O‘zbekiston | 09:12 / 24.06.2020
5162
3 daqiqa o‘qiladi

Parlament, deputat va senator so‘roviga mansabdor shaxsning o‘zi javob beradi

2019 yilda 242 ta deputat so‘rovi muayyan idoraning birinchi shaxsi nomiga yuborilgan bo‘lsa, ularning 175 tasiga o‘rinbosarlar tomonidan, 13 tasiga quyi tashkilot rahbarlari va 2 tasiga umuman boshqa idora mansabdor shaxslari tomonidan javob xati yuborilgan.

Foto: Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolari tomonidan mansabdor shaxslar nomiga yuborilayotgan so‘rovlarga ularning o‘zi emas, balki turli darajadagi boshqa xodimlar javob berish holatlari uchrab turibdi, deyiladi parlament saytida.

Qayd etilishicha, bu “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunda mansabdor shaxs nomiga yuborilgan deputat (senator) so‘roviga mansabdor shaxsning o‘zi javob berishi lozimligi to‘g‘risidagi imperiativ normaning yo‘qligi bilan izohlanadi.

Qonunchilikdagi ana shu bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi kiritildi.

Qonunchilik palatasining joriy yil 23 iyun kuni bo‘lib o‘tgan majlisida mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar chog‘ida deputatlar tahliliy ma'lumotlarga e'tibor qaratdilar. Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan 2018 yilda mansabdor shaxslar nomiga jami 207 ta deputat so‘rovi yuborilgan bo‘lib, ulardan 120 tasiga javob tegishli mansabdor shaxs nomidan emas, boshqa shaxs nomidan kelgan. 2019 yilda esa jami 242 ta deputat so‘rovi muayyan idoraning birinchi shaxsi (rahbari) nomiga yuborilgan bo‘lsa, ularning 175 tasiga o‘rinbosarlar tomonidan, 13 tasiga quyi tashkilot rahbarlari va 2 tasiga umuman boshqa idora mansabdor shaxslari tomonidan javob xati yuborilgan.

Qonun loyihasi parlament, deputat va senator so‘roviga javob xati, so‘rov kimning nomiga yuborilgan bo‘lsa aynan o‘sha mansabdor shaxs tomonidan yoki uning vazifasini bajarish yuklatilgan shaxs tomonidan imzolanishi to‘g‘risidagi majburiy normani joriy qilishni ko‘zda tutadi.

Deputatlarning fikriga ko‘ra, qonun loyihasining qabul qilinishi deputatlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirishga, mansabdor shaxslarning xalq vakillari oldidagi mas'uliyatini oshirishga hamda vakillik demokratiyasining rivojlanishiga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid