Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya prezidenti Vladimir Putin hayotidan hammaga ham ma'lum bo‘lmagan faktlar
7 oktabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘zining 64 yoshini qarshiladi. Jahondagi turli voqealar sababli Putinning shaxsi turlicha qabul qilinadi, ba'zilar uning siyosatini qo‘llab-quvvatlaydilar, ba'zilar ma'qullamaydilar. Biroq quyida biz bu haqda to‘xtalmaymiz, shunchaki Putinning hayotidan hammaga ham ma'lum bo‘lmagan faktlar bilan tanishtiramiz.
Vladimir Putin Leningradda Fontanka sohilbo‘yi yonidagi Baskov ko‘chasidagi kommunal kvartirada katta bo‘lgan.

Putin oilada uchinchi o‘g‘il bo‘lgan, biroq uning urushgacha tug‘ilgan ikki akasi ham yoshliklarida vafot etib ketishgan.

1952 yilda Leningraddagi Spaso-Preobrajyenskiy cherkovida cho‘qintirilgan.

Putinning otasi – Vladimir Spiridonovich Putin Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, zavodda usta bo‘lgan. Onasi – Mariya Ivanovna Shelomova ham zavodda ishlagan, Leningrad qamalidan omon chiqqan.

Putinning bobosi Spiridon Ivanovich Putin juda taniqli oshpaz bo‘lgan, u partiya rahnamolariga taom tayyorlagan. U Leninning bosh oshpazi bo‘lgan, bir necha bor Stalinga taom tayyorlashiga to‘g‘ri kelgan.

Volodya yoshligidayoq razvedkachilar haqidagi filmlarga qiziqqan va davlat xavfsizligi idoralarida ishlashni orzu qilgan.

Putin ikkita maktabda o‘qigan: 8-sinfdan keyin o‘qishni maxsus kimyo maktabida davom ettirgan. Biroq, ta'kidlanishicha, u maktabda aniq fanlardan o‘rtamiyona o‘qigan.

Bir marta Volodya maktabning 4-qavatidagi balkonning tashqi tomonidan qo‘lida osilib tura olishiga bahs boylagan va bu bahsda g‘olib chiqqan.

U 9-sinfda o‘qayotganda 10-sinf o‘quvchisi uni tepgan. Ular orasida nizo chiqqan va darsdan keyin butun 10-sinf Volodya bilan "gaplashib qo‘yish uchun" uni tashqarida poylab turgan. KGBning bo‘lg‘usi agenti bu nizoda g‘olib chiqqan.

Bitiruv kechasida Volodya sinf rahbari bilan 20 ta pirojniy yeya olishiga bahs boylagan, biroq o‘sha kuni u "bor-yo‘g‘i" 14 tagina pirojniy yeya olgan.

Bo‘lg‘usi rafiqasi bilan Leningrad davlat universitetida o‘qib yurganida tanishgan. Ular turli fakultetlarda tahsil olishgan: Putin – huquqshunoslikda, uning rafiqasi Lyudmila Putina esa filologiyada.

Putin dzyudo bo‘yicha Leningrad chempioni, "Trud" ko‘ngilli sport jamiyati chempioni, Sobiq ittifoq kubogi sovrindori, "Jalgiris" va "Kalev" ko‘ngilli sport jamiyatlari chempioni hisoblanadi, bir necha marotaba OTMlar orasidagi chempionatlar g‘olibi bo‘lgan.

Putin 18 yoshida dzyudo bo‘yicha qora belbog‘ sohibi bo‘lgan.

Putin 1973 yilda sambo bo‘yicha, 1975 yilda dzyudo bo‘yicha sport ustasi nomini olgan.

1974 yilda lotereyada "Zaporojyets" mashinasini yutib olgan.

Universitetdan keyin Putinning yoshlikdagi orzusi ro‘yobga chiqqan, u KGB (Davlat xavfsizlik qo‘mitasi)ga ishga yuborilgan, agenturada ishlagan va yangi agentlarni yollash bilan shug‘ullangan.

Putin ancha yillar davomida tashqi razvedka idoralarida ishlagan, razvedka maktabida tahsil olgan.

1983 yil 28 iyulda Vladimir Putin va Lyudmila Putina turmush qurishgan.

Ular ikki qiz farzandli bo‘lishgan: Mariya va Katerina.

Putinning qizlari kollejlarda boshqa ismlar ostida o‘qishgan, ularning bolaligi GDRda o‘tgan.

Putin 1985-1990 yillarda GDRda Drezden do‘stlik uyi direktori lavozimi ostida razvedkachilik faoliyatini davom ettirgan.

Putin nemis tilini mukammal biladi.

U hanuzgacha Germaniyadagi ishining birinchi oylarini titroq bilan eslaydi: u telefon chalinib, u yerda nemis nutqini eshitib unga javob bera olmaslikdan juda qo‘rqqan. Unga bu qo‘rquvni yengish uchun 2 oy kifoya qilgan.

Putin 1991 yildan boshlab Sankt-Peterburg meriyasining tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlagan.

1994 yildan esa Sankt-Peterburgning o‘sha paytdagi meri Anatoliy Sobchakning birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyatini davom ettirgan.

Putin Sobchak bilan birga ishlagan kezlarda o‘sha paytda urf bo‘lgan qulupnay rang yoki yashil pidjak bilan "Adidas" sport shimini birga kiyib yurgan paytlari ham bo‘lgan.

1999 yilda Putin hammuallifligida dzyudodan amaliy mashg‘ulotlar bo‘yicha "Uchimsya dzyudo s Vladimirom Putinym" degan kitobi nashrdan chiqqan.

Putin sharq yakkakurashlaridan tashqari, tog‘ chang‘isi bilan qiziqadi va bu borada anchagina mahoratga ega.

Ko‘p yillardan beri geografik xaritalar va buyuk shaxslarning tasviri tushirilgan pochta markalarini to‘plab keladi.

Putin bir qator xorijiy mukofotlar bilan taqdirlangan. Ular orasida Fransiyaning Faxriy legioni ordeni katta xochi bor. Unga bu ko‘krak nishonini Fransiyaning sobiq prezidenti Jak Shirakning shaxsan o‘zi topshirgan.

Putin 10 ta shaharning faxriy fuqarosi va beshta xorijiy universitetning faxriy doktori hisoblanadi.

Shuningdek, tinchlikni saqlashdagi xizmatlari uchun "Konfutsiy nomidagi tinchlik mukofoti" sovrindori hisoblanadi.

Putin josuslar haqidagi romanlarni yaxshi ko‘radi. "Meni bir kishi butun bir armiyalar qila olmagan ishni bir o‘zi qilishi hammasidan ko‘proq hayratlantiradi", deb aytadi Putin.

2013 yil 6 iyunda Vladimir Putin va Lyudmila Putina 30 yillik birgalikdagi turmushdan so‘ng o‘z xohishlariga ko‘ra ajrashishlarini ma'lum qilishgan.

Putin baliq ovlash va tabiatda bo‘lishni juda yaxshi ko‘radi.

U 2013 yilda Tuvadagi ko‘lda hordiq vaqtida 21 kg lik cho‘rtan baliqni qarmoqqa ilintirgan.

Putinning qarorgohida ham juda ko‘p jonzotlar bor: to‘rtta iti – Koni laqabli labrador, ikkita pudel va Baffi laqabli bulg‘or ovcharkasi (karakachan), Skazka laqabli echkisi va uning bolasi, Vadik laqabli pakana oti bor.



Putin gohida jonzotlardan "ta'sir qilish quroli sifatida ham foydalanadi". Misol uchun, Germaniya kansleri Angela Merkel itlardan juda qo‘rqadi. Uning xodimlari kanslerning tashriflari vaqtida hech qayerda it bo‘lmasligi kerakligidan oldindan ogohlantirib qo‘yadilar. Biroq Putin Merkel bilan uchrashuvlaridan biriga iti bilan birga kelgan. Merkel o‘zini arang ushlab turgan, Putin esa undan hech narsadan xabari yo‘qdek, "It sizni cho‘chitmayaptimi?", deb so‘ragan.


Putin prezident bo‘lishidan biroz oldin uning hayotida noxush voqea yuz bergan: uning dala hovlisi ichidagi barcha narsalar va pullari bilan birga yonib ketgan, u esa oilasi bilan yong‘indan arang qutulib qolgan. U kul bo‘lgan vayronalar orasidan olovdan deyarli shikastlanmagan xochini topib olgan.

Putin qo‘l soatlarini faqatgina o‘ng qo‘lida taqib yuradi. Uning aytishicha, shunda soatning muruvati qo‘l panjalarini ishqamaydi.

Putin haqida o‘ndan ko‘proq hujjatli filmlar suratga olingan, "Noma'lum Putin", "Prezident birodari", "Putin tizimi, "55", "Devor", "Putin, Rossiya, G‘arb", "Haqiqiy Putin", "Men, Putin. Portret" shular jumlasidan.

Rossiya prezidenti haqida "Matbuot uchun bo‘lmagan bo‘sa" deb nomlangan badiiy film ham suratga olingan.

Suratlar: trinixy.ru
Mavzuga oid
13:51
FT: Rossiyada Telegram’ning 500 mln dollarlik obligatsiyalari muzlatib qo‘yilgan
09:20
Rossiya Venesuelaning vaqtinchalik prezidentini qo‘llab-quvvatladi
20:57 / 06.01.2026
Nestle xavfli toksin tufayli ko‘plab mamlakatlarda bolalar ozuqasini qaytarib olmoqda
15:25 / 06.01.2026