O‘zbekiston | 15:22 / 02.07.2025
15725
6 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda YPX kuzatuvidagi kortej va fuqaro o‘rtasida mojaro chiqdi

Buxoro shahrida avtomobil haydovchisi piyodalar o‘tish joyida piyodani o‘tkazib yuborish uchun to‘xtagan. Natijada uning ortidan YPX kuzatuvida kelayotgan kortej ham to‘xtashga majbur bo‘lgan. Haydovchi ayni shu epizod uchun jarimaga tortilganini aytmoqda. YHXB esa haydovchi uzoq masofadan kortejga yo‘l bermay kelgani uchun jarimaga tortilganini bildirdi. Haydovchi ishni yuqori idoralar ko‘rib chiqishini so‘rayapti.

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahrida YPX kuzatuvidagi kortej bilan ro‘y bergan holat muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

20 iyun kuni shaharning Dilkusho ko‘chasida harakatlanayotgan Kia K5 avtomobili haydovchisi piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan piyodani o‘tkazib yuborish uchun avariya chiroqlarini yoqib, to‘xtagan. Bu holat uning ortidan kelayotgan YPX kuzatuvidagi kortejni ham to‘xtashga majbur qilgan.

Ko‘chadagi kuzatuv kamerasiga muhrlangan videoda sirena chalgan holda harakatlanib kelgan kortej tarkibida jami 5 ta avtomobil: old va orqada 2 ta YPX avtomobili, 2 ta krossover (chamasi Captiva) va bitta Mercedes Benz rusumli mashina bo‘lgani ko‘rinadi. Kortejdagi 3 ta mashina piyodalar o‘tish joyida to‘xtamasdan, o‘tib ketgan.

Videoda Captiva haydovchisi garchi oldinda katta yoshli piyoda bo‘lganiga qaramay, signal chalib, oldida turgan fuqaroning mashinasini yo‘lni bo‘shatishga undagani ko‘rinadi. Piyodalar o‘tish joyidan o‘tmoqchi bo‘lgan fuqaro esa, bu shovqindan keyin ortiga qaytgan. Kortejdagi Captiva piyodalar yo‘lakchasi oldidagi sidirg‘a chiziqni bosib, boshqa harakatlanish bo‘lagiga o‘tgan va yo‘lida davom etgan.

Shundan keyin piyodaga yo‘l bergan Kia K5 haydovchisi boshqa YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilib, unga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirilgan, avtomobil esa jarima maydoniga qo‘yilgan.

«Ortimizdan boshqa YPX xodimlari yetib kelib, bizni to‘xtatdi va jarima yozishini aytdi. Men vaziyatni tushuntirsam, YPX xodimi: «rahbariyat ko‘rsatmasi, men ularga hech narsa deyolmayman» dedi. Biz nima qilishimiz kerak edi? Oldimizda o‘tayotgan odamni urib ketaylikmi?» – deydi Kia K5 salonida bo‘lgan fuqaro Kun.uz bilan suhbatda.

Haydovchiga MJtKning 128-5-moddasi 2-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 10 barobari – 3 million 750 ming so‘m jarimaga tortilgan.

Buxoro viloyati YHXB katta inspektori, mayor Rustam Ochilov tuzgan bayonnomada haydovchi «Harakatlanish bo‘lagiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chiqqani» yozilgan. Tarmoqda tarqalgan videoda esa bunday qoidabuzarlik ko‘rinmaydi.

Fuqaro adolatsiz yozilgan deb hisoblagan bayonnomada ko‘rsatilgan jarimaning 50 foizini to‘lagan va mashinasini jarima maydonidan olib chiqqan.

Rasmiylar nima deydi?

Kun.uz muxbiri Buxoro viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan bog‘landi. Matbuot kotibi Ulug‘bek Shukrullayevning so‘zlariga ko‘ra, Kia K5 haydovchisi piyodalar o‘tish joyigacha bo‘lgan ancha masofada huquqni muhofaza qiluvchi organlarning maxsus kuzatuvi ostidagi kortejga yo‘l bermasdan kelgan va shuning uchun jarimaga tortilgan.

Kia K5 haydovchisi 200-300 metrgacha uni ovozini eshitib, ko‘rib reaksiya qilmagan. Ogohlantirishlarga qaramay, yo‘l bermasdan kelgan. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda bekatdagi videoni olib, boshqacha talqin qilinyapti.

Aslida haydovchi tezkor va maxsus xizmatlarning avtomobillariga yo‘l berishi, piyoda esa Yo‘l harakati qoidalarining 21-bandiga ko‘ra maxsus xizmatlarning transport vositalari yaqinlashayotganda piyodalar qatnov qismidan o‘tmasligi, unda harakatlanayotganlari esa zudlik bilan yo‘l berishi kerak. Shuning uchun, agar Kia haydovchisi oldinroq chetga o‘tganda, bu holat yuz bermasdi, piyoda ham to‘xtardi”, dedi Ulug‘bek Shukrullayev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu turdagi maxsus kortejlar xavfsizlik nuqtayi nazaridan imkon qadar to‘xtamasdan harakatlanishi talab etiladi.

Shu sababli haydovchi tuzilgan ma’muriy bayonnoma – u piyodaga yo‘l bergani uchun emas, balki oldinroqda kortejga yo‘l bermasdan kelgani uchun, to‘g‘ri tuzilgan. Piyodani o‘tkazib yuborish uchun to‘xtaganiga e’tirozimiz yo‘q, bu holatni hisobga olib kortej ham to‘xtagan”, deydi Buxoro viloyati YHXB rasmiysi.

Video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, Kia K5 haydovchisi o‘zini Buxoro viloyati YHHB boshqarmasi masalani hal qilish uchun chaqirayotganini aytdi. U IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga yuzlanib, holatga qonunan yondashishni, o‘ziga chiqarilgan jarimani bekor qilishni va “noqonuniy harakat sodir qilgan” amaldorlarga chora ko‘rilishini so‘ramoqda.

Mavzuga oid