O‘zbekiston | 19:10 / 21.12.2019
4140
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga hozir samarali faoliyat olib boradigan qonun chiqaruvchi hokimiyat kerak – xalqaro kuzatuvchilar

2019 yilning 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlarni kuzatish uchun dunyoning ko‘plab davlatlaridan 800 dan oshiq xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekistonga kelishgan. Kun.uz muxbiri Belarusdan tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilarning saylov jarayonlari haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

«Bizdayam yaqinda saylov kampaniyasi bo‘lib o‘tdi. Tashrifimiz davomida O‘zbekistondagi saylov jarayoni bilan atroflicha tanishishga muvaffaq bo‘ldik. Shuni qo‘rqmasdan ta'kidlay olamizki, O‘zbekistonda xalqaro talablarga to‘la mos ravishda, erkinlik, tenglikka asoslangan demokratik saylovlar bo‘lmoqda. Eng muhimi, biz nafaqat yangilangan saylov qonunchiligini yoki yangilangan saylov jarayonlarini ko‘ryapmiz, balki yangi O‘zbekistonni, davlatingiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarni hayotga tatbiq qilishga intilayotgan yangi odamlarni ko‘rayapmiz. Aniq gapiradigan bo‘lsak, eng avval qanday o‘zgarishlar e'tiborni tortadi. Bu – birinchi navbatda ochiqlik. O‘zbekiston ichki va tashqi kuzatuvchilar uchun ochildi. Mamlakatda partiyaviylik tizimi va parlamentarizmni rivojlantirish, saylov jarayonini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. davlat rahbariyati tomonidan fuqarolar bilan til topishish, ular bilan uzviy muloqot o‘rnatishga qaratilgan sa'y-harakatlarni alohida ta'kidlagan bo‘lardim», deya Belarus strategik tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Tatyana Shendikning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Mamlakatingizda so‘nggi yillarda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni, ichki va tashqi siyosatga oid islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib bormoqdamiz. Islohotlarning samaradorligini ta'minlash uchun esa kuchli parlament va kuchli mahalliy kengashlar kerak bo‘lishini yaxshi anglaymiz. O‘zbekistonga hozir samarali faoliyat olib boradigan qonun chiqaruvchi hokimiyat kerak. O‘zbekistonning akademik doiralari vakillari, xususan, O‘zbekiston milliy universitetidagilar bilan tez-tez ko‘rishib turamiz. Ulardagi to‘lqinlanish, o‘zgarishlardan umidvorlikni ko‘rib turibmiz va mamlakatdagi yangilanishlar muvaffaqiyat keltirishiga ishonamiz. Albatta, O‘zbekistonning oldida murakkab vazifa turganini to‘g‘ri tushunamiz, demokratik islohotlarni qanday ta'minlash va radikal plyuralizmdan qanday saqlanish kerak? Radikal plyuralizm sharoitida jamiyat va tuzumni boshqarib bo‘lmay qoladi. O‘zbekiston o‘z boshqaruvchanligini saqlab qolishi, boshqa tomondan esa qilinayotgan ishlar samara berishini kutib qolamiz», deydi Belarus davlat universiteti xalqaro munosabatlar fakulteti dekani, tarix fanlari doktori, professor Viktor Shadurskiy.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Mahmud Istamovning ma'lum qilishicha, O‘zbekistondagi parlament saylovlarini kuzatish uchun 131 nafar xorijiy OAV vakili hamda 825 nafar xalqaro kuzatuvchi akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

Mavzuga oid