O‘zbekiston | 08:20 / 21.01.2021
3712
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident imkoniyati cheklangan bolalarga grafik dizaynni o‘rgatish taklifini ma'qulladi. Bu qanday tashkil etiladi?

Umidjon Ortiqov 15 yanvar kuni prezidentning Yunusobod faollari bilan o‘tkazgan uchrashuvida qatnashib, kar va soqov bolalarga IT-dizaynni o‘rgatish taklifini bildirdi. Davlat rahbari taklifni ma'qullab, tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berdi.

Umidjon Ortiqov /Foto: Kun.uz

Umidjon Ortiqov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda taklifining mazmuni haqida so‘zlab berdi.

«Prezident bilan uchrashuvga qadar, taklifimni rad etib kelishgan»

— Toshkent davlat axborot texnologiyalari universitetini tamomlaganman. Hozirda Sharqshunoslik instituti qoshidagi akademik litseyda informatika fanidan dars beraman. Shuningdek, veb-saytlar yasash, logo-brending va SMM-posterlar, dizayn mahsulotlari yasash, Android dasturlarini ishlab chiqish va Play Market'ga joylab berish bilan shug‘ullanaman.

Ish jarayonida imkoniyati cheklanganlar maktablariga borib turardik. Shulardan biri 101-sonli kar va soqovlar maktab-internati bo‘lgan. Borganimizda ularning qiziqishlarini o‘rganganmiz. Alloh ularni nimadir tomondan qisgani bilan boshqa jihatdan ustunliklari bor. Men o‘zim payqagan narsa – ulardagi ijodkorlik tuyg‘usining yuqoriligi edi.

Keyinchalik do‘stlarim bilan kelishib, eshitish va gapirishda nuqsoni bor ukalarimizga IT-dizayn sohasini o‘rgatishni maqsad qildik. Loyihani Uzbek Compass deb nomladik.

Prezidentimiz bilan uchrashuvda shu haqda gapirdim va menga imkoniyat berildi. Bungacha loyiha rad etib kelinardi. Balki, ayb o‘zimda bo‘lgandir, tushuntirib berolmagandirman, deb o‘ylayman.

«Loyihadan maqsad – kar va soqovlar jamiyatga hissa qo‘shishiga imkon yaratish, masofadan daromad topishga yo‘naltirish»

— Biz bu loyiha orqali kar va soqovlarni dizayn yo‘nalishlariga o‘rgatib, ularni ham masofadan daromad topishga yo‘naltirmoqchimiz. Asosiy maqsad - eshitish va gapirishida nuqsoni bo‘lgan kishilarga jamiyatga o‘z hissasini qo‘shishiga imkon yaratish.

Ular ham jamiyatga hissa qo‘shishni xohlaydi. Buning uchun esa o‘rtadagi to‘siqni olib tashlash kerak.

Buning uchun, avvalo, ularning kompyuter savodxonligi oshiriladi. Biz bunda surdo tarjimonlar xizmatidan ham foydalanamiz. Keyin esa yuqori sinflarda grafik dizaynni o‘rgatib, ular orqali bir-biriga o‘rgatish usuli bilan boshqa yoshlarda qo‘llaymiz.

Biz ularni 3 oydan 6 oygacha o‘qitamiz, bu davrda ular fotoshop, illyustrator kabi dasturlarda ishlashni o‘rganadi. Muddat uzoq qo‘yilishiga yana bir sabab – IT'da 45 kishi o‘qishni boshlashi mumkin, lekin oxirida 5–6 nafar haqiqatda qiziqadigan odam qolishi ham bor gap.

Frilanserlikning qulay tarafi – buyurtmachining ham, ishni bajaruvchining ham vaqti tejaladi, biror narsaga buyurtma berish uchun masofaga vaqt sarflab kelib-ketishi shart emas, onlayn tarzda buyurtma berishi mumkin.

Prezidentimiz tavsiyasi asosida Yunusoboddagi IT-park bilan uchrashdim va loyihamizning konsepsiyasini kelishib oldik.

Bundan tashqari, Yoshlar ishlari agentligi bilan ham bog‘landim. Ular bu loyihani amalga oshirishim uchun joy, moddiy-texnik baza bilan ta'minlashini taklif qildi.

«Prezidentimiz nonsizlik haqida gapirganida beixtiyor yig‘lab yubordim»

— Prezidentimiz bilan uchrashuvda nonsizlik haqida haqida so‘z bordi. Bilasizmi, shu payt gapirganlarida o‘zimni tasavvur qilib ketdim va beixtiyor yig‘lab yubordim.

O‘zim Bekobod shahridanman. Oilada katta farzandman, otam rahmatli oddiy ishchi inson bo‘lgan. Yoshligimni yaxshi eslayman, ota-onam somsaxonalarga piyoz to‘g‘rab olib borib berardi. Shu sabab ham yoshligim qiyinchilikda o‘tgan. Maktabdan uyga borgim kelmagan holatlar ham bo‘lardi. Chunki uyga borsam piyoz to‘g‘rayman degan fikr bo‘lardi-da. Maktabda ko‘proq qolishni istardim.

Sal katta bo‘lgach bozorda arava tortganman, novvoyxonada ishlaganman. Tushlik vaqtigacha ishlab keyin maktabga borardim. Tengdoshlarim meni ham bozorda, ham maktabda ko‘rardi. Men ular kabi kompyuter o‘yinlari klublariga borolmasdim. Oddiy shirinlik yegan yoki yaxna ichimlik ichgan kunim bayram edi.

Kim bilandir tortishib qolsam, bor, tort aravangni, deganini eshitardim. Ko‘cha, bozor va har xil gap-so‘zlar meni taslim bo‘lmaslikka o‘rgatdi. Yoshim ulg‘aygach, bu narsalar bekorga bo‘lmaganini tushundim.

Kollejni tamomlab, Bekoboddagi zavodga ishga kirganman. Ishim yaxshi edi: oyligim baland, sharoit muhayyo. Lekin o‘qishni xohlardim. Bilardimki, menga porloq kelajakni hech kim yaratib bermaydi. O‘zim harakat qilishim kerak.

Biz tomonda hamma «politexnika»da (Toshkent davlat texnika universiteti – tahr.) o‘qigani uchun, Toshkentda bitta universitet bor deb yurardim. Keyinchalik universitetlar ko‘pligini, istalgan sohamni tanlab o‘qishim mumkinligini tushundim. Shu sababli ish asnosida tayyorgarlik ham ko‘rib yurdim. Va TATUga o‘qishga kirib, u yerni muvaffaqiyatli tugatdim ham.

Kontraktda o‘qiganman, otam vafot etgani sabab meni o‘qitish imkonsiz edi, lekin onam va ukam men uchun Rossiyada ishlashdi, farroshlik qilishdi va kontrakt pulini topib berishdi. O‘zim ham har joyda ishlab harakat qilganman.

Oliy ta'limni tugatganimga mana 2 yildan oshdi, shundan buyon Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi akademik litseyda informatika fanidan dars beraman. Shu bilan birga, yuqorida aytganimdek, IT sohasida ishlab kelaman.

Mavzuga oid