Iqtisodiyot | 15:51 / 27.10.2025
3243
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank savdodagi tarif va notarif cheklovlarni kamaytirishga chaqirdi

Timur Ishmetov narx-navoni oshirayotgan fundamental omillarni sanab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, inflatsiyani tushirish uchun raqobatni kuchaytirish, tarif va notarif cheklovlarni kamaytirish orqali tashqi savdoni erkinlashtirish, tovarlar importida konsentratsiya darajasini pasaytirish, energiya barqarorligini ta’minlash va transport infratuzilmasini yaxshilash talab etiladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda narx-navo barqarorligini saqlash uchun inflatsiyaning taklif bilan bog‘liq fundamental omillarini bartaraf etish kerak. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 24 oktyabr kungi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, inflatsiyaning tub omillarini bartaraf etish, jumladan, quyidagilarni taqozo qiladi:

  • ichki bozorda raqobat muhitini kuchaytirish;
  • tarif va notarif cheklovlarni kamaytirib borish bilan tashqi savdo erkinligini yaxshilash;
  • tovarlar importida konsentratsiyalashuv darajasini pasaytirish;
  • tovar va xizmatlar taklifini oshirish uchun energiya resurslarini yetkazib berish uzluksizligini ta’minlash;
  • yetarli darajada transport infratuzilmasi potensialini shakllantirish.

Shu bilan birga, davlat korxonalarini transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini faollashtirish, direktiv va imtiyozli kreditlash amaliyotini kamaytirish zarur.

Kapital bozorini takomillashtirib borish ham pul-kredit siyosati qarorlari samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

“Ushbu tarkibiy islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi iqtisodiyot tarmoqlari salohiyati va unumdorligini oshirishi orqali inflatsiyaning past va barqaror shakllanishi hamda yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlash imkonini beradi”, – dedi Timur Ishmetov.

Markaziy bank 2025 yil yakuniga inflatsiya 8 foiz atrofida shakllanishini kutmoqda.

Mavzuga oid