Sport | 16:11
2275
3 daqiqa o‘qiladi

Noroziliklardan keyin JCh uchun 60 dollarlik chiptalar chiqariladi

Bunday arzon chiptalar cheklangan miqdorda bo‘ladi va har bir assotsiatsiya uchun ajratilgan kvotaning 10 foizini (stadiondagi jami o‘rindiqlarning 1,6 foizi miqdorida) tashkil etadi.

Foto: Fabrice Coffrini/AFP via Getty Images

FIFA 2026 yil yozida AQSh, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati uchun 60 dollarlik arzon chiptalarni sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqda. Bunday qaror butun dunyo bo‘ylab futbol muxlislarining chiptalar narxi bo‘yicha bildirgan keskin e’tirozlaridan keyin qabul qilindi.

«2026 yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionati saralashidan o‘tgan milliy jamoalarning muxlislari futbolning eng katta arenasida o‘z jamoalarini kuzatib borishini yanada arzonlashtirishga qaratilgan maxsus chipta tarifidan foydalanishi mumkin bo‘ladi», – deyiladi FIFA bayonotida.

Supporter Entry Tier deb nomlanadigan bunday chiptalar turnirdagi barcha 104 o‘yinga, shu jumladan finalga ham amal qiladi, ammo ularning soni cheklangan.

FIFA ma’lumotiga ko‘ra, bunday chiptalar jamoasi mundialga yo‘llanma olgan milliy futbol assotsiatsiyalari uchun ajratilgan kvotaning atigi 10 foizini tashkil qiladi va uning narxi 60 dollarga teng.

Har bir jamoaga o‘yin uchun chiqarilgan jami chiptalarning 8 foizi berilishidan kelib chiqib aytish mumkinki, bunday arzon chiptalar stadiondagi jami o‘rinlar sonining 1,6 foizi miqdorida (har ikki jamoaga 0,8 foizdan) chiqariladi.

Milliy assotsiatsiyalar futbol muxlislariga ushbu chiptalarni o‘z dasturlari doirasida taqsimlaydi. FIFA majburiy talablar qo‘ymagan, lekin «sadoqatli muxlislar» chipta olishda ustuvorlikka ega bo‘lishi kerakligini tavsiya etgan.

Fanatlarning «xiyonat» bo‘yicha ayblovi

FIFAning bu e’loni ko‘plab muxlislar 2026 yilgi jahon chempionatining birinchi turida narxlar 140 dollardan 2735 dollargacha bo‘lib ketganidan qattiq norozilik bildirishi ortidan berildi.

Pley-off o‘yinlari uchun narxlari yanada yuqori edi, xususan Nyu Jyersida bo‘lib o‘tadigan final uchun chiptalar narxi 4 185 dollardan 8 680 dollargacha belgilangan.

Bu avvalgi jahon chempionatlaridagi ko‘rsatkichdan ancha yuqori. Masalan, Qatarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi mundial finaliga eng qimmat chipta narxi 1600 dollar atrofida bo‘lgan.

Avvalgi jahon chempionatlaridan farqli o‘laroq, FIFA hozircha narxlar ro‘yxatini e’lon qilmadi, aksincha, ularni e’lon qilmasdan turli savdo vitrinalarida o‘zgartirdi. O‘tgan hafta FIFA o‘zining so‘nggi lotereya oynasini ochganidan so‘ng muxlislar narxlar o‘zgarganidan xabar topishdi, bu esa muxlislarga 13 yanvargacha chiptalar uchun ariza topshirish imkonini beradi.

Mavzuga oid