Jamiyat | 16:00 / 29.09.2021
9952
6 daqiqa o‘qiladi

«Tadbirkorlarni endi eksportga chiqaramiz» - Alisher Isayev bilan suhbat

So‘nggi paytlarda biznes trenerlar ko‘paygandan ko‘paydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ularning ayrim treninglaridan videolar ko‘paygani sayin saviya borasidagi savollar yuzaga chiqyapti. Foydalanuvchilar va umuman oddiy odamlarda bu soha vakillariga nisbatan istehzo, ishonchsizlik va tushunmovchilik paydo bo‘ldi.

Ammo shunday trenerlar borki, amalda ko‘p narsani o‘z boshidan o‘tkazgan, tajriba orqali shu sohaga yetib kelgan. Va bunday trenerlar faqat o‘z manfaati uchun emas, umummanfaat uchun, hammaslaklarning rivojlanishi uchun tadbir ishtirokchilari bilan bilimini bo‘lishishni istaydi. Ana shunday insonlardan biri Alisher Isayev. Biznesmen, tadbirkor va biznes murabbiy bilan turli mavzularda suhbat qildik.

 

“Ayni paytda bir necha loyihalarni amalga oshiryapmiz. Bulardan biri Sales Doctor bo‘lib, loyiha ikki yo‘nalishga bo‘lingan. Biri IT kompaniya. Bunda biz distribyutorlarning ishlarini avtomatlashtiramiz. Tadbirkorlarni rivojlantirish ustida ishlaymiz. Sales Doctor qoshida Milliard klubini tashkil qildik. Ushbu klub tadbirkorlarga o‘z mahsulot va xizmatlarini xorijga olib chiqishda, eksportni rivojlantirishda ko‘mak beradi. Shuningdek, RoboKidz nomli robototexnika kurslarini ochganmiz. 2shop IT kompaniyamiz esa chakana savdo egalariga xizmat ko‘rsatadi – biz chakana savdo nuqtalari va ulgurji savdoni optimallashtirishga yordam beramiz”, – deydi faoliyati haqida Alisher Isayev.

Sales Doctor shiori – Savdoni davolaymiz!

Har bir tadbirkor bu – doktor, biznes esa – bemor. Tadbirkorning vazifasi biznesni sog‘lom ushlab turish. Biz nosog‘lom biznesni davolashda yordam beramiz. O‘zim yollanma rahbar bo‘lib ishlaganman. Bu sohaning kasalliklari haqida o‘z tajribamdan bilaman. Dena savdo belgisini bilasiz. Tijorat direktori, bosh direktor lavozimlarida ishlab, ana shu brendni bozorda olg‘a surganmiz. Balton Trading kompaniyasida distributsiya sohasi past-balandini ko‘rdim. Bilasizmi, “bemorlik” odatda ilmsizlikdan kelib chiqadi.

Tadbirkor bir ishni boshlaydi va tezda boyib ketaman, deb o‘ylaydi. Amalda esa bir qancha to‘siqlarga duch keladi va... to‘xtaydi. Sarmoyasi tugab qoladi, tovarlari sotilmay, “turib” qoladi. Amalda juda ko‘p tadbirkorlarimiz olishi mumkin bo‘lgan foydaning atigi 20-30 foizinigina oladi, xolos. Biz esa mana shu ko‘rsatkichni 100 foizga olib chiqishga ko‘maklashamiz. Muammo tashqi omillardan ham ko‘ra odamning o‘zida – uning miyasida. Biz tadbirkorlarga o‘z biznesiga raqamlar orqali qarashni, muammolarni intuitiv emas, raqamlarda yechishni o‘rgatamiz.

Turfa biznes trenerlar haqida

Bozorda talab va taklif bo‘lishini bilasiz. Hozirda siz aytayotgan “trenerlar” ko‘payishi davr taqozosi, menimcha. Masalan, tibbiyotda ham firibgarlar ko‘p. Buni ma'muriy yo‘l bilan yo‘qotib bo‘lmaydi. Bunga faqat vaqt kerak. Asta-sekin odamlar o‘zlari saralab olishadi saragi va puchagini. Ikki xil trenerlar bor: birinchi toifa – o‘zi boshidan o‘tkazgan, xatolar qilgan, tajribaga ega trenerlar. Ikkinchi toifa – bular ko‘proq kitob o‘qishadi va o‘qiganlarini aytib berishadi. Avvallari ko‘p o‘ylardim – qanday qilib odamlar ularga ishonishadi? Bildimki, bular ham kerak. Chunki oddiy, elementar narsalarni bilmaydiganlar ko‘p ekan va aynan o‘shalarga shu toifa trenerlar kerak ekan. Bu bozor. Afsuski, ayrimlar bu sohaga dog‘ tushirishayotgani bor gap.

O‘zbek tadbirkori: u kim?

Xorijlik tadbirkorlar bilan ishlaganmiz, masalan, rossiyalik, qozog‘istonlik, belaruslik. Ular va o‘zbekistonlik tadbirkorlar orasidagi farq, aytish mumkinki, yer bilan osmoncha. Kommunikatsiya masalasida biznikilar juda oqsashadi. Yuqorida aytganimdek gap bizning ongimiz, fikrlashimiz, miyamizda. Ko‘rinmas chegaralarimizni buza olsakkina boshqalardan kam emasligimizni ko‘rsata olamiz. Nafaqat kam emas, o‘zib ketish imkoniyati ham bor bizda.

Nega xorijda millatimni gastarbayter, ishchi, kelgindi deb kamsitishadi, bizga past nazar bilan qarashadi, degan fikrlar doim tinchimni o‘g‘irlagan. Bir kuni tunda mana shu fikrlar hech tinchlik bermasdan, Hasan akaga Telegram orqali yozdim (Mamasaidov – tahr.) Yutubda kanal ochaylik, tadbirkorlarga bilim beraylik, dedim. Shu tariqa “Top-menejyer” ko‘rsatuvi paydo bo‘ldi. Keyin treninglar. Milliard klubiga asos soldik. Ko‘pchilik ishbilarmonlarimiz o‘rganganini amalda qo‘llay olmayapti. Biz gapdan amaliyotga o‘ta boshladik. Amaliy yordam bera boshladik. Hozir hukumatimiz ham bu sohaga ko‘makchi bo‘lyapti. Kelgusida jahonda o‘zbek tadbirkorining ijobiy imijini shakllantirmoqchimiz!

Suhbat davomida Alisher Isayev tadbirkorlar bilan ro‘y bergan qiziqarli holatlar haqida ham gapirib berdi. Shuningdek, boshqa mavzularga ham to‘xtaldi. Videointervyuda batafsil ma'lumot olasiz.

Veb sayt: alisherisaev.uz

Telegram kanal: t.me/AlisherIsaev_blogi

Instagram: alisherisaev_blogi

Youtube: alisherisaev

Mavzuga oid