Tramp Rossiyaga qarshi yanada jiddiy sanksiyalar haqidagi qonunni imzoladi
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya Federatsiyasiga qarshi yangi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Oq uy vakiliga asoslanib Amerika nashrlari xabar tarqatmoqda.
AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens ham bu ma'lumotni tasdiqladi.
AQSh Senati o‘tgan oyda Rossiya, Eron va KXDRga qarshi sanksiyalarni kuchaytiruvchi qonun loyihasini qabul qilgan edi. Bundan avvalroq, Vakillar palatasi aksar ko‘pchilik ovoz bilan uni tasdiqlagandi.
Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalar kengaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zi imzolagan qonunni nuqsonli deb atagan.
«Eron, Shimoliy Koreya hamda Rossiyaning tajovuzkor va beqarorlashtiruvchi harakatlarini jazolovchi va tutib turuvchi qat'iy choralarni qo‘llab-quvvatlasam ham, bu qonun juda nuqsonlidir.
Qonun loyihasini tezroq qabul qilishga intilarkan, Kongress unga bir qator konstitutsiyaga zid holatlarni kiritdi», degan u.
Bundan tashqari, Tramp davlat rahbarini Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish borasidagi mutlaq vakolatidan mahrum qilishga bo‘lgan urinishni tanqid qilgan.
Tramp qonun realizatsiyasi Ukraina inqirozini bartaraf etishga to‘sqinlik qilmasligiga umid bildirgan.
Rossiya iqtisodiyotiga qarshi yo‘naltirilgan qonun loyihasi sohaviy sanksiyalarni ko‘zda tutadi. Xususan, u Amerika sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan Rossiya banklarini moliyalashtirishning eng yuqori muddatini imkon qadar qisqartirib, 14 kunga tushiradi. Neftegaz sohasini moliyalashni 60 kungacha qisqartiradi. Qolaversa, bu sanksiyalar texnologik cheklovlarni o‘z ichiga qamrab olgan.
Bu galgi sanksiyalar o‘tgan safargisidan bir necha kuchli asoratlarga ega bo‘lishi mumkin. Yangi sanksiyalarga ko‘ra, rus banklari va moliya institutlarining G‘arbdan 2 haftadan ortiq muddatga mablag‘ ola olmasligi Rossiya iqtisodiyotini, energetika sohasini og‘ir ahvolga tushirib qo‘yadi va uzoq muddatli istiqbolda Rossiya iqtisodiyotiga jiddiy zarba bo‘ladi.
Ikkinchi sovuq urush nafasi: Putin javob yurishini amalga oshirdi