O‘zbekiston | 18:20 / 24.11.2017
200716
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona eshak go‘shti ishlatmoqchi bo‘lgani fosh qilindi

Toshkent shahri, Olmazor tumanida joylashgan «Sharshara» brendi ostida go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi Gold Premium Product MChJga tegishli korxona ko‘zdan kechirilganda, 69,6 kg. eshak go‘shti boshqa go‘sht turlariga qo‘shib yuborilgani aniqlandi. Bu haqda ishonchli ma'lumotga tayangan holda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.R. hamda G‘.A. rejasini amalga oshirish uchun xorazmlik S.J. orqali 69,6 kg. miqdoridagi eshak go‘shtini «Sharshara» go‘sht ishlab chiqarish korxonasiga o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Bu ishni bajarish uchun go‘sht A.A.ga yetkazib berilgan. Mazkur go‘shtni qabul qilib olgan sex ishchilari uni o‘sha zahotiyoq boshqa turdagi go‘shtlarga qo‘shib yuboradi.

Tadbir davomida sex ko‘zdan kechirilganda, ko‘rinishi va hididan sifatsiz mahsulotga aylangan 275 kg. go‘sht mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Sanitar epidemiologiya nazorat markazi axborot xizmatining Kun.uz'ga xabar qilishicha, korxonadan olib qo‘yilgan 275 kg. go‘sht haqiqatan iste'molga yaroqsiz ekani ekspertiza xulosasi orqali tasdiqlandi.

Mazkur ish yuzasidan sex ishchilari R.G‘., N.Z., fuqaro A.A va S.J. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 186-moddasi 1-qismi, ya'ni «iste'molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish»da ayblanib, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid