O‘zbekiston | 18:02 / 06.05.2021
10999
3 daqiqa o‘qiladi

Xorijiy tillar o‘qituvchilarining oylik maoshi ularning malakasiga qarab belgilanadi

Kelgusi yildan boshlab yangidan ishga qabul qilinayotgan chet tili o‘qituvchilariga milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi kiritiladi. Bu haqda chet tillarini o‘qitishni takomillashtirishga bag‘ishlangan videoselektorda ma'lum qilindi.

«Bundan buyon, xorijiy tillar o‘qituvchilarining oylik maoshi ularning malakasiga qarab belgilanadi. Xalqaro sertifikatning dastlabki va o‘rta daraja olgan o‘qituvchilarga – 40 foiz va yuqori natija ko‘rsatganlarga 50 foiz ustama belgilanadi. Bunda, yuqori ball olgan o‘qituvchilarga xalqaro sertifikat olish uchun test topshirish xarajatlari bir kishiga o‘rtacha 2 million so‘mgacha qoplab beriladi. Ishmetov ushbu maqsadlar uchun joriy yilda 50 milliard so‘m ajratsin», degan prezident Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi yildan boshlab yangidan ishga qabul qilinayotgan chet tili o‘qituvchilariga milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi kiritiladi.

«Yoshlarimiz chet tili o‘qituvchisi bo‘laman desa, harakat qilishlari lozim. Keyingi 3 yil davomida maktablardagi jami 53 ming nafar chet tili o‘qituvchilari xalqaro sertifikat olishlari zarur.

Ushbu ishlarga, xususiy ta'lim tashkilotlarini ham faol jalb qilib, yuqori ball olgan o‘qituvchilarga o‘qish xarajatlarining bir qismini qoplab berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Xalq ta'limi vaziri Shermatov viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga, ikki oy muddatda yaratiladigan qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanib, 1300ta vakant o‘rinlarni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirishi kerak. Bu haqda vazir bosh vazirga hisobot beradi. Vakantimiz bor, oyligimiz bor, lekin mutaxassisimiz yo‘q.

Bekzod Musayev, Sherzod Shermatov viloyat, tuman va shaharlar hokimlari bilan birga, joriy yil 1 sentyabrga qadar tanlab olingan jami 207ta maktabda barcha sharoitlarni yaratib, chet tillarini chuqur o‘rgatishni boshlashi kerak.

Ushbu maktablarda xorijiy kitoblar, ilg‘or o‘quv dasturlari va metodikalaridan erkin foydalanish hamda fanlarni chet tilida o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. Viloyat, tuman va shahar hokimlari Xalq ta'limi vazirligi va yangi Agentlik bilan birga, ushbu maktablarni zarur adabiyotlar,o‘quv dasturlari va qurollari hamda texnika vositalari bilan jihozlashga mas'ul bo‘ladi.

Umuman, viloyat hokimlari o‘z budjetidan maktablarda chet tilini o‘qitish sifatini oshirish uchun, har bir tuman va shaharga 1 milliard so‘mdan mablag‘ ajratsin. Bu og‘ir, lekin boshqa ilojimiz yo‘q. Ayrim yetakchi tumanlar bu mablag‘ni ikki karra ko‘proq ajratishi ham mumkin», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid