Jamiyat | 18:32 / 25.03.2017
20043
8 daqiqa o‘qiladi

Sabohat Hoshimova: "Dungan millati o‘zlarining kelib chiqishini Samarqand va Buxoroga bog‘lashadi!.."

Sabohat Hoshimova / Foto Kun.uz

Bugungi kunda Xitoy Xalq Respublikasi iqtisodiyotning ko‘pgina tarmoqlarida yetakchi mamlakatlardan biri. Ayni shu sababli, yurtimiz yoshlarining aksariyati mazkur davlatning ta'lim jarayoni, xitoy xalqi madaniyatini o‘rganishga katta qiziqish bildirishadi. Biz ushbu masalalarni hisobga olgan holda, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti “Xitoyshunoslik” fakulteti dekani, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Sabohat Hoshimova bilan suhbat uyushtirdik.
 

M: - Assalomu alaykum Sabohat opa! Suhbatimizni Xitoy Xalq Respublikasining ta'lim jarayonlari mavzusida boshlasak!?

C. H: - Xitoy Xalq Respublikasi qisqa muddatda yuksak iqtisodiy taraqqiyotga erishgan sanoqli mamlakatlar sirasiga kiradi. Ayni hozirda ham turli jabhalarda rivojlanish bo‘yicha peshqadamlardan biri bo‘lib kelmoqda. Albatta, bunday natijaga o‘z o‘zidan erishib bo‘lmaydi. Rivojlangan davlatlar tarixiga nazar solinsa, ular yetuk kadrlar tayyorlashga kunning dolzarb masalasi sifatida e'tibor qaratishgan. Ta'lim samaradorligini bosqichma bosqich oshirib borilishiga urg‘u berilgan. Xitoy ham mamlakat tashkil etilganidan (1949 yil) boshlab yoshlarni o‘qitishga, ta'lim-tarbiya jarayonini yaxshilashga kirishdi. Va bu o‘tgan asrimizning so‘nggi choragidan o‘z samarasini ko‘rsata boshladi. Iqtisodiyotning o‘sish sur'atlari barqarorlashib, ayrim davlatlarni ortda ham qoldira oldi. Mazkur diyorning ta'lim tizimi haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, shaxsan o‘zim bir necha yillar muqaddam Pekin universitetida xitoylik talabalarga o‘zbek tilidan dars berganman. Xizmat faoliyatim davomida shu narsaga amin bo‘lganmanki, xitoyliklar farzand tarbiyasiga katta ahamiyat qaratishadi. O‘z navbatida xitoylik yoshlar ham ilm egallashga chuqur yondashishadi. Hattoki, mamlakatning eng chekka hududlarida ham bolalarning ko‘zlari yoniqligidan, bilimga chanqoqligidan, hayratlanasiz. Umuman, Xitoy xalqi Konfutsiy ta'limotiga borib ulanadigan, “Buguningni ko‘zlasang sholi ek! Ertangni o‘ylasang farzandingni o‘qit!” mazmunidagi hikmatga amal qilishadi.

M.: - Bilamizki, Xitoyliklarning iyerogliflari soni mingdan ziyodni tashkil etadi. Va bu harflarni o‘zlashtirish statistik jihatdan eng murakkab yozuv va til deb topilgan. Bu xitoyliklarning o‘zlariga ham qiyinchilik tug‘dirishi tabiiy, menimcha!?

S. H: - Darhaqiqat, ular alifbosidagi iyerogliflar anchagina katta miqdorni tashkil etadi. Iyerogliflar soni 60 mingdan ziyod. Tan olib aytish kerakki, mamlakatdagi proffesorlar ham buncha ko‘p alifboni yoddan bilishmaydi. Lekin, shunday bo‘lsa-da, iyerogliflarni bilish talabi qat'iy qo‘yilgan. Misol uchun, maktab o‘quvchisi 3 ming, bakalavr talabasi 5 ming, magistrlar esa 8 mingta iyerogliflarni bilishi shart. Fan nomzodi, fan doktorlari 10 ming, 15 ming etib belgilab qo‘yilgan. Biz ham fakultetimiz talabalariga bakalavr bosqichini tugatgunga qadar 3 mingdan ziyodini bilishlikni talab qilib qo‘yganmiz. Soha qiziquvchilariga aytishim mumkinki, xitoy tilida so‘zalashish uchun 2 mingdan ortiq iyerogliflarni yodlay bilish yetarli bo‘la oladi.

M.: - Xitoyshunos mutaxassis sifatida o‘zbek va xitoy xalqining o‘zaro o‘xshash jihatlari bor deya olasizmi?

S. H.: - Albatta o‘xshash jihatlar mavjud. Qadimgi Xitoy hukmdorlaridan biri U Di zamonida davlatda beda ekilishi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu beda urug‘i Markaziy Osiyo mintaqasidan sovg‘a tariqasida yuborilgan bo‘lgan. Birgina mana shu misolning o‘ziyoq, do‘stona aloqalar azaldan rivojlanib borganini ko‘rsatadi. Yaqindagina zo‘r ishtiyoq bilan nishonlaganimiz Navro‘z ayyomidan olib qaraydigan bo‘lsak, bizni bayramimizda sumalak, ko‘ksomsa, chuchvara va boshqa milliy taomlar tayyorlanadi. Xitoyliklar bu kunda chuchvarani milliy taom sifatida pishirishadi. Shuningdek, mehmondo‘stlik, ochiqfel'llik va oliyjanoblik kabi ko‘plab go‘zal fazilatlar xalqlarimizning o‘xshash jihatlari bo‘la oladi.

Qolaversa, Pekin shahrida Xepingli nomli ko‘cha bor. O‘sha yerda musulmonlarning masjidi faoliyat ko‘rsatadi. Masjidga kirilganda ikkita qabrga ko‘zingiz tushadi. Qabrtoshga, “Bu yerga Samarqanddan kelgan beklar dafn etilgan!” – deb yozib qo‘yilgan. Ularni tarixi bilan chuqurroq tanishib chiqilsa, ular Samarqanddan taqdir taqozosi bilan borib qolgan savdogarlar hisoblanishadi. Balki, shu nuqtayi nazardan ham Xitoyning Dungan millati aholisining aksariyat qismi o‘zlarining kelib chiqishini Samarqand va Buxoroga bog‘lashadi. Mana shu misollar ham xalqlarimiz qarashlarining mushtarakligidan dalolat beradi.

M.: - Bundan bir necha yillar oldin teleekranlarimizda ancha ommalashgan Xitoy filmlarining tarjimoni hisoblanasiz. Shu va tarjimonlik haqidagi fikrlaringiz?

S. H.: - O‘zMTRK Yoshlar teleradiokompaniyasi bilan 2006 yildan hamkorlik qilib kelamiz. Xalqimiz tomonidan e'tirof etilgan dastlabki ishimiz “Yomg‘ir simfoniyasi” teleseriali hisoblanadi. Bunday filmlar 10 dan ziyodni tashkil etadi. Tarjima qilishning ham o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor. Shunday paytlar bo‘lganki, oddiygina ikki jumla gaplarni o‘zbekchaga o‘girish uchun kunlab vaqtlarimiz sarflangan. Ayrim so‘zlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘gira olasiz, lekin kezi kelganda, ayniqsa iboralar tarjimasi ishingizni murakkablashtiradi. U yoki bu xalqning dunyoqarashi, mentaliteti inobatga olinmasa, asar mazmuniga jiddiy putur yetadi.

Shuni alohida ta'kidlamoqchimanki, bugungi yoshlarimizning ko‘pchilik qismini hozirgi kunda bir sohada qotib qolayotganligini ko‘ryapmiz. O‘zimni sohamda kelib chiqadigan bo‘lsam, talabalarimiz xitoy tilini o‘rganishadi-da, ingliz, rus tillarini chetga surib qo‘yishadi. Vaholanki, qariyb bir asr muqaddam Behbudiy bobomiz “Ikki til emas, to‘rt til lozim” deb kuyinib gapirganlar. Biz mamlakatimizni jahondagi eng rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shishimiz uchun, tariximizni, bir necha tilni chuqur bilishimiz zarur. Yana bir narsa, ko‘p yoshlarimiz til o‘rganishda mobil tarjima ilovalardan foydalanishadi. Bu qaysidir ma'noda o‘zini oqlay olar. Ammo, mazkur mobil tarjima ilovalari ko‘p o‘rganuvchilarda dangasalik hissini kuchaytirib yubormoqda. Kitob mutolasidan chekintirib qo‘ydi. Yodlash xususiyatini pastlatdi ham. Avvalo, bilim egallash uchun kitob eng maqbul tanlov deb, bilaman.

M.: - So‘nggi savol o‘rnida, siz faoliyat ko‘rsatayotgan ta'lim dargohidagi rejalar va o‘zingizning kelajakdagi maqsadlaringiz haqida  aytib o‘tsangiz?

S. H.: - Fevral oyida Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan, Harakatlar strategiyasidan kelib chiqqan holda, biz ham fakultetimiz rivojlanishining besh yilligiga mo‘ljallangan istiqbolli rejalarni ishlab chiqdik. Unga ko‘ra, har yili xitoyshunos o‘qituvchilarimiz va talabalarimizning salohiyatini oshirish, sinxron tarjima mahoratini yuksaltirish maqsadida, eng intiluvchanlarini Xitoyga yuborish niyatidamiz. Kuz oylariga xitoyshunoslarimiz ishtirokidagi xalqaro konferensiya o‘tkazish va boshqa bir qator rejalarimiz bor.

O‘zimning ilmiy rejalarim haqida esa, bugungi kunga qadar 10 ga yaqin Xitoy tiliga mo‘ljallangan o‘quv qo‘llanmalar, 90 dan ortiq maqolalar e'lon qilganman. Ushbu ishlarning soni va sifatini oshirish va eng asosiysi yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida xizmat qiladigan yetuk xitoyshunoslarni tarbiyalashdir.
Fursatdan foydalanib, Kun.uz nashriga ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolaman! 

M.: - Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat! Tahririyatimiz nomidan sizga ham barkamollik tilaymiz.

Nurillo TO‘XTASINOV
suhbatlashdi.