O‘zbekiston | 17:44 / 06.01.2025
11548
2 daqiqa o‘qiladi

Denovda ko‘prik ochilishiga bag‘ishlangan tadbirga yupun kiyimdagi o‘quvchilar jalb qilindi

Aniqlanishicha, o‘quvchilar tadbirda viloyat Madaniyat boshqarmasining topshirig‘i bilan yengil kiyimda qatnashgan. Bolalar ombudsmani taqdimnomasiga ko‘ra, bolalar sog‘ligini xavf ostiga qo‘ygan mas’ullar intizomiy jazoga tortilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida o‘quvchilar yupun kiyimda tadbirga jalb etilgan aks etgan video tarqaldi. Bolalar ombudsmani mazkur holat bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib bordi.

Aniqlanishicha, 6 dekabr kuni Denov tumani hududidan o‘tgan avtomobil yo‘li bilan bog‘lovchi temiryo‘l ustidan o‘tgan ko‘prik foydalanishga topshirilgan. Ko‘prikning ochilish marosimiga sovuq ob-havoda Denov tumanidagi 14 va 16-sonli musiqa maktablarining o‘quvchilari (16 nafar qiz hamda 4 nafar o‘g‘il bola) tumanning Madaniyat boshqarmasi topshirig‘iga ko‘ra yengil bayramona kiyimlarni kiygan holda jalb qilingan.

Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan e’lon qilingan mazkur tadbir suratlaridan ko‘rish mumkinki, unda ishtirok etgan viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda viloyat faollarining barchasi qalin kiyimda bo‘lgan.

Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Madaniyat vazirligiga bolalarning sog‘ligini xavf ostiga qo‘ygan mas’ullarga tegishli chora ko‘rish va bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan taqdimnoma kiritgan.

Taqdimnoma Madaniyat vazirligi tomonidan o‘rganib chiqilib, bolalarning sog‘ligi xavf ostiga qo‘yilgani yuzasidan hududning tegishli mansabdor shaxslariga nisbatan intizomiy jazo qo‘llangan.

«Shuningdek, vazirlik tasarrufidagi tashkilotlarga yuqorida qayd etilgan qonunbuzilish holatlariga takroran yo‘l qo‘ymaslik, o‘quvchilarni har qanday tadbirlarga asossiz jalb qilishni qat’iyan taqiqlash choralarini ko‘rishga oid ko‘rsatmalar Madaniyat vazirligi tomonidan berildi. Bolalar ombudsmani bola manfaatlari nuqtai nazaridan o‘z kuzatuvini davom ettiradi», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid