O‘zbekiston | 08:45 / 05.09.2020
5590
7 daqiqa o‘qiladi

O‘rmon xo‘jaligi texnikumi tashkil etiladi

O‘rmon xo‘jaligi sohasida ilm-fan bilan ishlab chiqarish integratsiyasini ta'minlash, ta'lim jarayoniga zamonaviy axborot va raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda ilg‘or xorijiy tajriba bo‘yicha yetarli bilim va malakalarga ega bo‘lgan kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimida O‘rmon xo‘jaligi texnikumi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining o‘rmon xo‘jaligi sohasini rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent viloyati, Toshkent tumani, Darxon qo‘rg‘oni, Chimkent yo‘li ko‘chasi, 2-uy manzilida joylashgan Toshkent tumani o‘rmon xo‘jaligi kolleji negizida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi O‘rmon xo‘jaligi texnikumini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Texnikum respublikadagi o‘rmonchilik yo‘nalishi bo‘yicha tayanch o‘rta maxsus professional ta'lim muassasasi hisoblanib, oliy ta'lim muassasalarining o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi mos ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashtiriladi.

Texnikumda ta'lim standartlari, malaka talablari, o‘quv rejasi va dasturlarini joriy etish, muvofiqlashtirish, metodik yordam ko‘rsatish Toshkent davlat agrar universiteti va ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha rahbarlik qilish Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Quyidagilar Texnikumning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

o‘rmon xo‘jaligi sohasi va tarmoqlari uchun ta'limning xalqaro tasniflagichi 5-darajasi bilan uyg‘unlashgan milliy professional standartlarga mos o‘rta maxsus ma'lumotli kadrlar tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yish;

o‘rmon xo‘jaligi va uning tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashning uzluksizligi va uzviyligi asosida o‘rta maxsus professional ta'lim darajasida kunduzgi, kechki va sirtqi ta'lim shakllarida oliy ta'limning bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bilan integratsiyalashgan (Associate degree) dasturlar asosida kadrlar tayyorlash;

Xalqaro tasniflagich darajalari bilan uyg‘unlashgan tabaqalashtirilgan ta'lim dasturlarini hamda o‘qitishning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy etish;

o‘rmonlar barpo etish, asrash, ko‘paytirish, muhofaza qilish, o‘rmon flora va faunasi, sohani raqamlashtirish, agrobiznes, marketing, logistika, qishloq xo‘jaligi va organik mahsulotlarni hamda dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, shuningdek, ekoturizm va ov xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha zarur bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish;

xorijiy va mahalliy ilmiy-tadqiqot hamda oliy ta'lim muassasalarida, ilg‘or tajriba va texnologiyalarga ega ishlab chiqarish korxonalarida pedagog kadrlarning malakasini oshirish va stajirovkalarini tashkil etish;

o‘quvchilarning kasbiy layoqat, ko‘nikma va malakalarini rivojlantirish maqsadida ilg‘or texnologiyalar asosida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik sub'yektlarida ularning amaliyotlarini tashkil qilish, ta'lim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyalashuvini ta'minlash;

o‘quvchilarda vatanparvarlik va fidoyilikni shakllantiruvchi milliy o‘zlikni anglash, xalqning madaniy, tarixiy an'analariga hurmat, vatan bilan g‘ururlanish ruhida tarbiyalash.

Texnikum Toshkent tumani o‘rmon xo‘jaligi kollejining huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

Toshkent tumani o‘rmon xo‘jaligi kollejining bino va inshootlari tegishli hududi, asosiy vositalar va tovar-moddiy boyliklari operativ boshqarish huquqi bilan Texnikumga bepul beriladi.

Belgilanishicha:

Texnikumga o‘quvchilarni qabul qilish kvotalari va ta'lim yo‘nalishlari istisno tariqasida 2020/2021 o‘quv yili uchun tasdiqlanadi;

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining kadrlarga bo‘lgan talab va ehtiyojlari asosida shakllantirilib, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;

turdosh ta'lim muassasalari tomonidan o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi kasblar va mutaxassisliklar bo‘yicha qabul kvotalari O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

Texnikumda o‘rta maxsus professional ta'lim darajasida kadrlar tayyorlash Xalqaro tasniflagichining kamida 3-yoki 4-darajasiga mos ta'lim dasturlarini tamomlagan yoki umumiy o‘rta ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslar hisobidan “Hayot davomida ta'lim olish” prinsipi asosida kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yildan kam bo‘lmagan muddatda tashkil etiladi;

Texnikumda yuqori malakali pedagog-xodimlar tarkibini shakllantirishda ta'limning uzluksizligi va uzviyligini ta'minlash maqsadida qo‘mita tizimidagi ilmiy tashkilotlar hamda agrar sohadagi oliy ta'lim muassasalarining turdosh kafedralari professor-o‘qituvchilariga ustunlik beriladi;

Texnikumni o‘rmon xo‘jaligi sohasi bo‘yicha muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta'lim muassasalarida 2-kursdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi;

Texnikum O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida hisob raqamlariga ega bo‘ladi;

Texnikumni joriy saqlash, faoliyat yuritish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va kadrlar tayyorlash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining O‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi, to‘lov-kontrakt, xomiylik va grant mablag‘lari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

Texnikum direktori O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosarining tavsiyasiga ko‘ra O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Mavzuga oid