O‘zbekiston | 08:58 / 08.04.2019
9300
4 daqiqa o‘qiladi

Ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatiga aloqador kamchiliklar ma'lum qilindi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Hukumat tuzilmasiga kiruvchi idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlarini yanada ixchamlashtirish va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish jarayonining tizimli tahlili Hukumat tuzilmasiga kiruvchi idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyatini tashkil etishda islohotlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qiluvchi ayrim kamchiliklarning saqlanib qolayotganligidan dalolat bermoqda. Xususan:

birinchidan, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini tashkil etish asoslari tarmoq, soha va hududlarni rivojlantirish hamda joylarda to‘planib qolgan muammolarning o‘z vaqtida hal etilishini ta'minlamayapti. Ijro etuvchi hokimiyat organlari huquqiy maqomining ayrim holatlarda aniq chegaralab qo‘yilmaganligi ularning davlat apparatidagi aniq o‘rni va rolini aniqlash imkonini bermayapti hamda ayrim ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuklatilgan vazifalarning deklarativ xarakterga egaligi, ularni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yetarli emasligi, vazifalarning takrorlanishi va davlat tomonidan ortiqcha tartibga solish holatlarining mavjudligi amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda, shuningdek ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari javobgarlik sohalarining aniq chegarasi, ayniqsa, joylarda ijro etuvchi hokimiyat organlarining ichki idoraviy va idoralararo o‘zaro hamkorligining mexanizmlari ta'sirchan emas;

ikkinchidan, davlat funksiyalari va vakolatlarining haddan tashqari markazlashtirilganligi hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish va aholining eng muhim muammolarini hal qilishda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rolining pasayishiga olib kelmoqda;

uchinchidan, ijtimoiy va davlat-xususiy sheriklikning sust rivojlanganligi nodavlat notijorat tashkilotlari va tadbirkorlik sub'yektlarining dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi ishtirokini cheklaydi hamda oqibatda budjet xarajatlarining kamayishini ta'minlamaydi;

to‘rtinchidan, ayrim rahbarlarda mas'uliyat va tashabbuskorlikning yetarli emasligi soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni va maqsadli ko‘rsatmalarni o‘z vaqtida hamda sifatli hal etishga salbiy ta'sir qilmoqda. Davlat xizmatining unifikatsiyalangan huquqiy asoslari, davlat xizmatchilarining maqomini belgilovchi yagona normalar, ularning faoliyatini baholash mezonlari shakllantirilmaganligi davlat xizmatchilarining professional korpusini yaratish imkonini bermayapti. Ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarini ijtimoiy-moddiy himoya qilishning past darajada ekanligi, yuklatilgan javobgarlik darajasining ular ijtimoiy-huquqiy holatiga muvofiq kelmasligi, mehnatga haq to‘lash va ijtimoiy ta'minot jamg‘armasini shakllantirishning yagona prinsiplari mavjud emasligi malakali kadrlarning davlat xizmatidan chiqib ketishiga olib kelmoqda, shuningdek hokimlikning turli bo‘g‘inlarida (viloyat, tuman va shahar hokimliklari) va markaziy davlat boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalarida (viloyat boshqarmalari, tuman, shahar bo‘limlari) vakolat, vazifa va funksiyalar aniq taqsimlanmagan, ya'ni kim nimaga mas'ul ekanligi aniq belgilanmagan;

beshinchidan, joylardagi mahalliy hokimliklarning hududlarni rivojlantirish dasturlari va loyihalarini ishlab chiqishdagi tashabbuskorligi past darajada, ya'ni markazga kuchli bog‘lanib qolgan. Tasdiqlanayotgan dasturlarni mahalliy kengashlar tomonidan tasdiqlash imkoniyati mavjud bo‘la turib, Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlanmoqda.

Mavzuga oid