Jahon | 10:24 / 23.08.2016
4861
2 daqiqa o‘qiladi

Luizianada suv toshqinlari: Shtatning 106 mingdan ortiq aholisi hukumatdan yordam so‘radi

AQShning Luiziana shtatidagi eng yirik suv toshqini hududida hukumatdan yordam so‘rab murojaat qilgan kishilar soni 106 mingdan ortdi. Bu haqda shtat gubernatori Jon Edvardsga asoslangan holda TASS axborot agentligi ma'lum qilgan.

Qayd etilishicha, murojaatlarni qondirish uchun 20 mln dollarga yaqin mablag‘ talab etiladi.

Suv toshqinlari AQSh janubida 11 avgustdan buyon to‘xtovsiz quyayotgan jala oqibatida yuzaga keldi. Ko‘plab aholi punktlarida ko‘chalar, uy va do‘konlarning pastki qavatlari, mashinalar suv ostida qoldi.

Davomli yomg‘irlar tufayli Luiziana shtati janubi-sharqi va Missisipi shtati janubida ko‘plab daryolar qirg‘og‘idan toshgan.

12 avgust kuni gubernator shtatda favqulodda holat rejimini joriy qildi, u 10 sentabrga qadar amal qiladi.

Shu vaqtgacha bu tabiiy ofat qurboniga aylangan kishilar soni 13 nafar.

Toshqinlar oqibatida 40 mingga yaqin uy u yoki bu darajada shikastlandi. 30 mingdan ortiq kishi ko‘chirildi, ulardan 4 mingga yaqini vaqtinchalik joylashtirish markazlarida qolmoqda. 

AQSh rasmiylari Luizianadagi toshqinlardan bir hafta o‘tib shtatga 56 mln dollar ajratdi.

Mazkur mablag‘ning asosiy qismi — 39 million dollardan ziyodi jabrlanganlarni vaqtinchalik uy-joy bilan ta'minlash va tabiiy ofat hududidagi uylarda birinchi galdagi ta'mirlash ishlari uchun ajratilgan.

Shuningdek, federal g‘aznadan hozirgacha jabrlangan aholi, kichik va o‘rta biznesga ko‘mak uchun 3,5 million dollar berildi. Yana 2 million dollar AQSh transport vazirligi tomonidan toshqin hududidagi avtoyo‘llar, ko‘priklarni tezkor ta'mirlash uchun ajratildi.

Mavzuga oid