O‘zbekiston | 18:29 / 30.09.2025
3103
4 daqiqa o‘qiladi

Barchangiz el-yurt hurmati va ardog‘ida bo‘ling! - prezident o‘qituvchi va murabbiylarni tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabrikladi. 1 oktyabr O‘zbekistonda o‘qituvchi va murabbiylar kuni sifatida nishonlanadi.

«Siz, azizlarni, hayotini dunyodagi eng ulug‘ va olijanob ishga – navqiron avlod ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlagan muhtaram ustoz va murabbiylar, sohaning barcha jonkuyar xodimlarini umumxalq bayrami – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman. Mana shunday quvonchli kunda siz, mehribon ustozlarga el-yurtimizning yuksak hurmat-ehtiromini yana bir bor izhor etib, barchangizga Yangi O‘zbekiston kelajagini yaratish yo‘lidagi mashaqqatli va sharafli mehnatingiz uchun chin qalbdan tashakkur bildiraman», deyiladi tabrik so‘zi boshida.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ta’lim sohasidagi islohotlar natijalari jahon hamjamiyatida katta e’tibor va qiziqish uyg‘otdi. Bu borada erishilgan yutuqlar xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun asos bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev kelajakda sohada amalga oshirilishi kutilayotgan bir qator chora-tadbirlarni sanab o‘tdi.

Jumladan, kelgusi yildan Qoraqalpog‘iston va barcha viloyatlarda Prezident maktablari kabi «Yangi avlod» bog‘chalari tashkil etilib, ularda tarbiyachilar ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘rganadi.

Yangi o‘quv yilidan 12 yillik maktab ta’limi hamda 9- va 11-sinf o‘quvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinib, ularning natijalari bo‘yicha bitiruvchilar bevosita texnikum va oliygohlarga kira oladigan tartib yo‘lga qo‘yiladi.

Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveytsariya, Xitoy, Koreya Respublikasi kabi rivojlangan mamlakatlarning ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, ularning ilg‘or o‘quv dasturlari joriy etiladi.

Dual ta’lim bilan qamrov 5 barobar oshiriladi. Yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, chet ellik investor va hamkorlar bilan erkin muloqot qilish uchun texnikumlardagi xorijiy til soatlari to‘rt karra ko‘paytiriladi.

Kelgusi yildan yangi, raqamli ochiq platforma ishga tushirilib, unda texnikum bitiruvchilarining kasbiy ko‘nikmalari haqidagi ma’lumotlar mahalliy va xorijiy ish beruvchilar uchun e’lon qilinadi.

Shu bilan birga, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida maktab maslahatchisi lavozimi joriy etilib, ular 7-sinfdan boshlab o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadi.

Kelgusi o‘quv yilida davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma joriy etilishi mo‘ljallanmoqda.

«Yurtimiz tarixidagi ikki buyuk Renessansni yaratgan ulug‘ mutafakkir va allomalarni ham o‘z vaqtida siz kabi o‘qituvchi va muallimlar tarbiyalab voyaga yetkazgan. Bu ezgu an’analarning davomchilari sifatida siz, azizlar ham bugun jonajon Vatanimizda barpo etilayotgan Uchinchi Renessans bunyodkorlarini kamol toptirishga munosib hissa qo‘shasizlar, deb ishonaman. Ana shunday olijanob maqsad yo‘lida sizlarga mustahkam sog‘liq, kuch-g‘ayrat, yangi yutuqlar va oilaviy baxt tilayman. Barchangizga hamisha el-yurtimiz, shogirdlaringizning hurmat va ardog‘ida bo‘lish nasib etsin!», deyiladi tabrik so‘zi yakunida.

Mavzuga oid