O‘zbekiston | 17:58 / 09.12.2025
5756
3 daqiqa o‘qiladi

2026 yilda 200 million dollarga 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 dekabr kuni paxtachilik va g‘allachilikni moliyalashtirishni samarali tashkil etish hamda agrar sohada subsidiyalar ajratish yangi tizimi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Qayd etilganidek, paxtachilik va g‘allachilikni moliyalashtirish, qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlash va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishga jami 29 trillion so‘m ajratildi. Sohaga 2,35 trillion so‘m subsidiyalar yo‘naltirildi.

O‘z mablag‘idan paxta yetishtirgan xo‘jaliklarga paxta qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratilishi natijasida 3430 fermer va klasterlar 151 ming gektar maydonda o‘z mablag‘i hisobidan paxta yetishtirdi va 1,9 trillion so‘m resurs tejaldi.

Kelgusi yilda paxta va g‘alla hosili, subsidiya va boshqa xarajatlarga jami 34,2 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgani, qo‘shimcha 200 million dollar mablag‘ jalb qilib, 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinishi ma’lum qilindi. Bu borada joriy qilinishi taklif etilayotgani yangi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari ko‘rib chiqildi.

Jumladan, 2026 yilda agrotexnik tadbirlar, shu jumladan plyonka va egiluvchan quvurlar uchun qo‘shimcha 5 trillion so‘m ajratish taklif qilindi. Hosil yetishtirishda kredit limitining 50 foizigacha foydalanganda, sotilgan paxta qiymatining 5 foizi miqdorida subsidiya ajratilsa, o‘z mablag‘i va qisman kredit hisobidan hosil yetishtiradigan fermerlar soni 4-4,5 mingga yetishi va ularning 2,5-3 trillion so‘m mablag‘i iqtisod bo‘lishi ta’kidlandi.

Shuningdek, o‘z mablag‘i hisobidan bug‘doy yetishtirgan fermerlarga 10 foiz subsidiya ajratish tashabbusi bildirildi.

Avvalroq, agrar sohada davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Agrar sohada to‘lovlar agentligi tashkil etildi. Taqdimotda agentlikka yuklatilgan vazifalar ijrosi qanday tashkil etilishi ko‘rib chiqildi.

Hozirgi vaqtda qishloq xo‘jaligida 52 turdagi subsidiya ajratilmoqda. Yangi tizimda ushbu jarayon tubdan soddalashtirilib, inson omili tubdan qisqartirilib, byurokratiya kamaytiriladi, arizalarni ko‘rib chiqish to‘liq raqamlashtiriladi va barcha jarayonlar “Agroportal” orqali amalga oshiriladi.

Buning uchun, “Agrosubsidiya” axborot tizimiga 10 dan ortiq vazirlik va idoralarning axborot tizimlari integratsiya qilinadi.

Jumladan, 2026 yil uchun mo‘ljallangan 1,3 trillion so‘mlik subsidiyalarni talabgorlar ishtiroki zarur bo‘lmagan holda davlat idoralari tomonidan proaktiv tarzda, qolgan subsidiyalar ayrim kelishish, xulosa olish va hujjatlarni rasmiylashtirish bosqichlarini chiqarib tashlagan holda soddalashtirilgan tartibda, ortiqcha ovoragarchiliksiz beriladi. Natijada subsidiya ajratish muddatlari keskin qisqaradi.

Davlat rahbari moliyalashtirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, subsidiyalarning manzilliligi va tezkorligini ta’minlash, barcha jarayonlarni raqamlashtirish va fermerlar uchun qulay sharoit yaratish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.

Mavzuga oid