Jahon | 16:03 / 10.10.2024
25443
8 daqiqa o‘qiladi

«Milton» to‘foni sekinlashdi, ammo o‘z ortidan jiddiy vayrongarchiliklar qoldirmoqda

Floridada 3 mln kishi elektrsiz qolgan, dastlabki qurbonlar haqida ma’lum qilingan.

Tunda «Milton» to‘foni Floridaning markaziy qismi bo‘ylab o‘tdi va tornado hodisalarini keltirib chiqarib, o‘nlab uylarni vayron qildi. 3 milliondan ortiq xonadon va korxonalar elektr ta’minotidan uzilgan.

«Milton» beshinchi toifali to‘fon sifatida boshlangandi, ammo quruqlikka yetib kelganida meteorologlar uning darajasini uchinchigacha tushirdi, hozirda esa u hamon jiddiy xavf solayotgan bo‘lsa-da, eng kuchsiz – birinchi toifadagi to‘fonga aylanib qolgan.

AQSh To‘fonlarni o‘rganish milliy markazi ma’lumotiga ko‘ra, «Milton» mahalliy vaqt bilan chorshanba kuni kechqurun soat 20:30 atrofida Floridaning Siyesta-Ki oroliga yetib kelganida, shamol tezligi 195 km/soatni tashkil etayotgandi. Payshanba kuni tongida shamol tezligi soatiga 150 kilometrgacha tushdi.

«Milton»ning quruqlik bo‘ylab harakati kuchli yomg‘irlar va vayronkor bo‘ronlar bilan birga kechdi. To‘fon NASA kosmodromi joylashgan Kanaveral burnidan taxminan 75 km janubi-g‘arbdan o‘tgan.

Tampa ko‘rfazi hududi, jumladan, Tampa, Sankt-Peterburg va Kliruoter shaharlarida suv toshqinlari xavfi tufayli favqulodda holat rejimi joriy etildi. Chorshanba kuni Sankt-Peterburgda 16,6 422 mm yog‘in tushib bo‘lgandi. Xabarlarga ko‘ra, shaharda ichimlik suvi qolmagan.

«Milton» Sankt-Peterburgdagi 42 ming tomoshabinga mo‘ljallangan «Tropikana Fild» beysbol stadionining gumbaz shaklidagi tomining bir qismini buzib tashlagan. Mahalliy nashrlarga ko‘ra, stadion qutqaruvchilar uchun boshpana sifatida foydalanilayotgandi, ammo ular orasida jabrlanganlar yo‘q.

NBC News nashri Sent-Lyusi okrugi sherifi Kit Pirsonga asoslanib xabar berishicha, Floridaning sharqiy sohil qismidagi Fort-Pirs shahrida tornado tufayli keksalar uyida kamida ikki kishi halok bo‘lgan. Pirsonning ma’lumotiga ko‘ra, 17 marta tornado hodisasi kuzatilgan okrugda 100 ta uy vayron bo‘lgan.

Shtatning Atlantika okeani sohili qismidan ham jabrlanganlar haqida xabarlar kelgan, ammo hozircha aniq raqamlar yo‘q. Palm-Bichda besh kishi shifoxonaga yotqizilgan, ammo mahalliy rasmiylar jabrlanuvchilar soni ko‘proq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Sinoptiklar to‘fon markazi uch million atrofida odam yashaydigan Tampa-Bey megapolisidan o‘tishini kutishgandi. Yakunda epimarkaz Tampa-Beydan taxminan 100 km janubda joylashgan, 5400 nafarga yaqin aholi yashaydigan Siyesta-Ki shahridan o‘tdi.

Florida gubernatori Ron DeSantis Tampa-Beyda jiddiy vayrongarchiliklardan qutulib qolishiga va prognoz qilingan kuchli to‘lqinlarning eng yomon ssenariysi ro‘y bermasligiga umid qilgan, chunki to‘fon suvdan oldin quruqlikka yetib keladi. Sinoptiklarning prognozlarida dengiz suvi sathi 4 metrgacha ko‘tarilishi mumkinligi aytilgandi.

DeSantisning xabar qilishicha, «Milton» kamida 19 ta tornadoni yuzaga keltirgan, buning natijasida ko‘plab okruglar talafot ko‘rib, 125 ga yaqin uy vayron bo‘lgan, ularning aksari ko‘chma uylar edi.

«Ayni vaqtda evakuatsiya juda xavfli, shuning uchun siz qayerda bo‘lsangiz, o‘sha yerda boshpana topishingiz va shunchaki yotishingiz lozim», — degan DeSantis.

