O‘zbekiston | 16:36 / 20.12.2024
7637
2 daqiqa o‘qiladi

Qarshida bir oilaning to‘rt a’zosi is gazidan zaharlangan - ekspertiza

Sud-tibbiyot ekspertizasi marhumlarning o‘limiga is gazidan o‘tkir zaharlanish sabab bo‘lganini ko‘rsatdi. Avvalroq “Hududgazta’minot” bu versiyani “ehtimoldan yiroq” deb atagandi.

Foto: Ochiq manbalardan olingan surat

Qarshi shahridagi xonadonda erkak va uning uch farzandi vafot etgani holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda, deya ma’lum qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, sud-tibbiyot ekspertizasi marhumlarning o‘limi “is gazidan o‘tkir zaharlanishdan” kelib chiqqanini ko‘rsatgan.

“Tekshirish davom etmoqda”, – deyiladi xabarda.

Avvalroq “Hududgazta’minot” kompaniyasi Kun.uz'ga holat bo‘yicha axborot berib, fojianing gaz yoki is gazi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini “ehtimoldan yiroq” deb baholagandi.

“Mutasaddi xodimlar ishtirokida tekshirilganda yerto‘lada o‘rnatilgan 2 dona isitish qozonlarining dudburonlarini bir-biriga bog‘lanish joyi ochiq holatda ekani, xonadonning yerto‘lasida joylashgan isitish qozonining ishlash jarayoni tekshirilib ko‘rilganda, tabiiy gaz bosimi bir me’yorda ekani, gazoanalizator bilan ko‘rilganda xonada gaz sizib chiqishi holatlari yo‘qligi, dudburonning tortish kuchini gugurt yordamida tekshirilganda tortish kuchi borligi aniqlandi”, – deya ma’lum qilgandi gaz ta’minoti idorasi.

Bosh prokuraturaning birlamchi axborotida esa, uy yerto‘lasida o‘rnatilgan zamonaviy ikki konturli isitish qozoni mo‘risining umumiy ventilyatsiya mo‘risiga ulangan qismidan is gazi chiqqani ta’kidlangan edi.

Eslatib o‘tamiz, hodisa Qarshi shahridagi uylardan birida 17 dekabr kuni tushdan keyin sodir bo‘lgan. Voqea oqibatida 46 yoshli erkak va uning 18, 16 va 10 yoshda bo‘lgan uch farzandi halok bo‘lgan.

Mavzuga oid