Jahon | 21:51 / 01.08.2024
12776
8 daqiqa o‘qiladi

«To‘qqiz joni bor jangchi». Afsonaviy Muhammad Deyf haqida nimalar ma’lum?

Hamasning harbiy qanoti rahbari Muhammad Deyf – azaldan isroillik harbiylarning asosiy nishoni bo‘lib kelgan. Bugun Isroil harbiylari uning o‘limini tasdiqladi.

Isroil mudofaa armiyasi Hamas harbiy qanoti rahbari Muhammad Deyf isroilliklarning 13 iyul kuni G‘azo sektori janubiga yo‘llagan zarbasi oqibatida halok bo‘lgani haqida ma’lum qildi. O‘shanda isroilliklar hujum nishoni Muhammad Deyf va uning yaqin safdoshi Rafa Salama ekanini, Seyf zarba oqibatida halok bo‘lganini ma’lum qilgan, ammo Deyfning o‘limi tasdiqlanmagandi.

Isroilliklar uni yo‘q qilish uchun bir necha yildan buyon harakat qilib kelardi. Hamas hozircha bu borada munosabat bildirmadi.

Deyf 2023 yil 7 oktyabrida Hamasning Isroilga uyushtirgan hujumi tashkilotchilaridan biri sifatida ko‘rilardi, o‘shanda asosan tinch aholi vakillari bo‘lgan 1200 nafar atrofidagi isroillik va xorijliklar o‘ldirilgan, yana 251 kishi garovga olinib, G‘azo ichkarisiga olib ketilgandi.

Bunga javoban Isroil sektorda yirik harbiy amaliyot boshladi, Hamas nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, bu amaliyot natijasida o‘tgan vaqt ichida 38 700 falastinlik halok bo‘lgan.

Muhammad Deyf o‘zi kim edi?

Deyf G‘azo sektorida deyarli afsonaviy maqomda edi - u qamoqxonadan qochib ketgan va kamida yetti suiqasddan omon qolgan.

Deyf haqidagi ma’lumotlar faqat Isroil va Falastin nashrlaridagi xabarlardan olingan.

Ularda aytilishicha, Deyf 1965 yilda Xon-Yunus yaqinidagi qochqinlar lagerida tug‘ilgan, o‘sha vaqtda bu hudud Misr tomonidan okkupatsiya qilingandi.

Deyfning haqiqiy ismi — Muhammad Diab al-Masri (shuningdek Abu Xolid yoki Al-Deyf). U 1996 yildan Hamasning harbiylashgan qanoti «Izz ad-Din al-Qassam» brigadasini boshqargan.

Falastinliklar uni Hamasning «miyasi» deb atashgan, isroilliklar uchun esa u «O‘lim darakchisi» yoki «To‘qqiz jonli jangchi» sifatida ma’lum edi.

Deyf G‘azodagi Islom universitetida o‘qib bakalavr diplomini olgan. Talabalik yillarida u aktyorlik mahoratiga (umuman olganda, teatrga) mehr qo‘ygan va hatto u yerda truppa tuzgan.

1987 yilda Hamas tashkil etilgani e’lon qilinganida, Deyf birinchilardan bo‘lib guruh safiga kirgan. 1989 yilda Isroil hukumati uni hibsga oladi, u bir yildan ortiq vaqtni panjara ortida o‘tkazadi.

Hibsda ekanida Deyf Zakariyo Al-Shorbagiy va Saloh Shihad bilan Hamasning isroillik askarlarni garovga olishga ixtisoslashadigan alohida guruhi — «Al-Qassam brigadalari»ni tuzishga kelishib oladi.

Qamoqdan chiqqanidan keyin Deyf turli brigadalarni yagona harbiy tuzilmaga birlashtirib, (boshqa brigadalar yetakchilari bilan birgalikda) «Izz ad-Din al-Qassam»ning asoschilaridan biriga aylanadi.

Yetakchi sifatida, Deyf Hamasning o‘ziga xos quroli — «Qassam» raketalarini, shuningdek Hamas a’zolari blokpostlarni chetlab o‘tgan holda Isroil hududiga kirishda foydalaniladigan G‘azo ostidagi tunnellarni ishlab chiqishda ishtirok etgan. Deyf ko‘p vaqtini shu tunnellarda, isroillik harbiylardan yashiringan holda Hamas amaliyotlarini boshqarish bilan o‘tkazgani aytiladi.

Ammo unga qarshi qo‘yiladigan eng jiddiy ayblov — 1996 yil boshida teraktlar uchun bombalar tayyorlagan (o‘shanda avtobuslar portlatilishi oqibatida 50 ga yaqin isroillik halok bo‘lgan), shuningdek 1990-yillar o‘rtalarida uch nafar isroillik askarni garovga olish va o‘ldirishda ishtirok etgan Yahyo Ayyashning o‘ldirilishiga javoban «qasos operatsiyalari»ni ishlab chiqish va ijro etishda shaxsan ishtirok etishi bilan bog‘liq.

2000 yilda Isroil hukumati uni yana qo‘lga olib, qamoqqa tashlashga muvaffaq bo‘ladi, ammo Deyf Ikkinchi intifada boshlanganida qamoqdan qochib ketadi va shundan keyin uni ko‘rishmaydi: u hech qayerda o‘zidan iz qoldirmaslikka harakat qilardi.

Hozirgacha Deyfning faqat uch surati ma’lum edi: fotolardan biri olinganiga juda ko‘p vaqt bo‘lgan, o‘shanda u hali juda yosh edi, boshqasida esa uning yuzi niqob bilan to‘silgan, uchinchisida — uning faqat soyasi ko‘ringan.

Faqat bugun, uning o‘limi tasdiqlanganidan keyin isroilliklar navbatdagi suratni namoyish etishdi.

«U Hamasning eng qattiqqo‘l vakili sifatida ko‘rilardi», — deydi AQSh Davlat departamentida terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan, Yaqin Sharqdagi xavfsizlik masalalari bo‘yicha tahlilchi Metyu Levitt.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Deyf Hamasning eng jangari qo‘mondonlari, xususan Yahyo Ayyash bilan yaqin bo‘lgan va uning qo‘riqchisi hisoblangan. Teraktlar bo‘yicha ayblovlar esa uning tashkilotdagi martabasini oshirgan.

2002 yilda u Hamas harbiy qanoti asoschisi Saloh Shihad o‘ldirilganidan keyin uning o‘rnini egallaydi.

Uning o‘ziga qilingan ko‘p sonli suiqasdlardan eng jiddiysi 2002 yilgi urinish bo‘lgandi: Deyf mo‘jiza tufayli omon qoladi, ammo jarohatlanish oqibatida bir ko‘zini yo‘qotadi.

Isroil hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, yana bir suiqasddan keyin u qo‘l-oyoqlaridan ham ayrilgan va gapirishga qiynaladigan bo‘lib qolgan.

2014 yilda, Isroilning G‘azo sektorida qariyb sakkiz hafta davom etgan amaliyoti vaqtida isroillik harbiylar uning rafiqasi va ikki yosh farzandini ham o‘ldirishadi, ammo Deyfning o‘zi yana tirik qoladi.

U «Abu Xolid» laqabini «Kloun» pesasida shu ismli personajni o‘ynagani uchun olgan. Haqiqiy Abu Xolid tarixiy shaxs bo‘lib, o‘rta asrlarda yashagan.

«Deyf» so‘zining o‘zi arab tilidan tarjima qilinganda «mehmon» ma’nosini anglatadi. U bunday laqabni hech qayerda uzoq qolmasligi, Isroil maxsus xizmatlari iziga tushmasligi uchun har tunni yangi joyda o‘tkazishi tufayli tanlagan.

Xavfsizlik sohasidagi ekspertlarning hisoblashicha, u zamonaviy aloqa vositalaridan foydalanmasligi evaziga ham Isroil harbiylariga tutqich bermay kelgan.

«Agar sizda telefonlar bo‘lmasa, kompyuterlar bo‘lmasa, zamonaviy maxsus xizmatlar siz qayerda ekaningizni bilishini qiyinlashtiradigan usullarga ega bo‘lasiz», — deydi Levitt.

Deyf Hamasning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlarini boshqargan

Isroil razvedkasining sobiq rahbari aytishicha, Hamas tunnellari chuqurligi, razvedka ma’lumotlari eskirishi, hamrohlariga zarar yetkazishdan tiyilish va o‘q-dorilar noto‘g‘ri borishi — Deyf uzoq vaqtgacha omon qolishining boshqa sabablari hisoblanadi.

G‘azo ko‘chalarida ham deyarli hech kim Deyfni ko‘rmagan va tanimasdi.

Shuningdek, Levitt so‘rovlar natijalariga asoslangan holda falastinliklar «Hamasning eng jangari yetakchilarining faoliyatini ma’qullamasligi»ni bildirgan.

Shunga qaramay, o‘t ochishni to‘xtatish haqida e’lon qilganida, bu ayrim falastinliklar ko‘chalarga chiqib, Deyfning nomini aytib hayqirishiga xalal bermagan.

Deyf isroilliklarning yana bir necha suiqasdlaridan omon chiqqani faqat u haqidagi afsonalarni kuchaytirgan, deb hisoblaydi Levitt.

«Isroil uning o‘limidan manfaatdor bo‘lishining asosiy sababi shundaki, u haqiqatan ham eski maktabga mansub, uning avtoriteti yuqori, — deydi Levitt. — Hamas paydo bo‘lganida ham bor bo‘lgan katta yetakchilar ko‘p emas. U bu borada o‘ziga xosdir».

Mavzuga oid