Sinoptiklarning prognozlariga ko‘ra, «Milton» payshanba kuni Floridani kesib o‘tish chog‘ida to‘fon kuchini saqlab qoladi, ammo Atlantikaga o‘tganidan keyin, katta ehtimol bilan asta-sekin kuchsizlana boshlaydi.

Ikki hafta oldin «Helen»dan jabrlangan shtatda ikki millionga yaqin kishiga evakuatsiya to‘g‘risida buyruq yuborilgan, yana millionlab kishilar «Milton» o‘tadigan hududlarda yashaydi.

Chorshanba kuni davomida Floridadagi yonilg‘i quyish shoxobchalarining to‘rtdan bir qismida yonilg‘i qolmagandi.

Favqulodda vaziyatlarni boshqarish federal agentligi hududga millionlab litr suv, millionlab porsiyada yegulik, shuningdek boshqa ta’minot buyumlari hamda qo‘shimcha xodimlar yuborgan. Chorshanba kuni agentlik administratori Dinn Krisvell qo‘shimcha yordam «Helen» to‘foni oqibatlarini bartaraf etish uchun ajratilgan resurslardan olinmasligini aytgandi.

DeSantisning so‘zlariga ko‘ra, «Milton» ularni atrofga sochib tashlamasligi uchun favqulodda xizmatlar «Helen»dan qolgan chiqindi uyumlarini olib tashlash maqsadida 24 soat uzluksiz ishlagan.

U Floridaning 70 000 dan ortiq aholisi davlat boshpanalarida bo‘lib turganini aytgan. «Milton» toifasi birinchi darajaga qadar tushirilganiga qaramay, endi shamollar sohilga kuchli to‘lqinlarni olib kelishi prognoz qilinmoqda.

«Shamol kuchsizlanmoqda, ammo tahdid susaygani yo‘q, — degan u. — Yomg‘ir miqdori ortgani sayin suv toshqinlari xavfli ortadi, siz joyingizda qolishingiz lozim. Ko‘chaga chiqmang, o‘zingizni maksimal darajada himoya qilishga harakat qiling».

Gubernator DeSantis Floridada qayta tiklash ishlariga yordam berishi uchun Milliy gvardiyaning 9000 nafar harbiy xizmatchisi olib kelingan, shuningdek elektr ta’minotidagi keng miqyosli uzilishlarni bartaraf etish uchun 50 ming elektrik safarbar qilingan.

Qidiruv-qutqaruv guruhlari bo‘ron tinishi bilan yo‘lga chiqishga va tunda ham ishlashga tayyor, degan gubernator.

Oq uy AQSh prezidenti Jo Bayden favqulodda xizmatlar tomonidan to‘fonning dastlabki oqibatlari to‘g‘risida xabardor qilinganini ma’lum qilgan. Avvalroq Oq uy matbuot xizmati to‘fon tufayli prezident taqvimidagi Germaniya va Angolaga safarlarning bekor qilinganini ma’lum qilgandi.

Iqlim o‘zgarishi «Milton» to‘foniga qanday ta’sir ko‘rsatgan?
Mark Poynting, Iqlim va atrof-muhit tadqiqotchisi, BBC

Chorshanba kuni World Weather Attribution olimlar koalitsiyasi e’lon qilgan tadqiqot ko‘rsatishicha, ikki hafta muqaddam AQShga yopirilgan «Helen» vayronkor to‘foni iqlim o‘zgarishi tufayli 10 foizga ko‘proq yog‘ingarchilik keltirgan.

Shamolning halokatli kuchida sayyoraning asta-sekin isiyotganining ham o‘z o‘rni bor. Agar inson omili tufayli yuzaga kelgan global iqlim isishi bo‘lmaganida, «Helen» Florida sohillariga yetib kelganida undagi shamol kuchi taxminan 20 km/soatga pastroq bo‘lgan bo‘lardi.

Ammo Meksika ko‘rfazi suvining yuqori qatlamidagi harorat bu mavsum odatdagidan yuqoriroq va bu «Helen»ga shunday kuchga ega bo‘lishga imkon bergan.

Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, so‘nggi o‘n yilliklarda global iqlim o‘zgarishi tufayli ushbu kengliklarda dengiz harorati anomal ko‘tarilishi ehtimoli yuzlab martaga oshgan.

Meksika ko‘rfazi hali ham yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan issiqroq va «Milton» to‘foni tadqiqotga ta’sir ko‘rsatmagan bo‘lsa ham, uning vayronkor salohiyati — kuchli dovullar iliq dengizlarda ancha ko‘proq yuzaga kelishining yana bir dalilidir.

 

Mavzuga oid