O‘zbekiston | 00:17 / 16.01.2017
23935
4 daqiqa o‘qiladi

Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi qattiq tanqidga uchradi

14 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizni 2016 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini har tomonlama tahlil qilish hamda respublika hukumatining 2017 yil uchun iqtisodiy va ijtimoiy dasturi eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini belgilashga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi va turli sohalardagi kechiktirib bo‘lmaydigan bir qator muhim vazifalar haqida so‘z yuritdi. 

Shavkat Mirziyoyev Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining tizimini  tubdan qayta tashkil etish, shaharsozlikning eskirgan metodologiya va normativlari, kapital qurilishdagi nomutanosiblik va muammolarni bartaraf etish, shuningdek loyiha institutlarining samarasiz faoliyatini qayta ko‘rib chiqish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. 

"Shaharsozlikni takomillashtirish bo‘yicha bir qator hujjatlar qabul qilingan bo‘lsa-da, ko‘pchiligi nazoratsiz qolgan. 2012-2015 yillarda ishlab chiqilgan 18ta shahar va posyolkaning bosh rejasi hali ham tasdiqlanmagan. Qo‘mita rahbariyati bundan 3 yil avval tuman arxitektura faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha kengashlar tashkil etish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va "Damas" avtomobillari ajratish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi ustidan nazoratni ta'minlamadi. 

Lisenziyaga ega bo‘lgan 850ta loyihalash tashkilotlarining atigi 147tasi yoki 17 foizi respublika miqyosida investitsiya dasturlarini amalga oshirishga jalb etilgan. Bizning eng jiddiy kamchiliklarimizdan biri - zamonaviy, talabga javob beradigan loyihalashtirish institutlarining yo‘qligi. Ularning moddiy-texnika bazasi o‘tgan asrning 80-yillari darajasida qolib ketgan. Nima uchun hamma yerda kamchilik? Chunki loyihalashtirish instituti yo‘q. Yo‘nalishlar bo‘yicha esa umuman yo‘q. Ular tomonidan axborot texnologiyalarining zamonaviy ilm-fan, arxitektura va dizayn yutuqlarini qo‘llash darajasi haqida gapirmasak ham bo‘ladi. Shu sababli hayotning o‘zi har bir viloyatda 1-2 zamonaviy loyihalashtirish  institutini tashkil etishni talab qilmoqda". 

Prezidentimiz shuningdek davlat mablag‘lari va resurslari talon-taroj qilinayotganligiga diqqatni qaratdi. 

"O‘tgan yili inspeksiyalar tomonidan pudrat ishlari hajmi 4 milliard 700 million so‘mga kamaytirilgan. 24 ming loyiha ekspertizadan o‘tkazilganda ularning narxi 1 trillion 500 milliard so‘mga kamaygan. Savol: bunday jiddiy kamchiliklarni Zakirov va uning birinchi o‘rinbosari To‘xtayevlar bilmaydimi? Nima sababdan siz, ikkingiz ayrim obektlar bilangina cheklanib, ko‘rsatilgan muammolar ichiga kirish va ularni yechishga umuman e'tibor bermaysiz? Na kadr tayyorlash bor, na loyiha ishlari bor! Qayerga qarama, eski usul va bir xillik. 

Agar har bir viloyatda zamonaviy loyihalashtirish institutini tashkil qilmasak, holimiz voy bo‘ladi. Butun tizimni tubdan qayta tashkil etish bo‘yicha 20 kun muddatda aniq takliflar kiritish zarur". 

Mavzuga oid