O‘zbekiston | 19:19 / 07.08.2017
14830
4 daqiqa o‘qiladi

Xatlangan mol-mulkni sotish bo‘yicha onlayn-auksionlar qanday o‘tkaziladi?

Prezidentning 27.07.2017 yildagi PQ-3149-son qarori bilan Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Norma.uz’ning yozishicha, joriy yilning 1 sentabridan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni sotish bo‘yicha auksion savdolari «E-IJRO AUKSION yagona elektron savdo maydoni orqali faqat elektron onlayn-kim oshdi savdolari shaklida o‘tkaziladi. 

Onlayn-auksionda ishtirok etishga haqli bo‘lmagan shaxslar:

•  sud, prokuratura, ichki ishlar organlari, davlat soliq va bojxona xizmatlari, shuningdek MXX xodimlari;
•  sotiladigan mol-mulkni ko‘zdan kechirish yoki baholashni amalga oshirgan tashkilotlar mutaxassislari va xodimlari, shuningdek “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” DUK (operator) xodimlari;
•  yer uchastkalari va yer uchastkalariga bo‘lgan mulkiy huquqlar realizatsiya qilinganda — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lmagan shaxslar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
•  Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida joylashgan turar ko‘chmas mulk sotilayotganda — Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan shaxslar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Mol-mulk elektron onlayn-auksionga qo‘yilishidan oldin qarzdor va undiruvchi o‘tkazilgan baholash haqida belgilangan tartibda xabardor qilinishi hamda ularga baholash natijalari yuzasidan shikoyat qilish uchun 10 kun beriladi. Davlat daromadiga o‘tkazish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari bo‘yicha sotilayotgan mol-mulk bundan mustasno.

Onlayn-auksionda ishtirok etishga buyurtmalar xabarnoma joylashtirilgan kundan boshlab operatorning portalida avtomatik tarzda qabul qilinadi va elektron onlayn-auksionni o‘tkazish kunidan oldingi kun soat 9-00 da yakunlanadi.

Buyurtma ERI bilan imzolanadi. Unga zakalat puli to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov hujjatning elektron (skaner qilingan) nusxasi ilova qilinadi. Uning miqdori mol-mulk baholangan qiymatining 5%ini tashkil etadi va operatorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Onlayn-auksion unda ishtirok etishga qo‘yilgan 2 yoki undan ortiq ishtirokchi mavjud bo‘lgan taqdirda ish kuni davomida soat 9-00 dan 18-00 ga qadar o‘tkaziladi.

Boshlang‘ich narx — auksion obektining baholangan qiymati. Auktsion boshlang‘ich narxni oshirib borish uslubida o‘tkaziladi. Auktsion qadami:

•  birinchi 4 qadamda — auksion obekti baholangan qiymatining 5%i miqdorida;
•  5- va undan keyingi qadamlarda — auksion obekti baholangan qiymatining 3%i miqdorida belgilanadi.

EKIHning 2000 baravaridan yuqori bo‘lgan mol-mulk realizatsiya qilingan taqdirda, auksion qadami obekt baholangan qiymatining 2%i miqdorida belgilanadi.

Muayyan holatlarda onlayn-auksion o‘tkazilmagan deb topilishi mumkin. 

Auktsion natijalari bayonnomada aks ettiriladi. G‘olib onlayn-auksion yakunlangan kundan boshlab 5 ish kunidan kechiktirmay mol-mulkning qiymatini to‘liq to‘lashi va to‘lov hujjatining elektron (skaner qilingan) nusxasini operatorga jo‘natishi lozim. Ushbu lot bo‘yicha to‘langan garov puli mol-mulkning qiymatiga qo‘shib hisoblanadi.

Mavzuga oid