O‘zbekiston | 15:15 / 06.08.2017
20002
2 daqiqa o‘qiladi

Urgut erkin iqtisodiy zonasida 300 mln dollarlik texnopark barpo etiladi

Xalqaro press klubning Samarqandda o‘tayotgan sayyor anjumanining mavzusi «Samarqand: Harakatlar strategiyasi — amaliyot, ijro, hayot» bo‘ldi.

Viloyat rahbarlari, mutasaddilar, ishbilarmonlar, fermerlar va yoshlar ishtirokida o‘tgan anjumanda viloyat hokimi v.b. Turobjon Jo‘rayev press klub moderatorining Urgut tumanida yaratilayotgan erkin iqtisodiy zona haqidagi savollariga javob berdi.

Viloyat hokimining so‘zlariga ko‘ra, erkin iqtisodiy zonaning Urgut-1, Urgut-2, Urgut-3 uch qismli loyihasi jami 181 loyihani qamrab olgan va ayni paytda ularning 57 tasi ishga tushirilgan.

Ushbu loyiha uchun qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan 881 ga yer ajratilmoqda. Ayni paytda bu yerda infrastrukturani yaratish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Shu paytgacha 180 dan ortiq tadbirkor, jumladan, xorijiy investorlar ushbu zonada o‘z loyihalarini amalga oshirish istagini bildirishgan. Jumladan, xitoylik tadbirkorlar 1,2 mlrd. dollarlik loyihani amalga oshirishni maqsad qilishgan. Loyiha asosan farmatsevtika yo‘nalishida amalga oshirilishi nazarda tutilgan esa-da, 300 mln. dollarlik texnopark bunyod etilayotganini viloyat hokimi alohida qayd etib o‘tdi. Texnoparkda tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan 5 tacha zavod bo‘ladi, ushbu zavodlar uchun mutaxassislar tayyorlab beruvchi o‘quv muassasasi quriladi.

Urgut erkin iqtisodiy zonasi loyihalarini amalga oshirish uchun Urgut tumanida 390, Past Darg‘om tumanida 86, Nurobod tumanida 360 gektar yer ajratilmoqda, dedi EIZ barpo etilishi uchun mas'ul mutasaddi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2017–18 yillarda EIZda barpo etiladigan yangi korxonalarda 5 mingdan ortiq mahalliy aholi vakillari doimiy ish bilan ta'minlanadi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов

Mavzuga oid