317ta mandatga ega. Yangi konstitutsiyani qabul qilish uchun absolyut ko‘p ovoz yoki 367 ta ovoz kerak bo‘ladi. Referendumga chiqarish uchun esa kamida 330 nafar deputat qo‘llab-quvvatlashi kerak. Milliy Harakat partiyasi rahbari Devlet Baxcheli loyihani qo‘llab-quvvatlashini aytganidan keyin qonun loyihasi ustidagi ishlar qizg‘in tus oldi. Tahlilchilarning fikricha, yangi konstitutsiya loyihasida Turkiyaning unitar davlat sifatida saqlanib qolinishi ko‘zda tutilgan.

Mustafa Shentopning aytishicha, amaldagi parlament tizimi o‘zining samarasiz ekanini ko‘rsatgan. Bu shu yilning 15 iyulida bir guruh harbiylar bosh ko‘targanida yaqqol ko‘zga tashlandi. Parlament tizimida ijroiya hokimiyat ikkiga bo‘linib qoladi. Prezidentlik tizimida yasa boshqaruv bir qo‘lda jamlanadi. Shentopning so‘zlariga qaraganda, yangi konstitutsiyada Turkiyada boshqaruv tizimi AQShnikiga o‘xshab ketadi, ammo biroz farqlari ham bor. Yangi konstitutsiya loyihasiga ko‘ra, davlat rahbari besh yil muddatga saylanadi. U ikkinchi muddatga ham o‘z nomzodini ko‘rsatishi mumkin. Shu bilan birga prezident saylovi parlament saylovlari bilan bir vaqtda o‘tkaziladi. Ayni damda Turkiyada parlament saylovlari har to‘rt yilda o‘tkaziladi. So‘nggi bor saylovlar o‘tgan yilning noyabrida bo‘lib o‘tgan edi.

Yangi Konstitutsiya loyihasiga ko‘ra, prezident nafaqat davlat rahbari bo‘ladi, shuningdek vazirlarni o‘zi tayinlaydi. Endilikda vazirlar hozirgidek parlemant deputatlari bo‘lishlari shart bo‘lmaydi.

Usmonli imperiya davridan beri Turkiya tarixida bir nechta konstitutsiya qabul qilingan.

1876 yilgi Konstitutsiya Usmonli imperiya konstitutsiyasi edi. 1921 yil 20 yanvarida Turkiya Buyuk Milliy yig‘ini Turkiya Jumxuriyatining Birinchi Konstitutsiyasini ratifikatsiya qildi. Ikkinchi Konstitutsiya 1924 yilda qabul qilingan bo‘lib, u 1961 yilgacha amalda bo‘ldi. Uchinchi Konstitutsiya 1961 yilda qabul qilindi. Bu hujjat 1982 yilgacha amal qildi. Turkiya Jumxuriyatining amaldagi (to‘rtinchi) Konstitutsiyasi 1982 yilning 7 noyabrida umumxalq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilingan.

Yangi – 1982 yilgi konstitutsiya kuchga kirganidan beri bir necha bor tahrir qilingan. Ammo biror marta ham referendum orqali muhokama qilinmagan.

Turkiya Jumxuriyatining amaldagi Konstitutsiyasi preambula va yettita qismdan iborat. Preambula va birinchi qismda mamlakatning davlat qurilishi haqida so‘z yuritiladi. Ikkinchi qismda fuqorolarning huquqlari va huquqlarning kafolatlari bayon qilingan. Uchinchi qismida esa Qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatlarining vakolatlari haqida so‘z yuritiladi. Favqulotda va harbiy holat joriy qilish masalalari ham uchinchi qismdan o‘rin olgan. To‘rtinchi qismda moliyaviy va iqtisodiy masalalar o‘z aksini topgan bo‘lsa, beshinchi qismda 1924-34 yillarda dunyoviy davlat to‘g‘risida qabul qilingan qonunlar aks etgan. Oltinchi bo‘limda Harbiy tuzumdan demokratik tuzimga o‘tish yo‘lidagi Muvaqqat holatlar haqida so‘z yuritiladi.

Yettinchi bo‘lim, Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish masalalarini o‘zida aks ettiradi.

Sharofiddin To‘laganov

Mavzuga oid