O‘zbekiston | 13:41 / 17.08.2023
61348
4 daqiqa o‘qiladi

XXI asr o‘quvchisi uchun zarur ko‘nikmalarini o‘rgatuvchi model – 4K haqida

Yangi o‘quv yilidan boshlab boshlang‘ich sinf o‘quvchilari yangi avlod darsliklari asosida ta’lim oladi. Darsliklarning asosiy xususiyatlaridan biri – ularning 4K tamoyili asosida ishlab chiqilganidadir. Ya’ni bu tamoyilda quruq ma’lumotlarni yodlatish yoki shunchaki o‘qish/yozishni o‘rgatish bilan cheklanilmaydi. O‘quvchilar nafaqat fanlarni, balki XXI asrda zarur bo‘lgan hayotiy ko‘nikmalarni ham o‘rganadi.

1C5gqIbSMT5ZYIgn8R86RUSvK3qcCQ5_.jpg (1280×853)

4K nima degani?

Boshlang‘ich sinflarda qo‘llanishi boshlanayotgan yangi tamoyil haqida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Dilshoda Norboyeva batafsil ma’lumot berdi. 

4K yondashuvi o‘z nomi bilan 4 ta tamoyilni o‘z ichiga oladi:

Kollaboratsiya: Darsliklar o‘quvchilarning jamoada ishlash qobiliyatini rivojlantirishga yordam beradigan tarzda tuzilgan. Bu o‘quvchilarga hamkorlik qilish, samarali fikr almashish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash ko‘nikmalarini o‘rganishga ko‘maklashadi.

Kommunikativlik: O‘quvchilar o‘z fikrlarini aniq, ravshan ifodalashga, suhbatdoshni tinglashga va tushunishga, ma’lumotni yetkazishda til vositalaridan unumli foydalanishga o‘rganadi.

Kreativ fikrlash: O‘quvchilar o‘z maqsadlariga erishish uchun yangi yondashuvlarni qo‘llashni o‘rganadi, innovatsion yechimlarni ishlab chiqadilar va ijodiy muammolarni hal qilish ko‘nikmalariga ega bo‘ladi.

Kritik (tanqidiy) fikrlash: Ushbu metodologiya o‘quvchilarning axborotni tanqidiy baholash, o‘z fikri va mulohazalarini shakllantirish ko‘nikmalarini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. O‘quvchilar muammolarga tahliliy nuqtayi nazardan yondashishni o‘rganadi va mantiqiy fikrlash asosida o‘z nuqtayi nazarini shakllantiradi.

Yangi innovatsion yondashuvni O‘zbekiston maktablarida joriy etishdan oldin xorijiy tajribalar ham o‘rganildi. Singapur, Xitoy, Angliya, Finlandiya, Estoniya kabi ta’limi ilg‘or mamlakatlar o‘quvchilarda 4K tamoyilini o‘z ichiga olgan XXI asr ko‘nikmalarini rivojlantirishga asosiy e’tibor qaratadi. 

PISA, PIRLS kabi xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallagan davlatlar ta’limida o‘quvchilarda "4K"ni o‘z ichiga olgan muloqot, tadqiqot, yaratuvchanlik kabi ko‘nikmalarga alohida urg‘u berilgan va shuning uchun ham ular xalqaro reytinglarda katta natijalarga erishishyapti.

Yangi model yaxshi ishlashi uchun qanday sharoit kerak?

"4K" modeliga asoslangan innovatsion yondashuv maktablarda qo‘llash uchun alohida sharoitlar talab etmaydi. Masalan, o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash qobiliyati savol-topshiriqlar bilan, muloqot ko‘nikmasi esa savol-topshiriqlar va mashg‘ulotlar orqali rivojlanadi. Maktablarda bu usullarni ishlatish uchun sharoit yo‘q deb aytish noto‘g‘ri.

comYALdhlqyBQkV6_wmguafRIkYDo8da_medium.jpg (608×405)

Yangi yondashuvni qo‘llay olish asosan o‘qituvchilarga bog‘liq. Shuning uchun ham yaqinda Toshkentda respublikadan yig‘ilgan 300 dan ortiq trener o‘qituvchilar tayyorlandi. Ular mamlakatdagi boshqa barcha o‘qituvchilar malakasini oshirishga yordam beradi.

Yangi innovatsion yondashuv natijasini o‘quvchining dunyoqarashi, fikrlashi o‘sishida ko‘rish mumkin. XXI asr o‘quvchisi portretida XXI asr ko‘nikmalari bo‘lishi kerak. Innovatsion yondashuvni qo‘llashdan asosiy maqsad ham shu. Qolaversa, ta’limning asosiy maqsadi – o‘quvchilarga nafaqat bilim berish, balki olgan bilimlarini hayotda qo‘llay olishga o‘rgatishdan iborat.

Mavzuga oid