Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda real ish haqi o‘sishi mintaqa davlatlariga nisbatan ortda qolyapti – MB
Joriy yilning II choragi yakunlari bo‘yicha, O‘zbekistonda ish haqining real o‘sish sur’ati 7,3 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich Markaziy Osiyo davlatlarida 9,8 foiz, ayrim Kavkaz davlatlarini hisobga olganda esa 9,1 foiz bo‘lgan. Iqtisodi o‘xshash mamlakatlarga nisbatan mazkur tafovutning uzoq vaqt saqlanib qolishi kelgusida O‘zbekistonda xarid qobiliyati pasayishi va talabning susayishiga olib keladi, deyiladi MB sharhida.
Foto: Kun.uz
2025 yilning II choragida O‘zbekistonda ish haqining nominal o‘sish sur’ati yillik 17,2 foizni, real o‘sish sur’ati esa 7,3 foizni tashkil etdi. Bunda o‘rtacha oylik ish haqi qariyb 6 mln so‘mga teng bo‘ldi, deyiladi Markaziy bankning mehnat bozori sharhida.
Sohalar kesimida, moliya va sug‘urta hamda axborot va kommunikatsiya xizmatlari yo‘nalishlarida o‘rtacha ish haqining boshqa sohalarga nisbatan yuqori shakllanishi saqlanib qolgan (mos ravishda 16,3 va 14,8 mln so‘m). Shu bilan birga, II chorak davomida axborot, transport va ijtimoiy xizmatlar yo‘nalishlarida faoliyat yurituvchi xodimlarning ish haqi qolgan tarmoqlarda faoliyat yurituvchilarnikiga nisbatan real va nominal qiymatlarda yuqoriroq o‘sgan. Ish haqining eng kam o‘sishi qurilish sohasida kuzatilib, ushbu sohada faoliyat yurituvchi xodimlarning o‘rtacha ish haqi nominal qiymatda yillik 6,1 foizga oshgan bo‘lsa, real qiymatda 2,8 foizga kamaygan.

Joriy yilning yanvar-mart oylari davomida Markaziy Osiyo davlatlarida real ish haqining o‘rtacha o‘sishi 9,8 foizni, ayrim Kavkaz davlatlarini hisobga olganda esa 9,1 foizni tashkil etgan. Ushbu davrda O‘zbekistonda real ish haqi o‘sishi 7,2 foizga teng bo‘lgan
“Iqtisodi o‘xshash mamlakatlarga nisbatan mazkur tafovutning uzoq muddat saqlanib qolishi kelgusida O‘zbekiston mehnat bozori ishtirokchilarining xarid qobiliyati pasayishiga va talabning susayishiga olib keladi”, deyiladi MB sharhida.

Ikkinchi chorakda O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 91 dollarni tashkil etgan. Mintaqa davlatlari orasida minimal ish haqining eng yuqori miqdori Belarus (243 dollar), Ozarboyjon (235 dollar) va Mongoliyada (222 dollar) qayd etilgan.
“O‘zbekistonda yillik minimal ish haqining aholi jon boshiga YaIM hajmiga nisbati 35 foizga teng bo‘ldi. Ushbu ko‘rsatkichning yuqoriroqligi mamlakatda daromadlar boshqa davlatlarga nisbatan tengroq taqsimlanganini ko‘rsatsa, nisbatning pastligi aksincha, daromadlarning notekis taqsimlanganidan dalolat beradi. Mintaqa davlatlari orasida Qozog‘iston (14 foiz), Qirg‘iziston (14 foiz) va Gruziya (12 foiz) davlatlarini hisobga olmaganda, boshqa davlatlar, jumladan, O‘zbekistonning ushbu ko‘rsatkichlari yuqoriroq va bir-biriga yaqin shakllangan”, deyiladi sharhda.
Mavzuga oid
19:19 / 04.12.2025
O‘zbekiston oktyabrda oltinning eng yirik xaridorlaridan biri bo‘ldi
16:32 / 28.11.2025
Fuqarolarga o‘z maoshini oladigan bankni tanlash huquqi beriladi
16:13 / 28.11.2025
Markaziy bank qoshida venchur fond va innovatsion hab tashkil etiladi
11:26 / 28.11.2025