O‘zbekistonning yashil shaharlari reytingi e’lon qilindi
Respublikadagi 14 ta ma’muriy markazning ekologik reytingi tuzib chiqildi. Bu haqda 11 iyul kuni o‘tgan matbuot anjumanida Ekologiya vazirligi huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi ma’lum qildi. Shaharlar 100 balli tizimda baholangan. Namangan shahri 62 ball to‘plab, O‘zbekistondagi eng yashil shahar deb topildi.
Reytingning keyingi o‘rinlarida Samarqand 61,13 ball va Navoiy shahri 59,5 ball bilan mos ravishda 2-, va 3-o‘rinlarni egalladi.
Ekologik barqaror shaharlar reytingi hududlarni 7ta yo‘nalishda o‘rganish orqali tuzib chiqilgan. Bunda havo sifati, yerdan foydalanish, transport, suv, chiqindi, sanitariya va energiya sohalari qamrab olingan. Oxirida umumiy reyting natijalari hisoblab chiqilgan. Umumiy reytingda eng yomon natijani Toshkent viloyatining Nurafshon shahri ko‘rsatgan bo‘lsa ham, shahar eng toza havoli hudud deb topilgan.
Havo sifati bo‘yicha ikkinchi va uchinchi o‘rinni Samarqand va Urganch shaharlari egallagan. Eng yomon havo esa Termiz shahrida ekani qayd etilgan.
Yerdan foydalanish tahlillarida Samarqand, Qarshi va Namangan shaharlari eng yuqori ballarni to‘plagan. Bu yo‘nalishda eng past ko‘rsatkichlar Nukus va Navoiy shaharlariga tegishli. Reyting o‘rganishlari shaharda yashil hudud, bog‘lar va parklar kishi boshiga qancha to‘g‘ri kelishi, aholining zichligi va shaharda og‘ir sanoat qanchalik yoyilgani kabi talablar asosida olib borilgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, boshqa yo‘nalishlardan farqli ravishda yerdan foydalanish darajasi respublika shaharlarining aksarida juda yomon ekani qayd etilgan.
Transport sohasida esa kishi boshiga nechta transport to‘g‘ri kelishi, shaharning transport strategiyasi va yo‘lda mashinalar tiqinining qanchalik hal qilingani masalalari o‘rganilgan. Bunda Top 3talikka Andijon, Qarshi va Nukus shaharlari kiritilgan. Toshkent shahri esa transport eng yomon tashkillashtirilgan shahar deb topilgan.
Reytingning 4-yo‘nalishi shaharda kishi boshiga qancha suv to‘g‘ri kelishi, qanchasi isrof qilib yuborilayotgani, suvni yaxshilashga oid shahar me’yorlari, chiqindi suvdan foydalanish chora-tadbirlari kabilarni qamrab oladi. Buni nisbatan yaxshi tashkillashtirgan shaharlar sifatida Termiz, Andijon va Namangan shaharlari ko‘rsatilgan.
Chiqindilarni yig‘ish, ko‘mish va ularni qayta ishlash sohalarida esa Nukus shahri 8,59 ball bilan eng yaxshisi deb topilgan. Eng yomon ahvol esa Buxoro shahrida. Shaharda chiqindilarni yig‘ish va uning atrof-muhitga ta’sirini minimallashtirish bo‘yicha harakatlar 0 ball deb baholangan.
O‘rganishlarning oltinchi turi sanitariya bo‘lib, bunda aholining sanitariya qoidalari bilan tanishtrilganlik darajasi, kanalizatsiyaga ulangani va talabga javob beradigan hojatxonalardan foydalanish darajasi o‘rganib chiqilgan. Bu yo‘nalishda poytaxt eng yuqori o‘rinni egallagan, keyingi o‘rinlar mos ravishda Navoiy va Jizzax shaharlariga to‘g‘ri kelgan.
Oxirgi yo‘nalishda shaharda energiya va CO2 bo‘yicha tahlillar olib borilgan. Bunda kishi boshiga o‘rtacha yillik energiya iste’moli, shaharning energiya sabab bo‘ladigan uglerod gazlarini kamaytirish bo‘yicha strategiyasi kabilar o‘rganilgan. Bunda mos ravishda Navoiy, Buxoro va Termiz shaharlari birinchi 3talikka kirgan. Nurafshon shahrida esa bu ko‘rsatkich 0 ballga baholangan.
Mavzuga oid
17:38 / 23.12.2024
O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi
08:15 / 14.12.2024
Toshkent 200-o‘rinda: xorijlik mutaxassislar uchun 2024 yildagi eng yaxshi shaharlar reytingi e’lon qilindi
17:36 / 10.12.2024
XMT Markaziy Osiyodagi ishsizlik darajasi bo‘yicha ma’lumot berdi
01:51 / 10.12.2024